Mas’ul muharrir:
SHOHIDA SHAHOBIDDINOVA
Taqrizchilar:
Z.XOLMONOVA
filologiya fanlari doktori, professor
Z.QODIROV
filologiya fanlari nomzodi, dotsent
UO‘K: 811.512.133(075.8)
KBK: 81.2O'zb-923
ISBN 978-9943-993-61-7
© Baxtiyor Mengliyev, 2018
© «Tafakkur bo‘stoni»nashriyoti, 2018
MUALLIFDAN
Ustoz, o‘zbek lingvistik tafakkuri rivojiga ulkan va beqiyos hissa
qo‘shdingiz. Ushbu kitobni Siz – atoqli olim Hamid G‘ulomovich
Ne’matovning porloq xotirasiga bag‘ishlayman.
Darslik oliy o‘quv yurtlari uchun 5220100 – Filologiya va tillarni
o‘qitish (o‘zbek tili) bakalavri yo‘nalishi “Hozirgi o‘zbek tili” o‘quv
predmetining namunaviy dasturi asosida yozilgan.
Ta’kidlash lozimki, o‘quv fanining avvalgi nomi (“Hozirgi o‘zbek
adabiy tili”) XX asrning ikkinchi yarmida yetakchilik qilgan, asosiy
maqsadi o‘zbek adabiy tili me’yorlarini yaratish, ona tili ta’limi uchun
lingvistik material va tavsiyalarni ishlab chiqish bo‘lgan o‘zbek
formal tilshunosligi ta’siri ostida shakllangan, an’ana sifatida o‘quv
rejasidan o‘quv rejasiga ko‘chib kelayotgan edi. Zero, jamiyat oldida
ommaviy savodxonlikni ta’minlash, adabiy nutq me’yorlarini
ommalashtirish, xalqning yozma yodgorliklarini nashr etish va yoyish,
ta’limni zamonaviy usullar asosida yo‘lga qo‘yish kabi amaliy
vazifalar turgan paytda eng samarali va qulay lingvistik tavsif va
ta’lim yo‘li formal usul bo‘lishi lozim edi. Shuning uchun jahonning
barcha ilg‘or mamlakatlari tilshunosligida XIX asrning ikkinchi
yarmidan boshlab bu ilmiy yo‘nalish keng ommalashdi. O‘zbek
tilshunosligida bunday yo‘nalishga Abdurauf Fitrat, Elbek, Qayum
Ramazon kabilar tomonidan asos solingan bo‘lsa-da, uning keng va
izchil ommalashishi tilshunos Ayyub G‘ulomov faoliyati bilan
bog‘liq. Bu davr tilshunosligi o‘zbek adabiy tili (aniqrog‘i, nutqi)
me’yorlarini tadqiq qilish davrini bosib o‘tdi va keyinchalik adabiy
nutq me’yorlarini ta’lim oluvchilarga singdirish o‘rta umumiy va o‘rta
maxsus ta’lim zimmasiga yuklatildi. Shu boisdan akademik litseylarda
bu vazifani ta’lim bosqichlariaro bog‘lanishga qo‘yilayotgan
takroriylikdan xolilik va uzviy aloqadorlik talabi asosida “Hozirgi
o‘zbek adabiy tili” o‘quv predmeti o‘z zimmasiga oldi.
XX asrning oxirgi choragida davr, maqsad va vazifalar tubdan
o‘zgardi, tilshunoslik, ijtimoiy ehtiyoj natijasi o‘laroq, sistem-struktur
tahlil usullariga o‘tdi, o‘zbek tilida lison va nutqni izchil farqlash
asosida tilimizning lisoniy sistemasi – lisoniy birliklari va
munosabatlarini tadqiq qilish – lisoniy imkoniyatlarni ochish
ustuvorlashdi. Tilga tafakkurni shakllantiruvchi va rivojlantiruvchi,
3
nutqiy muloqotda son-sanoqsiz shakl va ko‘rinishlarda voqelanadigan,
har bir voqelanish ko‘rinishi o‘ziga xos maqsad va vazifalarga ega
bo‘lgan imkoniyatlar xazinasi sifatida munosabatda bo‘lish kuchaydi.
Shuning uchun ushbu darslikda o‘zbek tilini sistem-struktur usul
asosida o‘rganadigan nazariy tilshunoslikning milliy ko‘rinishi –
substansial yo‘nalish xulosalari aks etganligi sababli u an’anadagidan
farqli ravishda “Hozirgi o‘zbek tili” degan nom oldi.
Bugungi kunda dunyo miqyosida filologiya bakalavri uch
yo‘nalishda tayyorlanmoqda:
1) nazariy filologiya;
2) pedagogik filologiya;
3) amaliy filologiya.
Mamlakatimizda bu yo‘nalishlardan nazariy va pedagogik
filologiya yo‘nalishi bo‘yicha bakalavrlar tayyorlanadi.
Nazariy filologiya bakalavri, asosan, ilmiy tadqiqot sohasiga
yo‘naltirilganligi bois, ular tilning lisoniy strukturasiga doir bilimlar
bilan qurollantiriladi. Shuning uchun ham o‘zbek tili bo‘yicha
filologiya bakalavriatida o‘zbek tili “Hozirgi o‘zbek tili” mazmunida
o‘qitiladi. Pedagogik filologiya yo‘nalishida esa ixtisoslik
xususiyatdan kelib chiqqan holda o‘zbek tili adabiy me’yorlarining
ilmiy asoslarini o‘rgatishga mo‘ljallangan “Hozirgi o‘zbek adabiy tili”
kursi o‘tilishi rejalashtirilgan. “Hozirgi o‘zbek tili” va “Hozirgi o‘zbek
adabiy tili” o‘quv predmetlarini shu yo‘sinda farqlamoq lozim.
Alohida ta’kidlash kerakki, o‘zbek tili strukturasi talqini adabiy til
birliklari asosida olib borilishi ham mantiqan to‘g‘ri. Zero, har qanday
lisoniy struktura til birliklarining adabiy variantlari asosida
tushuntirilishi ta’lim oluvchilarning turli sheva vakillari ekanligidan
kelib chiqadi.
Darslik o‘quv-metodik maqsadlarni ko‘zlayotganligi va o‘zbek
tilshunosligining ma’lum bir bosqichi (ya’ni, substansial yo‘nalishdagi
tadqiqotlar)ni yakunlovchi ish bo‘lganligi sababli unda H.Ne’matov,
A.Abduazizov,
E.Begmatov,
Sh.Bobojonov,
O.Bozorov,
I.Madrahimov,
N.Mahmudov,
B.Mengliyev,
S.Muxamedova,
M.Narziyeva,
G.Ne’matova,
A.Nurmonov,
Sh.Orifjonova,
Sh.Rahmatullayev, R.Rasulov, R.Safarova, B.Qilichev, S.G‘iyosov,
N.Shirinova,
Z.Yunusova,
N.Vohidova
kabi
tilshunoslarning
tadqiqotlariga tayanildi.
4
O‘zbek substansial tilshunosligi A.Fitrat, A.G‘ulomov, yetuk
namoyandalari
va
takomillashtiruvchilari
F.Abdullayev,
G‘.Abdurahmonov, M.Asqarova, O.Azizov, A.Borovkov, A.Hojiyev,
S.Ibrohimov, F.Kamolov, S.Karimov, A.Kononov, M.Mirtojiyev,
M.Mirzayev, A.Muxtorov, R.Qo‘ng‘urov, I.Rasulov, V.V.Reshetov,
U.Tursunov, F.Ubayeva, S.Usmonov, Sh.Shoabdurahmonov kabilar
asoschilari bo‘lgan o‘zbek formal tilshunosligining bevosita davomi
va unga asoslanishi sababli reallik, obyektivlik – lisoniy birliklarning
nutqiy voqelanish ko‘rinishlari va xususiyatlari tavsifida 1950–80-
yillarda amalda bo‘lgan darslik va qo‘llanmalarga ham tayanildi. Shu
sababdan darslikda 1950 – 54-yillarda O‘zFA TAI tomonidan turli
mualliflar tomonidan e’lon qilingan “Hozirgi zamon o‘zbek tili
kursidan materiallar” risolalar sirasidan boshlab oxirgi nashri 1992-
yilda
amalga
oshirilgan
U.Tursunov,
Sh.Rahmatullayev,
A.Muxtorovlarning “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” darsligigacha berilgan
tavsiflarga ham tayanildi.
Darslik bakalavriat bosqichidagi talabalar uchun mo‘ljallanganligi
bois unda fanimizning hali yechimini topmagan munozarali nazariy
masalalari chetlab o‘tildi.
Darslikning maqsadi o‘zbek tili substansial xususiyatlarining
hozirgi holatini lison va nutq farqlanishi nuqtayi nazaridan
tavsiflashdan iborat.
Substansial tahlilning bosh tamoyili asosida o‘zbek tili qurilishini
yoritishda lisoniy birliklarning mazmun tomoniga umumiylik,
mohiyat, imkoniyat, sabab (UMIS) va ularning voqelanishi natijasida
hosil bo‘lgan nutqiy birliklarning mazmun tomoniga alohidalik,
hodisa, voqelik, oqibat (AHVO) sifatida munosabatda bo‘lindi. UMIS
va AHVO tushunchalari sun’iy qisqartmalar emas, balki o‘ta muhim
ilmiy-falsafiy va metodologik umumiylik, ta’lim oluvchini ashyoviy
fikrlashdan uzib, unda dialektik tafakkur malakalarini hosil
qildirishning
muhim
vositalaridan.
Gnoseologiya
(bilish
nazariyasi)dan
ma’lumki,
xususiylik
umumiylikka
(demak,
alohidalik/xususiylik umumiylikka, hodisa mohiyatga, voqelik
imkoniyatga, oqibat sababga) nisbat berilmaguncha, u ta’riflangan,
tavsiflangan, o‘rganilgan deb sanalishi mumkin emas. Shuning uchun
lisoniy imkoniyatlar tilshunosligi bo‘lgan substansial tahlilda bular
yuksak umumiylikka ega bo‘lgan kategorial tushunchalar sifatida juda
muhim va darslikning maxsus bo‘limi ayni shu masala sharhiga
bag‘ishlanadi.
5
Do'stlaringiz bilan baham: |