www.ziyouz.com kutubxonasi
20
holda men sizga begona emas edim. Aka-ukaligimiz bor edi, a?
Asadbekning «sizni otuvdan olib qolgan men bo‘laman» demoqchi ekanini Elchin
fahmladi. Ko‘zi qorong‘ilikka o‘rganib, uyning chap tomonida do‘ppayib turgan tanchani,
devorga suyanib o‘tirgan odam qorasini ilg‘adi. Uchrashuv nima uchun qorong‘ida
bo‘layotganiga tushunmadi.
— Qamoqdan qaytgan ukadan xabar olish akadan lozim, deb o‘ylabman, — dedi Elchin
gina ohangida.
— Kelganingizni bilganimda uchib borar edim, — gap ohangida endi kinoya sezildi. So‘ng
ohang keskin o‘zgardi: — Hofiz, chaynalmasdan erkakcha gaplashaylik. Xotiningizning
o‘limida mening zarracha aybim yo‘q. Siz mening ziyofatlarimni gullatar edingiz. Sizni
yo‘qotishdan men nima naf ko‘rarkanman? Aksincha, zarar ko‘rdim. Siz kimgadir
yoqmay qolgansiz. Jallodni bizning ichimizdan emas, o‘zingizga o‘xshagan otarchilar
orasidan qidiring. Bir-biriga surma ichirib ovozlarini bo‘g‘adigan otarchilarning qo‘lidan
bundan battar ishlar ham keladi. Aybni bo‘yningizga olib, ahmoqlik qildingiz.
Chindan ham qotillik Asadbekning ixtiyorisiz sodir bo‘lgan va u aybdorni beayov jazoga
tortgan edi. Hozir buni aytmay, gunohkorni otarchilar ichidan qidirish kerak, deb qo‘ya
qoldi.
Elchin uchun Asadbekning gaplari yangilik emas edi. Qamoqda o‘tirganida gumonlar
ko‘chasi uni hamkasblari tomon ham boshlagandi. To‘g‘ri, «falonchi hofiz falonchi
ashulachining choyiga surma qo‘shib ichiribdi», degan gaplarni ko‘p eshitgan. Biroq, o‘z
ko‘zi bilan ko‘rmagan, bunday voqeaga shohid bo‘lmagan. Mana-man degan ashulachi
ikkita-uchta bo‘lsa shunday qilishi mumkindir. Hozir kunda bir arava qo‘shiqchi
yog‘ilayapti. Mikrofonni tumshug‘iga tirab kuchanadi. Ovozi bor-yo‘qligini ham bilib
bo‘lmaydi. Ammo har biri o‘zini zo‘r hofiz deb fahmlaydi. Latifa qilishlaricha, bir tasodif
bilan yuzta hofiz harbiyga chaqirilibdi. Zobit ularni safga tizib «bir chekkadan sananglar»
deb buyuribdi. Saf boshida turgani «bir» debdi, ikkinchisi «ikki» deyish o‘rniga u ham
«bir» dermish. Uchinchi... qirqinchisi ham «bir» dermish. Zobit achchiqlanib turganda
saf boshidagi unga asta tushuntiribdi: «O‘rtoq boshliq, biz ashulachilarmiz. Bizda
ikkinchi degan gap yo‘q, hammamiz birinchimiz». Hofizlar mayda qabihliklarni qilar-u,
lekin begunoh ayolni zo‘rlab, so‘ng yuragiga pichoq sanchishga jur’at etisholmas. Elchin
bunga qattiq ishonadi. Shu sababli ham Asadbekning gaplarini bee’tibor eshitdi. «O‘sha
voqeadan oldin odamlaringiz mendan boj talab qilishdi. Har oyda falon ming so‘mdan
to‘lab turishim lozim edi. Rad etdim. Shunda hazillashdik, deb meni ziyofatga olib
borishdi. U yerda hazillashib qimor o‘ynadik...» demoqchi ham edi, lekin «To‘g‘ri, ular
hazillashishgandi» degan javobni eshitishini bilib, indamadi.
— Mendan bir xatolik o‘tgan: hasadgo‘ylaringiz ko‘pligini hisobga olmaganman. Sizni
himoya qilishim kerak edi. Bir ashulangiz bor edi:
«O‘ynamasa kim o‘zganing nayiga,
Shum niyat-la tushadilar payiga!»
Siz endi o‘sha naychini qidiryapsiz, bilaman. Qidirmaganingizda sizni o‘g‘il bola demas
edim. Naychi bilan... allaqachon hisob-kitob to‘g‘ri bo‘lgan. Siz uni o‘ylamang. Siz...
uylandingizmi?
— Yo‘q.
— Tirikchilik nima bo‘lyapti?
— O‘zbekning to‘yi bor ekan, xor bo‘lmaymiz.
— To‘yning ham to‘yi bor. Kim aytsa boraversangiz obro‘yingiz qolmaydi. Siz eng zo‘r
ashulachi bo‘lishingiz kerak. Odamlar «xo‘p» deyishingizga mahtal bo‘lib haftalab
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |