www.ziyouz.com
kutubxonasi
85
mavjud degani — bir-birlariga dushman, degan gap emas. Bugun bunday deb to‘ng‘illab,
ertaga tug‘ishgandan ziyoda ravishda apoq-chapoq bo‘lib yuradiganlar kammi dunyoda?
— Qani, o‘yladilaringmi, nima deysanlar? — Chuvrindi yigitlardan javob kutib, ularga bir-
bir qaradi.
— Yur, — dedi Kesakpolvon G‘ilayga, — bir narsa deb qo‘y.
G‘ilay unga ergashib, to‘daga yaqinlashdi-da, Chuvrindiga qo‘l uzatdi:
— Gap yo‘q, okaxon, — dedi jilmayishga harakat qilib. — Akam «Bek akalaring bilan
birga turinglar», deganlar. Boshqacha gap bo‘lishi mumkin emas. To‘g‘rimi? — u
shunday deb yigitlariga qaradi.
— Gap yo‘q, — dedi Asadbek bilan birinchi ko‘rishgan yigit. — Boshqalar ham tasdiq
ishorasini qilib, Chuvrindi bilan ko‘rishib chiqishdi.
— Endi shoshmalaring, bitta-bitta gaplashaman, — dedi Chuvrindi «bitim imzolash»
marosimi yakunlangach. Asadbek bo‘lajak suhbatda ishtirok etuvi shart bo‘lmagani
uchun iziga qaytdi. Kesakpolvonga «Yur» ham demadi, «Sen qol», ham demadi.
Kesakpolvon bundan o‘zicha xulosa chiqarib, Chuvrindining yonida qoldi. Natijada
«birga-bir» suhbatlashish fikri amalga oshmadi, suhbat «uchga-bir» tarzida bo‘lib o‘tdi.
Chuvrindi har yigitning zimmasidagi vazifasini so‘rab bildi. Oshiqcha so‘z aytmadi.
Ko‘rsatma ham bermadi. Kesakpolvonning esa bu suhbatdan ko‘ngli to‘lmadi. O‘ziga
zarur sir ololmadi.
«Tomonlar orasidagi muzokara» yakun topgach, Chuvrindi Asadbekning topshirig‘iga
ko‘ra G‘ilayga «Men bilan yurasan», dedi. G‘ilay bu amrga bo‘ysunmaganday
Kesakpolvonga qaragan edi, u «Boraver, seni o‘zim topaman», degan ma’noda imlab
qo‘ydi.
Hamma tarqaganidan keyin ham Kesakpolvon «Yalta»da bir oz turdi. Bo‘lib o‘tgan
voqealarni u yana fikr tarozusi pallalariga qo‘ydi. Buzuq tarozida narsa yuz tortilsin,
ming tortilsin — bir xil raqamni ko‘rsatib turgani kabi uning aql tarozusi ham yagona
fikrni ta’kid etardi: Asadbek bilan Chuvrindining harakatlarida o‘ziga qarshi holatni
ko‘rardi. «Hokimiyat» uzil-kesil Chuvrindi qo‘liga o‘tib, o‘zi chetlatilganday, hokimlik
martabasi emas, mulozimlik balchig‘i tomon pasayayotganday tuyulardi.
«Osonlik bilan jon beradigan ahmoq yo‘q!»
Kesakpolvon shu qat’iy qaror bilan iziga qaytmoqchi bo‘lib shart burildi-yu, ikki-uch
qadam qo‘ygach, katta it yetaklab kelayotgan yigitni ko‘rib, sekinlashdi. Kechasi bir
sidra qor yog‘ib o‘tgan bo‘lsa-da, hali qishning hukm o‘tkazishiga fursat bor, demak, it
urushtirish mavsumiga hali sal ertaroq edi. Bo‘ribosarning kattaligidan egasi qayish yoki
arqonga emas, zanjirga bog‘labdi. Yigit maydon o‘rtasidan kelayotgan Kesakpolvonni sal
chetlab:
— Aka, sal ehtiyot bo‘ling, odamga tashlab qoladigan odati bor, — dedi uzrli ohangda.
— Rosa yetkazibsan-ku, a? — dedi Kesakpolvon itga tikilib.
— Ko‘z tegmasin, deb qo‘ying, aka, — dedi yigit.
— Ha, ha, ko‘z tegmasin. Hali yoshga o‘xshaydi, a? Bu yil birinchi marta qo‘yasanmi?
— Bultur ikki marta qo‘yganman.
— Yutganmidi?
— Yo‘q, juda yosh edi.
— Hozir zo‘ri kimniki?
— Ahmadboy akamniki. Chempion-da.
— Bulturgi gapmi bu?
— Bu yil ham zo‘r. O‘tgan oddix qo‘yishdi.
— Vaqtli boshlabsanlarmi bu yil?
— Odamlar sog‘inib qolishgan-da.
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |