www.ziyouz.com kutubxonasi
106
ajoyib rasmlardan olgan zavqini Tahmaspning o‘zi chizgan suratga qo‘shib gapirdi. Shoh
bu maqtovlardan yayrab, erib turganda Humoyun bir chetda odob saqlab qo‘l
qovushtirib turgan Mir Said Alini ko‘rsatdi-da:
— Hazrat shahanshoh, sizning Nigorxonangiz bebaho gavharlar bilan to‘lmishdir, — dedi.
— Mir musavvir asli termizlik ekan. Agar izojat bersangiz, men uni o‘g‘li bilan Kobulga
olib ketsam. Toki sizning tarbiyangiz bilan orttirgan san’atlarini boshqa mamlakatlarga
ham tarqatsalar. Bu bilan sizning shuhratingiz butun olamga yoyilajakdir.
Shoh Mir Said Aliga qoshini chimirib qaradi, so‘ng Humoyunga yuzlanib miyig‘ida kuldi.
— Bizim bu musavvirlar gavhar yaraturlar. Har bir suratini gavhar yanglig‘ o‘ng tuman
sekkaga* ham bermayurlar.
— Ammo biz bularning xarajatlari uchun shoh hazratlariga ming tuman* to‘lashga ham
tayyormiz.
— Yaxshi, siz avval Kobulga qayting, so‘ngra o‘ylab ko‘ryurmiz, — dedi Tahmasp.
Kobul yo‘lida hali qancha to‘siqlar borligi, avval Qandahorga borib, Akbarni qutqarish
kerakligi Humoyunning esiga tushdi. U shu bugun shoh bilan o‘zining orasidagi chigal
tugunlarni uzil-kesil yechib olmoqchi edi. Humoyunning maslahati bilan Hamida bonu
kecha oqshom Shohzoda Sultonimga uchrashgan va endi sirligi qolmagan tumorni va
undagi Ko‘hinur olmosini, o‘g‘rilar telpagidan topilgan la’llarni unga ko‘rsatgan, so‘ng
bo‘lgan voqeani bir-bir aytib bergan edi. Ravshan ko‘ka bilan Xo‘ja G‘ozilar Validbek
eshik og‘asining vositachiligida shoh xizmatiga olinganini eshitgan Shohzoda Sultonim:
— Vah, bu xato o‘lmishdir, — deb astoydil kuyundi, razil o‘g‘rilarni Mirzo Humoyun
shohga aytib jazo berdirmaganidan taajjublandi. Hamida bonu Humoyunning mehmonda
yurganda bunday janjallardan andisha qilishini aytdi:
— Shahanshoh hazratlari Ko‘hinur olmosini ko‘rmoqchi ekanlar, — dedi Hamida. —
Marhamat, qayerga desalar biz Mirzo hazratlari bilan olib borib ko‘rsatgaymiz. Agar
yoqtirsalar taqdim etgaymiz. Shu haqda hazrat og‘angiz bilan gapirishib, bizga javobini
aytingiz.
Shohzoda Sultonim bugun ertalab Tahmaspga bu gaplarning hammasini batafsil so‘zlab
berdi. Shundan keyin shoh bular bilan Nigorxonada uchrashadigan bo‘lib odam yubordi.
Hozir bu yerdagi nodir suratlarni gavharga qiyoslab maqtaganlarida Hamida bonu
qo‘lidagi kisaga solib yurgan oltin qutichani va undagi Ko‘hinurni ma’yus bir tuyg‘u bilan
ko‘z oldidan o‘tkazdi. Chunki Humoyun Ko‘hinurni qurbon qilib bo‘lsa ham shoh bilan
orani yaxshilamoqchi va tezroq Qandahorga borib Akbarni qutqarmoqchi edi.
Noyob suratlarni ko‘rib, qalblari nafosat zavqidan mayinlashgan holda Nigorxona
to‘ridagi muhtasham xonayi xosga kirdilar.
Shohning ko‘ngli yumshab turgan mana shu asnoda Humoyun Hamida bonuga «olmosni
bering» deganday ishora qildi. Hamida qo‘lidagi kisadan oltin qutichani olib, chap qo‘li
ko‘ksida, eriga odob bilan uzatdi. Humoyun qutichani ochdi-da:
— Olampanoh, Ko‘hinurni eslatgan edingiz, marhamat, — deb shohga tutdi.
Tahmasp oltin quticha ichida chindan ham nur tog‘iga o‘xshab jilolanib turgan olmosni
ko‘rdi-da, qalbida kuchli bir tuyg‘u mavj urganini sezdi. Bu — go‘zallik tuyg‘usi edi.
Tahmaspning bolalikdagi rassomlik iste’dodi keyinchalik rivoj topmay qolgan, o‘ng
yoshida otasi o‘lib, toj-u taxt janjallari boshiga tushgach, intihosiz urush-yurushlarda
qo‘li nafis mo‘yqalamni tutishdan chiqib qolgan edi. Ammo uning yosh qalbida shoir otasi
va ulug‘ musavvir Behzod uyg‘otib ketgan go‘zallik tuyg‘usi hali ham so‘nmagan edi. U
o‘z tug‘ishganlari orasida eng sof va go‘zal inson deb bilgan singlisi Shohzoda Sultonimni
bunchalik yaqin olib yurishining boisi ham — dilida yashab kelayotgan o‘sha go‘zallik
tuyg‘usi, poklikka va nafosatga bo‘lgan tashnalik edi.
Hozir ming turli jilva bilan yonib turgan Ko‘hinur olmosi unga tabiat yaratgan eng noyob
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |