www.ziyouz.com kutubxonasi
292
kengayib bormoqda edi. Yomg‘ir fasli avjiga chiqsa, keyin bir-ikki oy Panjobda qolib
ketishi, bu orada Akbar yetib kelib, uni tor-mor qilishi muqarrar. Muhammad Hakimga
akasi toshqin daryodan ham qo‘rqinchliroq tuyuladi. Shuning uchun tavakkal bilan
qo‘shinini telbalanib oqayotgan daryoga boshlab kirdi. Hind daryosining ayovsiz
to‘lqinlari orasida uning mingdan ortiq bek-u navkarlari g‘arq bo‘lib ketdi. Zo‘r oqim
Muhammad Hakimning o‘zini ham girdobiga tortib ketayotganda, suvchi yigitlari uni
mesh yordamida zo‘rg‘a qutqarib qoldilar va bir amallab narigi qirg‘oqqa olib chiqdilar.
Akbar uni ta’qib etib Nilob bo‘yiga yetib kelganda inisi allaqachon Kobulga borib
ulgurgan edi. Ellik mingdan ortiq askarni ovora qilib Kobulga borib yurmaslik uchun
Akbar daryo bo‘yida to‘xtadi-yu, inisiga odam yubordi, uni shu yerga chaqirtirdi. Lekin
gunohi juda og‘ir ekanini sezgan ini o‘zi kelishdan qo‘rqdi. O‘n uch yashar o‘g‘li
Kayqubodni javob maktubi bilan yubordi-yu: «Men shayton vasvasiga berilib xato
qildim, agar afv etsangiz, qolgan umrimni Kobulda sizga sadoqat saqlab o‘tkazgaymen»,
degan gaplarni yozdi. Bu gaplar nosamimiy ekani sezilib turardi. Muhammad Hakim
hozir saraton oyida yomg‘irlar avjiga chiqib, daryolar toshganini, Akbarning qo‘shini hali-
beri shimoliy qirg‘oqqa o‘tib kelolmasligini bilardi. Yomg‘ir fasli tugaguncha kuz kiradi.
Hindikush tog‘lariga qor tushadi, Haybar devoni yopiladi. Akbarning ko‘pchilik askarlari
sovuqqa bardosh berolmaydigan hindistonlik yigitlar, fillar ham qorli yo‘llardan
yurolmaydi. Akbar shunga qaramay Kobulga sovuqda qo‘shin tortib keladigan bo‘lsa
Muhammad Hakim uni yengishi oson bo‘ladi.
Inisining bu makkor rejasini payqagan Akbar:
— Yaxshilikcha yechib bo‘lmaydigan tugunni qilich bilan kesmoqdan o‘zga iloj yo‘q! —
dedi.
Daryo suvi asad oyida sal pasayishi bilan butun qo‘shinini shimoliy qirg‘oqqa olib o‘tdi.
Shahzoda Salimni toshqin daryodan o‘tkazishda Albert Pereyro o‘zining suvda suzishga
naqadar ustaligini hammaga ko‘rsatdi. Uning zo‘r dengizchi bo‘lganiga o‘sha kuni Akbar
ham ishondi.
Daryodan o‘tishda padre Monserratening yuragi yomon bo‘ldi, uni endi qorli Haybar
dovonidan olib o‘tish xatarli edi. Shuning uchun Akbar Monserrateni Odinapur*da Bobur
bobosi bunyod etgan Bog‘i Vafoda qoldirdi. Albert Pereyro esa Akbardan iltimos qildi:
— Hazrati oliylari, ijozat bering, men ham Kobul yurishiga ishtirok etay. Bo‘sh vaqt
bo‘lganda shahzodalarga xalfa sifatida til o‘rgaturmen.
— Til bilan birga dengizchilik, kemasozlikdan ham saboq bering.
— Bajonidil, hazratim! Agar munosib ko‘rsangiz, umrim oxirigacha sizga-yu
shahzodalarga xizmatda bo‘lmoqchimen!
Akbar hayron bo‘lib so‘radi:
— Umringiz oxirigacha? Demak, Farangistonga qaytmoqchi emasmisiz?
— Albatta, tug‘ilgan yurtim Portugaliya menga behad aziz! Ammo biz tomonlarda jaholat
kuchli, sal boshqacha fikr yuritsangiz, gulxanga tashlab o‘ldirgaylar. Farangi
qulfurushlarning ishlaridan ham bezor bo‘lganmen. Sizning dargohingizda ruhim
yayramoqda. Bu yerda barcha imon-u e’tiqodlar barobar. Turli millat vakillari yakdil.
Sulhi kull menga behad yoqdi. Sizga sodiq fuqaro bo‘lmoqchimen!
Akbar farangilarning xufiya ish olib borishda qanchalik ilgarilab ketganini va qanaqa
yangi usullar kashf qilganini hali bilmas edi. Albert hatto o‘z nomini Alibek qilib
o‘zgartirib, Akbarga astoydil ixlos qo‘yganiga uni ishontirdi.
— Padrelar bizni o‘z dinlariga o‘tkazmoqchi edilar, aksincha bo‘ldi-ku! — deb, Akbar ich-
ichidan quvonib qo‘ydi.
Shundan keyin Alibek Salimning xos navkarlari qatorida Kobul yurishiga birga olib
ketildi.
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |