www.ziyouz.com
kutubxonasi
67
adashmaydigan, uzoqni ko‘ra bilgan, turmushdosh tanlashda yanglishmagan ba’zi buyuk
ayollarimiz hayotidan misollar keltiramiz. Bularning boshida Mulxon qizi Ummu Sulaym
turadi. U madinalik, Ansor ayollari ichida eng avval islomni qabul qilganlardan. Nadr
o‘g‘li Molik bilan turmush qurgan edi. O‘g‘li Anas shu eridan. Ummu Sulaymning
musulmon bo‘lishi erini norozi qildi va xafa bo‘lib tashlab ketdi. Lekin Ummu Sulaym
musulmonlikdan qaytmadi. Dinida sobit qoldi. Biroz muddatdan so‘ng eri o‘lganini
eshitdi. Ummu Sulaym u chog‘lar yosh ayol edi. Shunga qaramasdan Alloh yo‘lida
harakatlandi. O‘g‘li Anasning yoniga bordi. Anas 10 yoshlarda edi. O‘g‘lini hazrat
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) xizmatlariga berdi.
Bu orada Madinada kuch-quvvat va boylikda peshvolardan, husn-tarovati va xulqi yaxshi
bo‘lgan bir yigit uni so‘rab keldi. Bu Abu Talha edi. Hali musulmon emasdi. Ummu
Sulaymga uylanishni istardi. Kuchli, boy, kelishgan Abu Talhaga madinalik har bir yosh
qiz turmushga chiqish orzusida edi. Vaziyat shunday bo‘lgach, taklif aytilishi bilanoq
Ummu Sulaym rozilik bilan darhol qabul etishi kutilardi. Lekin ne holki, Abu Talha hech
kutmagan so‘zni undan eshitib, hayajonga tushdi. Ayol shunday dedi:
– Ey, Abu Talha! Bilmaysanmi, sen topinayotgan “iloh” tuproqda o‘sgan bir daraxt va bu
yog‘ochni habash bir kishi yo‘nmadimi?
Abu Talha:
– Ha, shunday,-dedi.
Ummu Sulaym davom etdi:
– Sen tuproqda bitgan bir o‘tinga, taxta parchasiga sajda qilmoqdan uyalmaysanmi?
– Senga qimmatli boylik va mahr beraman, dedi Abu Talha baxtiyor va shod
yashashidan kibrlanib. Ummu Sulaym maromini buzmasdan qat’iyat bilan aytdi:
– Ey, Abu Talha! Senday erkaklar ortga qaytmaydilar, past ham ketmaydilar. Faqat sen
kofir bir odamsan, men esa musulmon bir ayolman. Agar musulmonlikni qabul etsang,
sening musulmon bo‘lishing – mening mahrim bo‘ladi. Sendan bundan boshqa boylik
istamayman.
Abu Talha ikkinchi kun ham keldi. Bu gal yana ziyoda boylik taklif etib, hamma
imkoniyatlarni ishlatishga va’da berdi. Lekin Ummu Sulaym so‘zida sobit turdi. Uning bu
saboti, Abu Talhaning ko‘z o‘ngida Ummu Sulaymni qiymatli qilib, yuksaltirib
yuborgandi. Go‘zalligini, jozibasini, sabr-matonatini ko‘rsatdi. Yana Ummu Sulaym
shunday so‘z boshladi:
– Ey, Abu Talha! O‘zing bilasan, topinayotgan ilohlaring duradgorlar tomonidan
yasalgandir. To‘g‘ri emasmi? Agar o‘t qo‘ysang yonib yo‘q bo‘ladi.
Bu so‘zlar Abu Talhaning boshiga bosqon bo‘lib tushardi. Abu Talhaning tuyg‘ulari
larzaga keldi va o‘z-o‘zidan shunday so‘radi: “Yagona iloh bo‘lgan Parvardigor
yonadimi?”. Va tilidan shu so‘zlar to‘kildi:
“Ashhadu al-la ilaha illallohu va ashhadu anna Muhammadan Rasululloh (Allohdan
boshqa iloh yo‘qligiga, Muhammad Allohning Rasuli ekaniga guvohlik beraman!)”
Shu onda so‘zlarni Abu Talhadan eshitib sevinch bilan mas’ud bir holda turgan Ummu
Sulaym:
– Ey, Anas tur, Abu Talhani uylantir, dedi.
O‘g‘li Anas darhol turib, nikoh uchun guvohlarni boshlab keldi. Shu tariqa uylanish
amalga oshdi. Abu Talha ham g‘oyat shod. Baxtiyor bo‘ldilar. Bu sevinch va mas’udlik
ichra borlig‘ini Ummu Sulaymga sochmoqni istardi. Faqat ayol ehtiromli va iffatli mo‘min
xotinlar kabi turib shunday dedi:
– Ey, Abu Talha! Men sen bilan Alloh uchun turmush qurdim. Shuning uchun, boshqa
mahr kutmayman!
Ayollarga xos masalalar. Fotimaxon Sulaymon qori qizi
Do'stlaringiz bilan baham: |