www.ziyouz.com kutubxonasi
207
— Onangiz hokimiyatning rohatidan ko‘ra, azobini ko‘p ko‘rib, yurak oldirib qo‘yganlar.
Hozir butun e’tiborlari maqbara qurilishi bilan band. Ammo Mohim enaga davlat ishlarida
o‘zlarini suvdagi baliqdek yaxshi sezadilar. Enaga uchun hokimiyat hali yangi, tansiq
narsa, o‘zlari to‘ysa ham, ko‘zlari to‘ymaydir.
Bu gaplarda kinoya borligini sezgan Akbar yana enagasini himoya qila boshladi. Chunki
Bayramxon voqealarida ham barcha xavf-xatarni o‘z zimmasiga olib, Akbar tomonda
qat’iy turgan, unga eng ko‘p yordam bergan va oqilona yo‘llar ko‘rsatgan odamlarning
biri Hamida begim bo‘lsa, biri Mohim enaga edi.
Otalig‘i aytgan ming otli aravaning barcha tizginlarini Akbar o‘z qo‘liga olgach, uning
imzosini kutayotgan qog‘ozlar, hukm-u farmoniga muntazir muammolar, inoyati yoki
jazosiga, ruxsati yoki e’tiboriga qarab turgan odamlar shu qadar ko‘payib ketdiki, yosh
podsho ularning hammasiga vaqt yetkazolmay qoldi. Shunday paytda yana enagasi
yordamga kelgan bo‘lsa, buning nimasi yomon? Akbar bolalik paytlaridan beri enagaga
so‘zsiz ishonib o‘rgangan. Hozir ham uning qirmizi bo‘yoq surtib bosiladigan katta oltin
muhri ko‘pincha Mohim enaganing qo‘lida turadi. Shu muhr bosilmaguncha, xazina hech
kimga pul bermaydi. Shu muhr bosilmasa, bek-u a’yonlar yangi martabalar va jogirlar
ololmaydi. Mohim enaga hammani o‘z qo‘liga qaratib qo‘ygani uchun uning nomi saroy
ahlining tilida doston bo‘ldi. Mohim enagani: «Dono kayvoni bo‘lmasa ayol boshi bilan
Bayramxonday odamni yengib chiqarmidi!» deb mubolag‘a qiluvchilar ko‘p. Hozir Mohim
enaga qaerga qo‘lini cho‘zsa yetadi, istagan odamiga katta martabalar bera oladi.
Enaganing o‘g‘li Adhamxon Jamna bo‘yidagi katta mulkning egasiga aylandi.
Adhamxonning uch ming navkari bor, har oy xazinadan yigirma ming rupiy moyana
oladi. Mohim enaganing eng suyukli o‘g‘li mana shu Adhamxon. Saroy ahli: «Mohim
enaga Adhamxonni Munimxonning o‘rniga bosh vazir qilib ko‘tarmaguncha
tinchimagay», deb pichir-pichir so‘zlashganlari Salima begimning qulog‘iga ham
chalingan.
Hozir xobgohda Salima Akbarga shuning hammasini aytib berdi-yu:
— Enagangizni ehtiyot qiling, hazratim, — dedi. — Nochorgina hayot kechirib yurgan
mushtipar ayol edi. Selday oqib kelayotgan boylig-u obro‘-e’tibor bechorani boshqa
yoqqa oqizib ketmasin.
— Buni onamga ham ayting, — dedi Akbar. Uchovlashib, enagamning xatti-harakatini
yaxshi tomonlarga burib turaylik.
Mohim enaga tabiatan yaxshilikka moyil ayol edi. Akbar uning qizlar uchun maktab-
madrasa ochish niyati borligini bilardi. Enaga boyliklarining bir qismini shu xayrli ishga
sarflashi uchun Akbar:
— Istasangiz, qizlar madrasasini Dehlida oching,— deb maslahat berdi.
— Siz ijozat bersangiz, bajonidil ochgaymen!
Bu madrasa uchun Mohim enaga Nizomiddin avliyo maqbarasiga yaqin joydan ikki
oshiyonlik ulkan bir binoni bog‘-hovlisi bilan sotib oldi. Otinoyilar dars beradigan qizlar
madrasasi Dehli uchun juda katta yangilik bo‘ldi. Ko‘p podsho-yu malikalar qilmagan
ishni Mohim enaga qilganligi uning el-ulus orasidagi shuhratini yana bir daraja oshirdi.
Mohim enaganing endigi istagi — bir hafta ulkan to‘y berib kelin tushirish va unga
barcha viloyatlardan oliy mehmonlar chaqirish edi. U to‘y to‘g‘risida eng avval Hamida
begim va Akbardan maslahat so‘radi:
— Dalv oyida, salqin paytda o‘tkazgan ma’qul, — dedi Hamida begim. Enaga uning bu
taklifini qabul qildi.
— Ungacha hali ikki oy bor, barcha viloyatlardan eng nufuzli odamlarni taklif etgaymiz,
— dedi enaga.
— Hammasi kelsa hovlingizga sig‘armikin? — so‘radi Akbar.
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |