www.ziyouz.com
kutubxonasi
64
bahslashardi.
Zohid «Ish»ni yana varaqlab, qiziqishi orta bordi. So‘ng Botirovni shahar qamoqxonasiga
ko‘chirish, qizni va boshqa guvohlarni tergovga chaqirish xususida kerakli hujjatlarni
tayyorlashga kirishdi. Lozim qog‘ozlar taxt bo‘lganida shom qorong‘usi cho‘ka boshlagan
edi.
Ikki kundan so‘ng uning xonasiga hali yigirmaga to‘lmagan qiz bilan yoshi ellikdan
oshgan, odmi kiyingan, qotmadan kelgan ayol kirib keldi. Zohid tergov boshlash uchun
qog‘oz-qalamlarini tayyorlayotgan damda qizga zimdan razm soldi. Sho‘xligi,
o‘yinqaroqligi bilinib turibdi. Ammo ko‘z qarashlarida buzuqlik alomati sezilmaydi.
Sunnatullaevga osilgan xonimchaday g‘arko‘z emas.
— Xola, iltimos, siz tashqariga chiqib turing. Avval qizingiz bilan gaplashib olay.
Zohid muloyimlik bilan murojaat etgan bo‘lsa-da, ayol zardali ovoz bilan javob qaytardi:
— Nima gapingiz bo‘lsa mening oldimda so‘rang. Sizlarni bilaman, sirtmoqni aylantirib
kelib qizginamning bo‘yniga tashlaysizlar. Uch yildan beri hali u yoqqa sudrab, hali bu
yoqqa sudrab, qizim sho‘rlikni jinni qilib yuboray dedingizlar.
— Agar mendan gumonsirayotgan bo‘lsangiz, marhamat, advokat yollang, advokat
ishtirokida so‘roq qilay.
— Advokatingizga to‘laydigan pulim yo‘q, — dedi ayol zardali ovoziga yana kuch berib.
— Advokatingiz nima-yu siz nimasiz... — ayol «bir go‘rsizlar», demoqchi bo‘ldi-yu, tilini
tiydi. Zohid uning fikrini uqib:
— Oq it, qora it — baribir itmi? — dedi piching bilan.
— Unaqa demoqchimasman.
— Siz meni birinchi marta ko‘rib turibsiz. Bu «Ish»ni men kavlab chiqarganim yo‘q.
Qizingiz sud nohaq, prokuror nohaq, deb katta idoralarga arz qilibdilar.
— Ha, arz qildi. Jinoyatni qilganlar ayshini surib yurishibdi. Siz bir sho‘rlikni qamab,
adolat bo‘ldi, deb kerilib yuribsiz.
— Uni men qamaganim yo‘q shekilli?
— Siz bo‘lmasangiz boshqasi. Men siz deb idorangizni aytyapman, — dedi ayol so‘ziga
aniqlik kiritib.
— Mening idoram ham qamamaydi. Siz jinoyatchilarning ayshini surib yurganlarini
qaerdan bilasiz?
— Qizimning o‘zi ko‘rgan ularni. Ko‘chada ko‘rgan. Bir sho‘rlik boyaqishning qamalib
yotishiga mening vijdonim chidamaydi.
— Qizingizni ariza yozishga siz undadingizmi?
— Qizim ahmoq emas, unda ham vijdon bor. Sizdaqalarda... — Ayol gap kelganda
otasini ayamaydigan toifadan edi. Xonaga kirganida «bu bola g‘idi-bidi desa bir boplay»,
deb ko‘ngliga tukkan edi. Zohidning muloyim muomalasi uni shashtidan qaytardi.
— Bizdaqalarda vijdon yo‘qmi? — dedi Zohid, uning chala qolgan gapini davom ettirib.
— Unaqa demoqchimasman... O‘zingiz o‘ylab ko‘ring: qizim bilan katta idoraga bordik.
Adolat qiling, bir boyaqishning umri zavol topmasin, dedik. Gaplarimizni eshakka aytsak
tushunardi, u odam tushunmadi. Qizim shunda «agar adolat qilmasangiz o‘zimni
yoqaman», dedi. U to‘nka nima deb javob qilganini bilasizmi?
— Siz aytsangiz bilaman.
— U to‘nka, qizimga gugurtini uzatdi. «Mang, yoqsangiz yoqing», dedi baloginaga
uchragur. Keyin menga «Siz chiqib turing», dedi. Men merov bo‘lmasam chiqarmidim?
Chiqdim. Insofga kirgandir, desam u qirchiningdan qiyilgur qizimga «Kechroq keling,
sizni zo‘r joyga ishga kiritib qo‘yaman», debdi. He, idorang boshingdan ordona qolsin-
a...
— Xolajon, bu gaplarni qo‘ying. Mening ishim boshqa. Mayli, menga ishonmasangiz
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |