Me’yor – bu miqdor va sifatning shunday bir birligiki, bunda muayyan sifat
faqat muayyan miqdor bilan bog‘liq. Me’yor – bu miqdor ko‘rsatkichlari yoki
o‘zgarishlarining tegishli sifat mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan muayyan oralig‘i
hamdir. Miqdorning me’yor doirasida o‘zgarishi sifatning o‘zgarishiga sabab
bo‘lmaydi, lekin me’yordan oshilganda narsa o‘zining avvalgi mohiyatini yo‘qotadi.
Miqdor va sifat o‘zgarishlarining o‘zaro bog‘liqligi haqidagi qoida umumiy
ahamiyat kasb etadi. U atrof borliqning barcha narsalari va hodisalariga nisbatan
o‘rinli, ya’ni dialektika qonuni kuchiga ega. U quyidagicha ta’riflanadi. Miqdor va
sifat o‘zgarishlarining bir-biriga o‘tishi qonuni narsaning miqdor va sifat
tomonlarining shunday bir o‘zaro aloqasini aks ettiradiki, uning ta’sirida miqdor
o‘zgarishlari me’yor chegarasidan chetga chiqib, albatta tub sifat o‘zgarishlariga
sabab bo‘ladi, bu sifat o‘zgarishlari esa, o‘z navbatida, yangi miqdor
ko‘rsatkichlariga olib keladi.
Bu qonunga muvofiq rivojlanish bir-biridan farq qiladigan, lekin o‘zaro
bog‘langan ikki bosqich – uzluksizlik va uzluklilikning birligi sifatida yuz beradi.
Rivojlanishda uzluksizlik – bu juda sust, ko‘zga ko‘rinmas miqdor o‘zgarishlari
bosqichi. Rivojlanishda uzluklilik sakrash deb ataladi.
Sakrash
– bu bir sifatning
boshqa sifatga aylanish vaqti, shakli, usuli, miqdor o‘zgarishlarining uzluksizligi,
bosqichma-bosqichligidagi uzilish. Masalan, sakrash – bu Erda hayotning paydo
bo‘lishi, hayvonlar dunyosidan insonning ajralib chiqishi, bir ijtimoiy tuzum o‘rniga
boshqa ijtimoiy tuzum kelishi, buyuk ilmiy va texnikaviy kashfiyotlar. Har qanday
sakrash rivojlanishda o‘tish davrini tavsiflaydi. O‘z tabiatiga ko‘ra u doim
ziddiyatlidir, chunki yangining tug‘ilishidan ham, eskining qarshiligidan ham dalolat
beradi.
SHunday qilib, miqdor va sifat o‘zgarishlarining bir-biriga o‘tish qonuni uning
rivojlanishning umumiy qonuni sifatidagi mazmuni haqida yaxlit tasavvur hosil qilish
imkonini beradigan «sifat», «miqdor», «me’yor», «sakrash» kategoriyalari yordamida
muayyanlashtiriladi. Mazkur qonun butun borliqning rivojlanishi, harakati va
o‘zgarishi qanday, qay tarzda yuz beradi, degan savolga javob berib, ob’ektiv
voqelikning har qanday sohasida yangi sifatga o‘tishning ichki mexanizmini yoritadi.
Ko‘rib chiqilgan qonunlar rivojlanish manbai va uning mexanizmini yoritib bersa,
inkorni-inkor qonuni – rivojlanishning umumiy tendensiyasini, uning yo‘nalishini aks
ettiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: