www.ziyouz.com
kutubxonasi
61
O‘zingiz esa xalqning bir farzandini beayb qamatib yuborasiz. Mening bilganim faqat
Sunnatullaev. Siz yana nechta odamning umriga zomin bo‘lgansiz? Hech hisob-kitob
qilganmisiz? Siz minbarda ko‘pirib aytgan adolat boshqa, biz himoya qilmoqchi bo‘lgan
adolat boshqami? Adolatning rangi nechta o‘zi? Oddiy odamlar adolati jonsizu sizlarniki
O‘lmas Kashcheydek davron suraveradimi? O‘sha O‘lmas Kashcheyingizning joni qaysi
qutichada saqlanadi o‘zi? O‘sha qutichaga bizning qo‘limiz yetmaydimi? Undagi tuxumni
olib quritishga kim qodir?..»
Qahramon kampirshoga bo‘lgan qahrini xayolan sochib borayotgan Zohid bir zum
to‘xtab, o‘zidan-o‘zi nafratlandi. Shartta qaytishga, bu gaplarni uning yuziga tik qarab
turib aytishga jur’at qilolmagani uchun o‘zidan-o‘zi nafratlandi. Erkakning o‘zini nochor
sezishi — qalbi uchun og‘ir azobdir. Tan azobidan bir necha hissa ortiqroqdir. Tan
azobigayu malham em bo‘lar, qalb azobiga-chi? Duradgorning mixi tugasa, bir-ikki kun
nochor bo‘lar. Ammo adolat mix emaski, bu do‘konda bo‘lmasa, boshqasidan topib ishini
davom ettiraversa...
Zohid g‘ashlangan ko‘yi idorasiga yetib bordi. Navbatchi rahbari kutayotganini ma’lum
qilgach, «Telefondagi gapi chala qolgan ekan-da» degan fikrda uning xonasi tomon
yurdi.
Ichkaridan rahbarining baqirib aytayotgan gaplarini eshitib to‘xtagan edi, kotiba
«kiravering, kutyaptilar», dedi. Zohid eshikni ochib, ichkariga ikki qadam qo‘ydi-yu,
to‘xtadi. Rahbari qo‘lida bir tutam qog‘ozni ushlab, silkitganicha Zohidning hamkasbiga
tanbeh berardi. U Zohidning kirib kelganini ko‘rsa ham, e’tibor bermay, dag‘dag‘asini
davom ettirdi:
— Siyosiy ko‘rlikdan qachon qutulasanlar o‘zi?! Qachongacha men sen galvarslarni deb
dakki eshitaman? Sen, qovoqmiya, bularga nima deb ayb qo‘yyapsan?
— Banditizm... — dedi tergovchi.
— Ha, banditizm! Ko‘r emasman, o‘qidim, ayblovingni. Endi men shu ahmoqona
qog‘ozingga qo‘l qo‘yaymi? Senga qo‘shilib men ham partiya siyosatiga qarshi
chiqayinmi? Seni deb men ham qamoqda chiriyinmi? Sen menga ayt, KPSS yigirma
birinchi s’ezdi qarorlarini o‘qiganmisan? Ayt, o‘qiganmisan?
— Esimda yo‘q...
— Ha, esingda yo‘q. Esning o‘zi bormi, sen galvarsda? Sen uchun men o‘ylashim
kerakmi, a? Senlar jaraq-jaraq pul ishlayverlaring, boyvachcha bo‘lib kerili-ib
yuraverlaring. Men esa senlar uchun o‘ylab yuray, eslab yuray... Hozir chiqib, s’ezd
qarorlarini o‘rganib, keyin kelasan, — u shunday degach, qog‘ozlarni tergovchiga qarab
otdi. Qog‘ozlar mo‘ljaldagi manzilga yetmay, sochilib ketdi. Tergovchi qog‘ozlarni
yig‘ishtirayotganida rahbar Zohidga qaradi:
— Qani, dono yigit, sen bilasanmi, partiya qarorlarini?
— Partiyaning qarorlari ko‘p, qaysi birini aytyapsiz?
— Qara-ya, yaxshi eslatding, men ahmoq qarorlarning ko‘pligini bilmas ekanman. S’ezd
faqatgina banditizm haqida qaror qabul qilgan, deb yurarkanman, — dedi rahbar piching
bilan. — Qani, nima degan, sen menga ayt!
Zohid yelka qisdi: yigirma birinchi s’ezd qachon bo‘lganu nima degan, kimning esida
turibdi? Hatto partiyaning rahbarlari ham unutishgandir bu qarorlarini. Nafsilamrni
aytganda, o‘zini siyosiy hushyor, bilag‘on qilib, xodimlarini ezayotgan bu rahbar ham
s’ezdning faqat shu qarorinigina bilardi.
— Bilmaysanlar! Ha, bilmaysanlar, lekin donolik qilib, osmondan kelasanlar. O‘rgildim,
sendaqa donolardan! Senlardaqa yuzta dononi yig‘ib kelsa, bir gramm aql topilmaydi-yu,
yana karillaysanlar-a! Bilib qo‘ylaring: KPSS yigirma birinchi s’ezdi qarorlarida «SSSRda
banditizm barham topgan», deyilgan! Sen esa, — u tergovchiga barmog‘ini bigiz qildi, —
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |