www.ziyouz.com
kutubxonasi
56
Kesakpolvon nafrat qanday izhor qilinishini bilmas edi. Otasi qamalganidan beri bunday
xorlik tuzini tatib ko‘rayotgan Asadbek qochmoqchi bo‘ldi. Ammo sinf rahbarining
omburday qo‘llari qulog‘ini burab, joyidan jildirmay qo‘ydi. Bolalarning ayrimlari unga
yaqinlashib, tap tortmay tupurdilar. Ayrimlari esa qo‘rqa-pisa «tuf» deb o‘tdilar. Sinf
rahbari istamayroq tupurganlarni to‘xtatib, nafratni astoydilroq izhor etishga majburladi.
Shu zaylda nafratlar izhor etilib bo‘lingach, sinf rahbari Kesakpolvonga qarab:
— Sen-chi? — dedi.
Dushmanlar ro‘yxatiga tushib qolmaslik uchun Kesakpolvon ham tupurdi. Bu dunyoning
ajabtovurligi shundaki, valadi zino halolga, o‘g‘ri to‘g‘riga tupurdi! Kesakpolvon
boshqalarga qo‘shilib «nafratini izhor» etdi-yu, «Hali bu abjag‘imni chiqarmasa edi», deb
qo‘rqdi.
Tanaffus paytida sinfning zo‘ri bo‘lmish Asad bolalarni chertmadi ham, so‘kmadi ham.
Hovliga chiqib, daraxtga suyanganicha ma’yus holda turaverdi. Ertaga qichishi mumkin
bo‘lgan yerini bugun qashib qo‘yishni o‘rganayotgan Kesakpolvon unga qo‘rqibgina
yaqinlashdi.
— Og‘aynichalish, sen mendan xafa bo‘lma. Agar tuflamasam mendan ko‘rardi.
Asadbek o‘ziga nisbatan yoshi ham, bo‘yi ham qisqa bu bolaga bir qarab oldi-yu,
indamadi.
— Peroni sen olmagansan. Otang dushman bo‘lgani uchun...
— Mening otam dushman emas! — dedi Asadbek o‘qrayib. Uning mushtlari tugilib,
vajohati o‘zgardi. Bolalar tupurayotganda bunaqa holga tushmagan edi.
— Men dushman demadim-ku! Ular shunaqa deb o‘ylasharkan-da. Sinfda bir narsa
yo‘qolsa yo sendan, yo mendan ko‘rishadi. Men detdom bolasiman. Demak, men ham
yomonman.
— Yomonliging to‘g‘ri. Peroni sen olgansan.
— Yo‘-o‘q, olganim yo‘q.
— Olding. O‘zim ko‘rdim.
— Ko‘rgan bo‘lsang... unda nimaga aytmading?
— Men sotqin emasman. Senga o‘xshagan o‘g‘ri ham emasman...
— Meni o‘g‘ri deyapsanmi?.. Ha, mayli, o‘sha perosini men oldim. Berib tur, desam
bermadi. Bermagandan keyin olaman-da. Agar o‘zi yo‘qotib qo‘yganida ham baribir
bizdan ko‘rishardi. Undan ko‘ra o‘zimiz olganimiz yaxshi emasmi? Ma, — u shunday deb
cho‘ntagidan pero chiqarib uzatdi, — egasiga ber. Yana qamatib yurmasin.
— O‘zing ber.
— Men nima deb beraman?
— O‘g‘irladim, deysan.
— Sendan ko‘rishyapti, o‘zing berganing yaxshi.
— Men bersam, men o‘g‘irlagan bo‘lib chiqaman.
Kesakpolvon bu gapni eshitib, birpas o‘ylandi-da, «Gaping to‘g‘ri, shu yerda tur», deb
nari ketdi. Turdialiev degani doimo ozoda kiyinib, bo‘yniga shohi qizil galstuk taqib
yuruvchi nimjonroq bola edi. Kesakpolvon uni chaqirib, panaroq joyga boshladi. Ammo
juda xilvatga o‘tishdan o‘zini tiydi. Asadbekning shu tomonga qarab turganiga ishonch
hosil qilgach, avval yaxshilik bilan gap boshladi:
— Peroyingni Asad o‘g‘irlaganini ko‘rdingmi?
— Yo‘-o‘q, — dedi Turdialiev.
— Bo‘lmasa direktoringga kirib ayt, peroimni yo‘qotib qo‘ygan ekanman, topdim, de.
— Senga nima? Seni o‘g‘ri qilmadik-ku?
— O‘g‘ri menman! — Kesakpolvon shunday deb uning kekirdagiga chang soldi: — Yo
aytasan, yo o‘lasan! Men detdom bolasiman, a? Aytasanmi yo yo‘qmi?
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |