www.ziyouz.com
kutubxonasi
53
Yetakchining urushga jo‘natilganidan dahshatga tushdi. U urushning nima ekanini, el
boshiga qanday kulfatlar keltirishini bilmas edi. U urushning sovuq nafasidan emas,
sharmandalikning vujudni kuydiruvchi olovidan titrar edi. «Fashist zang‘arni bir-ikki oyda
enasinikiga kiritib qaytib kelishadi», degan umidli gaplarga ishonib, kutishdan o‘zga
chorasi yo‘q edi.
Ikki oy o‘tdi, uch oy... «Fashist zang‘ar enasinikiga kirishga» shoshilmadi. Umidli gaplar
o‘rnini vahimali mish-mishlar egalladi. Bu orada mish-mishlardan ham vahimaliroq,
dahshatliroq voqea yuz berdi— ko‘ngli aynib, holsizlanib yurgan Mohichehra yukli ekanini
fahmladi. Fahmladi-yu, qishloqdan ketishdan o‘zga chorasi yo‘qligini bildi.
Haydar — Kesakpolvon shaharda tug‘ildi. U urushdan titrayotgan dunyoni tezroq
ko‘rishga shoshildimi yo onasining sharmandali yukdan tezroq holi qilishni istadimi,
harholda muddatidan ertaroq tug‘ildi. Kattaroq telpakka sig‘ishi mumkin bo‘lgan
darajadagi mitti chaqaloqning bu dunyoda yashab qolishi gumon edi. Lekin bu valadi
zinoning jussasi kichik bo‘lsa ham umri qisqa emas ekan. U yoshiga to‘lmay turib, hali
erga tegmagan onasining «tug‘ib qo‘ygani» haqidagi xabar qishloqqa yetib bordi. Bu
sharmandali xabar qishloqqa bordi-yu, o‘rniga Yetakchining halok bo‘lgani haqidagi
shum xabar qaytdi. Mohichehra sharmandali yukni ko‘tarib yurishga chidamadimi yo
chindan ham «fashistdan o‘ch olmoq» qasdidami, harholda urushga jo‘navordi. Hatto
ijarada turgan uy bekasiga ham aytmadi. Ijara pulini to‘larmikin, deb kutayotgan ayolga
shu bola qoldi. Ayol taqdirga tan berib bir necha oy boqdi. Keyin... bolalar uyiga
topshirdi...
Kesakpolvonning tili bolalar uyida chiqdi. Bolalar uyida atak-chechak qildi. Bolalar uyida
esini tanidi. Asosiy hunari — o‘g‘irlikni ham shu yerda o‘rgandi.
Urush oyoqlab bo‘lgan, ammo dunyo tashvishlari ozaymagan edi. «Urush tamom bo‘lsa
ota-onam kelib, meni olib ketadi», degan umid bilan ulg‘ayayotgan bolalar, tushlarida
ota-onalarini ko‘rib, tongda ko‘z yoshi bilan ulg‘ayayotgan dili poralarning yorug‘lik
kunidan esa darak yo‘q. Yoshi kattaroq bolalar «Ota-onalarimiz urush asoratlarini
tugatish uchun uzoqlarda mehnat qilishyapti» yoki «Bizni qidirishyapti» deb o‘zlariga
o‘zlari tasalli berishardi. Urush nima ekanini, uning asorati ne ekanini bilmaydigan,
tasavvur ham qila olmaydigan Haydar — bo‘lajak Kesakpolvon esa ularga qo‘shilib umid
quyoshidan bahra olardi. U otasining o‘g‘il farzandli ekanidan, o‘zidan haromi bo‘lsa-da,
zurriyod qolayotganidan bexabar hayotdan ko‘z yumganini, onasining esa behush holda
asirga tushganini, urush tugab, asirlikdan qutulib, «Vatan xoini» degan la’nat tamg‘asi
bilan tumanli, sovuq o‘lkalarda azob chekayotganini, Haydar deb ism qo‘yib, begonalar
qo‘liga tashlab kelgan bolasini sog‘inayotganini, tonglarni ko‘z yoshlari bilan
qarshilayotganini bilmas edi.
Bolalar umid quyoshiga sig‘inib yurgan kezlarida ularning saflariga sakkiz-to‘qqiz
yoshlardagi bir bola qo‘shildi. Nonushta chog‘ida u Kesakpolvonning yonida o‘tirdi.
Berilgan nondan bir-ikki tishlagach, qolganini cho‘ntagiga yashirdi.
— Noningni nimaga yemading? — deb so‘radi Kesakpolvon.
Bola javob bermadi.
Kesakpolvon uning biqiniga turtib yana so‘ragach, bola yon-atrofga bir olazarak bo‘lib
olib, so‘ng past ovozda dedi:
— Oyimlarga beraman.
Bu gap Kesakpolvonni xayratga soldi:
— Hali oying bormi?
— O‘zingniki yo‘qmi?
— Mening oyim urushda.
— Urush tamom bo‘lgan.
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |