www.ziyouz.com kutubxonasi
164
* * *
Akbarni Bayramxon bilan Panjobga jo‘natishdan bir kun oldin Humoyun o‘g‘lini yana
xonayi xosga chaqirtirdi. Akbar ketsa Humoyun uni negadir qayta ko‘rolmaydigandek
ma’yus bo‘lardi.
Podshoh otasining «Vaqoyi’» kitobini eng yaxshi xattotlarga berib, Akbar uchun tilla suvi
bilan bezatilgan maxsus nusxa ko‘chirtirgan edi. Humoyun kutubxonasining kitobdori
Xo‘ja Abdusamad kasbdoshi Mirsaid Ali bilan birga «Boburnoma» voqealari bo‘yicha ilk
rasmlar ham chizishgan edi. Yoshi ulug‘ Xo‘ja Abdusamad oldinda, o‘ttiz yoshli
xushbichim Mirsaid Ali orqada, zinapoyadan chiqib keldilar. Xo‘ja Abdusamad
«Boburnoma»ning Akbar uchun ko‘chirtirilgan yangi nusxasini ikki qo‘lida avaylab
tutganicha ta’zim qilib kirdi. Humoyun Akbarga yuzlanib dedi:
— Hazrat otam, «bu kitobni avlodlaring ham o‘qisin», degan edilar. Men shu vasiyatni
bajo keltiradigan kunlarga yetishganimdan shodmen. Afsuski, seni andijon-u
Samarqandlarga olib borolmadim. Endi otamning bu kitobi seni xayol qanotida Mova-
rounnahrga olib borsin! Akbar, sen ham men kabi, hamisha shu kitobdan ruhiy madad
olib yashagin!
Akbar qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib:
— Umrim oxirigacha o‘gitingizga sodiq qolgumdir, hazrat otajon! — dedi.
— Otamdan menga o‘tgan bir e’tiqodni senga aytmoqchimen. «Xayolparast»
deyishlaridan qo‘rqmay, eng ulug‘ maqsadlarni ko‘zlashga o‘rgan. Ammo hech bir ulug‘
maqsad — ulug‘ iste’dodlarsiz, davrning eng komil siymolarisiz amalga oshmagay.
Shuning uchun atrofingga eng yaxshi odamlarni, eng zo‘r iste’dodlarni iloji boricha
ko‘proq to‘plagin. Dunyonging hech bir boyligi, hech qaysi gavhar-u javohiri senga o‘zing
to‘plab parvarish qilgan ulug‘ iste’dodlarchalik quvonch-u shuhrat keltira olmagay.
iste’dodli odamlarda insoniy nuqsonlar, noz-u firoqlar bo‘lsa, buni kechirmoq kerak. Sen
ularni avaylab kamolga yetkazsang, o‘zingning oliy kamoloting ana shu bo‘lg‘ay. Sen
qancha ko‘p odamga yaxshilik qilsang, bu yaxshilik boshqa kutilmagan joylardan
o‘shanchalik ko‘payib qaytgay. Dunyoda yaxshi bo‘lish-u yaxshilik qilishdan afzalroq baxt
yo‘q, shuni hech qachon unutma, o‘g‘lim!
Humoyun shu so‘zlar bilan o‘g‘liga otasining kitobini taqdim etdi. Akbar kitobdan
benihoya mamnun bo‘lsa ham, biroq otasi xuddi boshqa ko‘risholmasliklarini oldindan
sezganga o‘xshab gapirgani anchagacha uni hayratga solib yurdi.
Humoyunning o‘zi ham Akbarni jo‘natgandan so‘ng: «Men nechun o‘smir o‘g‘limga
bunday gaplarni aytdim?» deb, ich-ichidan taajjublanib qo‘ydi. Axir uning ishlari endi
o‘nglandi. Qish o‘tib, dovonlar ochilsa, Hamida begim Kobuldan keladi, ikkovlari hali
Akbarni uylantirishlari, nevara ko‘rishlari kerak!
Bo‘sh vaqti bo‘lsa u odatdagiday kutubxonaga kelardi. Tik va tor zinapoyadan ko‘tarilib
tushish unga xiyla noqulay tuyular, lekin vaqt o‘tishi bilan bunga odatlanib borar edi.
Zinapoyalarning nega quduqqa o‘xshatib tor va tik qilib qurilganidan o‘zicha bir ma’no
ham topganday bo‘ldi. Zinapoyaga faqat bitta odam sig‘ishi podshoni qo‘riqlash uchun
qulay edi. Bu yerda bitta soqchi tursa bas, yuzta odam hujum qilib kelsa ham
zinapoyadan yopirilib o‘tolmaydi. Bitta-bitta o‘tib ko‘tarilganini esa yuqorida turgan
odam daf qilishi oson. Binoga kiradigan boshqa hech qanday yo‘l yo‘q. Kirdi-chiqdi
kamligi Humoyunning kutubxonada tinchgina mutolaa qilishi uchun ham qulay edi.
Mana shu tarzda u Sherxon qurdirib ketgan zinapoyaning torligi, tikligi va boshqa
noqulayliklariga ko‘nikdi. Dehlining quruq va salqin qish kechalarida osmonni to‘ldirib
charaqlab chiqadigan yulduzlarni tepadagi shiypondan tomosha qiladigan ham bo‘ldi.
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |