Demokratiya haqida mulohazalar.
Milliy istiqlol bilan bog’liq bo’lgan butunlay yangi tarixiy-ijtimoiy voqelik,
demokratiya deganda domlalarimiz uqtirgan, falsafa fanida aniq mazmunga ega
bo’lgan «xalq hokimiyati» degan ancha sodda va yuzaki tushuncha mohiyatini
xiyla chuqurlashtirdi. Darhaqiqat, bungacha uning asl mazmuni, jamiyat
taraqqiyotida tutgan o’rni, inson haq-huquqlarini belgilashdagi vazifasi xususida
ko’p ham o’ylamaganmiz. Chunki bizda bunday sharoit ham, zarurat ham yo’q
edi.
«Qizil imperiya» demokratiyani o’zicha tushundi va bizni ham o’z
tushunchasi doirasida tarbiyaladi. Qarashlarimiz uning ta’sirida shakllandi.
Ongimiz va tafakkurimizga inson manfaatlariga, uning yashash huquqiga zid
bo’lgan g’oyalar singdirildi. Inson o’ylamaslik, fikrsizlik qobig’ida qolib
ketaverdi.
Demokratiya – kishilik tarixida insonning ongli hayoti boshlangan
davrdan boshlab, uning erk-irodasini, xohish-istagini belgilaydigan mezon bo’lib
kelmoqda. Albatta, bu borada kishilik jamiyati shakllanish davridan tortib to
tsivilizatsiyalashgan turmush tarzi, har jihatdan chuqur ildiz otgan davlatchilik va
shu asosda ma’lum tartib-qoidaga kirib qolgan aniq yo’nalishlar o’rtasida katta
farq bor. Chunki asrlar mobaynida odamlar dunyoqarashi o’zgarib, talab-
extiyojlari oshdi. Hayotga munosabatlari yangicha tus oldi. U har bir davrning
o’ziga xos mahsuli sifatida yangidan-yangi shaklga kira boshladi.
Demokratiya bevosita jamiyat taraqqiyoti, uning siyosiy, huquqiy,
ma’naviy va boshqa jihatlari bilan birga ana shu jamiyatni tashkil etgan aholi
umumiy dunyoqarashini o’zida mujassam etadi. Boshqacha qilib aytganda,
aholining turmush tarzi, an’analari va urf-odatlari asosida shakllangan
ma’naviy-ruhiy olami jamiyatda qaror topadigan demokratik jarayonlar
mazmunini belgilaydi. Aks hodda, demokratiya davlat mafkurasi asosida qurilsa,
uning o’z manfaatlariga mos keladigan siyosatiga xizmat qiladi. Agar demokratiya
siyosiy «o’yin»lar holatiga kirsa, mamlakatda parokandalik, anarxiya vujudga
keladi. Zero, har qanday davlat o’z huquqiy asosiga, siyosiy rejimiga
boshqaruvdagi aniq tamoyillariga ega bo’lmasa, fuqarolar esa o’z haq-huquqlarini
ximoya qilish bilan birga jamiyat va davlat oldidagi, o’z mamlakati istiqboli
yo’lidagi vazifalari va burchlarini to’la anglab olmagan taqdirda demokratiya
o’zining tom ma’nodagi mazmuniga va jahon tajribasida tan olingan mohiyatiga
ega bo’la olmaydi.
111
Jahon davlatchiligi tarixi turli davrlarda turlicha davlat tizimlarini va
boshqaruv yo’nalishlarini ko’rgan. Demak, inson va jamiyat, davlat va fuqaro
o’rtasidagi munosabatlar turli davrlarda turlicha tus olgan. Ana shundan kelib
chiqib er sharining turli mintaqalarida xalqlar dunyoqarashi, turmush tarzi,
an’analari va urf-odatlari asosida turlicha siyosiy rejimlar, tartib-qoidalar va
rusumlar dunyoga kelgan.
Jahon davlatchiligi tajribalari tobora boyib, xalqning o’zligini anglash
jarayoni tobora tezlashib borgani sayin demokratiyaning shakli, mazmuni va
uning jahon taraqqiyotida tutgan o’rni xususidagi munozaralar avj oddi. Ayniqsa XX
asr kishilik tarixida keskin burilish yasadi. Er kurrasida ikki qarama-qarshi
ijtimoiy-siyosiy tuzumning paydo bo’lishi dunyo davlatchiligi tajribasida va
jahon xalqlari tafakkurida turlicha bir-biriga zid bo’lgan g’oyalarni keltirib
chiqardi. Ana shu g’oyalar, tabiiy ravishda, o’zlari hukmron bo’lgan hududda
odamlar ongini o’zgartirib yubordi. Aniqrog’i, ular tafakkuriga singib ketdi. Ikki
lager o’rtasidagi bunday siyosiy, huquqiy, iqtisodiy va mafkuraviy raqobat
kuchayib, bir-birini maxv etishga urinishlar inson huquqlarini ma’lum bir tartibga
solib turish, uni himoya qilish maqsadiga yo’naltirilgan bir qator xalqaro
tashkilotlarning paydo bo’lishiga ehtiyoj tug’dirdi.
Totalitar tuzumda inson huquqlarining cheklanganligi, mafkuraviy
yakkahokimlik jamiyat ma’naviy taraqqiyotini cheklab qo’ydi. Bu–birinchidan.
Ikkinchidan, Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasida ozodlik uchun kurash, milliy
davlatchilikka zamin yaratish va shu asosda inson huquqlarini himoya qilish, har
tomonlama barkamol demokratik jamiyatni vujudga keltirishga intilish kuchaydi.
Natijada ana shu qit’alarda milliy ozodlik harakatlari avj oldi. Bu harakatlar
zamirida insoniyatning azaliy orzu-umidi–ozodlik va hurriyatga erishish, erkin
yashash ehtiyoji yotardi.
Qadim Sharqda azaldan huquqiy demokratik davlatchilik va fuqarolik
jamiyatining turli elementlari mavjud edi. Bunga uzoq o’tmishimizdan
qoraxoniylar, Xorazmshoh, temuriylar va boshqa qator sulolalar davlatchiligini
misol keltirish mumkin. Bu davrlar haqiqat va adolat g’oyasi nihoyatda baland
ko’tarilgani va butun mamlakatda aniq tartib-intizom o’rnatilgani natijasida inson
hayoti, aholi turmushi kafolatlanganligi bilan alohida ajralib turadi. Agar ana shu
davrlarda so’z va fikr erkinligi, g’oyalar xilma-xilligi mavjud bo’lmaganda edi,
bu qadimiy makonda fan, madaniyat va ma’naviyat rivojlanmagan, jahon
taraqqiyotiga bu darajada kuchli ta’sir ko’rsatmagan bo’lur edi.
Sharq uyg’onish davri va keskin yuksalish paytlarida dunyoviy ilmlar bilan
islom madaniyati nazariyasi va falsafasi uyg’un holda taraqqiy topdi. Uning
natijasida vujudga kelgan ma’naviy-axloqiy an’analar turmush tarzimizga aylanib
qoldi. Aks holda islom dinining buyuk namoyandalari, ulamo va fuzalolarining
dunyo tan olgan asosiy ko’pchiligi qadimiy Turon zaminida etishib chiqmas edi.
Bu bizga «din – af’yundir» deb o’rgatib kelgan, bizni xudosizlikka, imonsizlikka
va e’tiqodsizlikka da’vat etgan, jaholat yo’lini tutgan yolg’on mafkuraning
yolgon umridan darak berganidek, islom dini va Sharq turmushi falsafasining
abadiyatini, haqiqati va qadriyatlarining boqiyligini ham ko’rsatadi. Soxibqiron
Amir Temurning birgina «Kuch – adolatda» degan shiorida huquqiy demokratik
112
davlatning ham, fuqarolik jamiyatining ham ayrim belgilari, insonning yashash
huquqi, uning barcha erkinliklari ham mujassam bo’lgan. Ayni paytda xuddi ana
shular hozirgi zamon demokratik harakatlar ilg’or tajribalarining o’q ildizini,
bosh yo’nalishini tashkil etadi.
Albatta bu ancha-muncha munozarali masala. Mamlakatimizda yangi
tarixiy sharoitlarda yangicha davlatchilik qaror topayotgan bir paytda
demokratiya, fuqarolik jamiyati, aholi va jamiyat, fuqaro va davlat o’rtasidagi
munosabatlar turli soha mutaxassislari o’rtasida turlicha talqin etilmoqda. Biroq har
qanday xulosalardan qat’i nazar, shu narsa aniqki, qadimiy Sharq davlatchiligida
inson erki, haq-huquqlari ko’p jihatdan himoya qilingan hamda o’z davriniig
talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib, inson ozodligi va xatti-harakatlari erkinligi
ta’min etilgan edi. Bu ayni demokratik jamiyatning muhim va asosiy belgilaridan
hisoblanadi.
Endi biz butunlay yangi tarixiy sharoitlarda yashayapmiz. Jahon demokratik
jarayonlari tobora chuqurlashgan, uning imkoniyatlari ancha kengaygan,
odamlarning onglilik darajasi birmuncha oshgan bir paytda yashayapmiz. Jahon
voqealaridan va ijtimoiy-siyosiy jarayonlaridan xabardor bo’lish va bu
jarayonlarning mamlakatlararo, mintaqalararo va qit’alararo ta’siri tobora
kuchayib borayotgan bir sharoitda kun kechiryapmiz. Bularning barchasi inson
ongi, tafakkuri va qalbini hech qachon chetlab o’tmaydi. Endi demokratiyaning
shunchaki oddiy «erkinlik», «hurriyat», «ozodlik» degan tushunchalari va ayni
paytda «xalq hokimiyati» degan mazmuni ham birmuncha o’zgarmoqda.
Odamlar ongi va tafakkuri kengaygani sayin, ularning demokratiyaga
munosabatlari ham o’zgarmoqda. Ayni paytda demokratiya imkoniyatlari tobora
kengayib, miqyosi oshib bormokda.
Bizning yaqin o’tmishimizda «qizil imperiya» demokratik harakatlar
tamoyillariga mos keladigan inson erki va yashash huquqini ancha-muncha
chegaralab qo’ygan edi. G’oyatda zo’ravonlikka tayangan siyosat tabiatan
ozodlikni yoqtirmas va tom ma’nodagi demokratiyani tan olmas edi. Amerikalik
siyosatchi Diana Revich ta’biri bilan aytganda, «Totalitar siyosiy tuzumlar
sustlik va loqaydlik kayfiyatini rivojlantiradi. Tuzum itoatkor va labbaygo’y
fuqarolarni shakllantirishga intiladi. Bundan farqli o’laroq, demokratik
jamiyatning fuqarolik madaniyati aloxida shaxslar va guruhlarning erkin
ravishda ixtiyor etgan faoliyati tufayli shakllanadi. U mushtarak manfaatlar
zamirida birlashgan guruhlarni boshqalar bilan muzokaralar olib borish, kelishuvga
erishish va konstitutsion tizim doirasida ish olib borishga o’rgatadi. Ittifoq tuzish
sari intilar ekan, o’zaro farqlar mavjud guruxlar tinch yo’l bilan munozara olib
borish, o’z maqsadlariga demokratik yo’l bilan erishish va pirovardida xilma-
xilliklar mavjud dunyoda qay tariqa yashash kerakligini o’rganadilar».
Demokratiya bir yo’la qurilgan bino yoki doimiy bir xil tarzda o’zgarmay
turadigan buyum emas. Balki, u doimiy harakatdagi jonli hodisadir. Ayni paytda u
jamiyat taraqqiyoti va mavjud siyosiy rejim ta’sirida o’zini o’zi to’ldirib, boyitib,
yangi tarixiy sharoitlarda yangicha mazmun kasb etib boruvchi voqeliqdir.
Muxtasar qilib aytganda, demokratiya tajribaga asoslangan va doimiy
113
mazmunan boyib, shaklan barkamollashib, mohiyatan chuqurlashib boradigan
uzluksiz harakatdagi faoliyatdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |