www.ziyouz.com kutubxonasi
163
— Hazrati oliylari, osmondagi yulduzlar yaratganning ixtiyoridadur. Ular orqali
Turkiyaning jannatligini isbot etishga banda ojizmen. Faqat arzim shuki, Qur’oni Karimda
aytilganidek, vatanni sevmoq imondandur. Agar siz «Dunyoning jannati Turkistondir,
yoki Hindistondir» desangiz, faqir buni ham haq deb bilurmen. Chunki ota yurtingiz
Turkiston bilan hozirgi mulkingiz Hindiston siz uchvn vatandir. Vatanni sevgan odam uni
jannat deb e’zozlashi esa tabiiydir.
— Biroq rum turklari ham Turkistonni «ota yurtim» derlar-ku. Nechun siz faqat mulki
Usmonni afzal ko‘rursiz.
— Ehtimol bu bizga ota-bobolardan o‘tgan odatdir. Agar sizning bobokaloningiz Amir
Temur Turkistonni afzal ko‘rmaganda Anqaraga qo‘shin tortib borib, Yildirim Boyazid
bilan urushmagan bo‘lur edi.
— Bu urushda qars ikki qo‘ldan chiqmishdir, janob Rais. Yildirim Boyazid ham o‘z
davlatini ulug‘lab, Amir Temurni kamsituvchi maktublar bitmishdir.
— Bu ikki buyuk turk podshosini bir-biriga gij-gijlab urushtirganlar — farangiston
josuslaridir. Ehtimol bobokaloningizni kamsituvchi maktublarni Yildirim Boyazid nomidan
o‘shal josuslar yozgandirlar? Chunki farangilar Yildirim Boyaziddan mag‘lub bo‘lib, najot
izlab yurganlarida Amir Temur ularning najotkori bo‘ldi. Yildirim Boyazid yengilgandan
so‘ng farangilar qaddini tiklab, mana endi Hindistonga tajovuz qilmoqdalar.
Humoyun ufqqa bosh qo‘yayotgan yangi oyga o‘ychan tikilib:
— Bu gapingizda jon bor janob Rais, — dedi va o‘g‘liga bir ko‘z tashlab «quloq sol»
degandek ishora qildi: — Mening rahmatli otam ham Amir Temur bilan Yildirim
Boyazidning urushini anglashilmovchilik oqibati deb hisoblar edilar. Endi biz, keyingi
avlod tojdorlari, bunday ishni takrorlamaslikka intilmoqdamiz. Shul sababdan rahmatlik
Boburshoh Eron bilan ham, Turon bilan elchilar almashindi, bordi-keldini yaxshi yo‘lga
qo‘ydi. turkiyadan Agraga muhandis-u me’morlarni taklif etdi. Afsuski, turk podsholari
bilan yaqin aloqa o‘rnata olganimiz yo‘q. Holbuki, qo‘shinimiz safida Mustafo Rumi kabi
bahodir to‘pchi-yu to‘fangandoz* turk yigitlari bor. Ular Panipat jangida ham, Sekri
jangida ham jasoratlar ko‘rsatib, mukofotlar olmishlar. Biz Turk dasturi bilan arobalar
yasatganmiz. Zarbzanlarimiz bu arobalardan yog‘iylarga zo‘r toshlar otib, hatto fillarni
yiqiturlar.
Seydi Alining ko‘ziga birdan yosh keldi, ovozi titrab dedi:
— Turk yigitlarining botirligi haqidagi so‘zlaringizdan ta’sirlanib, iftixorim zo‘ridan yig‘lab
yuborguday bo‘lmoqdamen. Bag‘ri keng ulug‘ podshoh ekanligingizni vatanimga borib
so‘zlab berish menga nasib qilsin. Sulaymon Qonuniy ham siz kabi dono sultondir.
Ishonamenki, yaqin kelajakda sizga Turkiyadan elchilar kelgay. Surat bandarida bir
necha kemalarim qoldi. Ularning biriga Sulaymoniy deb ataladigan eng ulkan
zambarakni yashirib kelmishmen. Zambarakni sizga podshohimiz nomidan in’om
eturmen. Toki dengizlarda ham turk dasturi bilan jang qilib, farangilarni Hind
ummonidan quvib yuborish sizga muyassar bo‘lsin!
— Omin, aytganingiz kelsin! — deb Humoyun yuziga fotiha tortganda Akbar ham
qo‘llarini yuziga surdi.
Oradan ikki kun o‘tgach Seydi Ali Raisga bosh oyoq sarupolar, ot va safar anjomlari
in’om etildi va Turkiyaga qaytishga ruxsat berildi.
_____________
* «Doirayi Muaddilun» — ekvator doirasi. Janubiy va Shimoliy yarimsharlar chizig‘i.
* Tushdiging yer — kelib tushgan yering.
* Dush oyogina — «oyog‘iga yiqil» degani.
* Bu satrlar Seydi Ali Raisning «Mir‘oti mamolik» kitobida keltirilgan.
* T o‘ f a n g a n d o z — miltiq otuvchi.
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |