www.ziyouz.com kutubxonasi
203
— Og‘ir jarohatlar meni tez qaritdi, begim. Sinmagan joyim qolmagan edi. Hali ham...
Siz bilan... hazrat ikkovlaringiz... Sind viloyatida quvg‘inda yurgan paytlaringizda menga
madad berdilaringiz.. Bo‘lmasa allaqachon o‘lib ketardim.
— Hayriyatki, yana ko‘rishishga muyassar bo‘ldik. Sizga aytadigan qancha gaplarim
dilimda qolgan. Men uchun siz poklik timsoli edingiz, sohib Nizom!.. Hazratim ham sizni
avliyodek sofdil yigit deb ulug‘lar edilar.
— Avliyo emas, osiy bandamen, — dedi Nizom. — Uchalamiz bir vaqtlar maktub orqali
xabarlashgan edik, hozir ham bu yerda uchalamiz... hazrat Humoyunning ruhlari men
uchun tirik. Insonning pokligi — dilidagi e’tiqodi bo‘lur. Kiyim toza bo‘lmasa ham, dil pok
bo‘lsa, bunday dilni muqaddas bilib, unga sig‘inmoq mumkin. Men ham Jamnada birga
suzib yurgan paytlarimda sizning siymongizda samoviy bir nur ko‘rganmen. Bu nur
o‘shanda ko‘zlarimga kirib makon qurgan edi, haligacha ko‘zlarimni yumganimda
qorachigim orasida siz ko‘ringanday bo‘lursiz, Hamida begim.
Humoyunning qabri yonida aytilayotgan bu so‘zlardan Hamida bonu o‘ng‘aysizlana
boshladi. Buni payqagan Nizom:
— Keksayganda izhori dil qilmoqda deb o‘ylamang, begim, — dedi. — Siz ham, Mirzo
Humoyun ham men ko‘rgan insonlar orasida eng sohibdil siymolardirsiz. Ikkovlaringiz
ham menga behad aziz bo‘lganlaringiz uchun Sekridan shu yergacha piyoda yurib
ziyoratga keldim.
Mo‘ysafid odam yuz mildan ortiq masofani piyoda yurib o‘tishi Hamida begimni hang-u
mang qilib qo‘ydi:
— Axir... bilganimizda ot yuborar edik-ku, sohib Nizom!
— Otliq yurish mening hozirgi e’tiqodimga xilof, mening faqirparvar ustozlarim Kabir
ham, Mo‘yiniddin Cheshti ham doim piyoda yurganlar. Kambag‘allikda umr o‘tkazganlar.
Shayx Sa’diy aytganki:
Sa’diyo, chun davlatu farmondihi
Nestiyu haqparasti xushtarast*.
— Davlat-u hokimiyat talotumlaridan men ham juda to‘yganmen, — dedi Hamida begim.
— Sind-u Qandahorda, Qazvin-u Kobulda, Dehliy-u Agrada.. boshimizga ne balolar
yog‘ilmadi!.. Sohib Nizom, siz Karamnasa o‘pqonlaridan hazratimni qutqarib
chiqqaningizni o‘g‘limiz Akbarshoh ham eshitganlar. Nechun olti yildan beri saroyga
kelmadingiz?
— Begim, men endi podshoh saroyiga zinhor qadam bosmagaymen.
— Yo bizdan ko‘nglingiz qolganmi?
— Sizdan emas, mutloq hokimiyat degan ajdahodan yurak oldirib qo‘yganmen. Mirzo
Humoyun Panjobga qaytgan paytlarida juda ko‘rgim keldi. Shayx Muborak degan
kishidan maktub yozib yubordim. Ammo uni hazratimning huzuriga kirgizmabdilar.
Bianada xalq harakatiga ishtirok etgani uchun shayxulislom Ansoriy «dahriy» deb
o‘limga buyuribdir. Bechora shayx Muborak hamon qochib yuribdir. Ansoriy esa izzat-
ikromda. Shundan ham bildimki, saroy to‘la g‘araz, ig‘vo, chaqimchilik, adolatsizlik!
O‘sha ajdaho busiz yashay olmasligini men o‘zim bir necha kun podsho bo‘lganimda
ko‘rdim. Bayramxonni bu ajdaho qanday yamlab, yutganini siz ham ko‘rgandirsiz? Bu
ajdaho odamni aldab, hovliqtirib, jar yoqasiga qanday olib borganini sezmay qolar
ekansiz.
— Ha, g‘alamis manfaatparastlar ko‘p. Men mudom o‘g‘limdan xavotirlanib yashaymen...
Ehtimol, sizni aldab, maktubingizni dushmanlaringizga eltib bergan xoin hali ham
saroyda yurgandir. Siz uni ko‘rsangiz tanirmidingiz?
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |