56
JUMA
Rishtalar
Tobelik munosabatlari
Ikki va undan ortiq sodda gaplarning biri
boshqasiga ma’no va grammatik jihatdan tobe
bo’lib kelishidan hosil bo’lgan gap tobe gapli
qo’shma gap deyiladi.
(Ona tili darsligidan)
Inson – ijtimoiy mavjudot. Jamiyat a’zosi bo’lish – uning tabiatiga xos. Biz o’zimiz
ko’nikkan guruh, muhit yoki jamoadan tashqarida doim ko’nglimizda xavotir bilan
yashaymiz. Tabiatimizning aynan shu jihati tufayli bizda mehr tuyg’usi bor.
Ijtimoiy mavjudot har doim muloqotga intiladi. Muloqot ehtiyoji – odamning eng
katta muhtojliklaridan biri. Jamiyat taraqqiy etib, rang-baranglashib borgani sari,
odamlarning atrof dunyo va boshqa odamlar bilan muloqot qilish usullari –
munosabatlarimiz murakkablashib borgan. Zamonaviy odam kundalik hayotida minglab
turdagi munosabatlar chig’irig’idan o’tib yashaydi: oila, do’st-yorlar, qarindosh-urug’,
hamkasblar, mahalla-ko’y va hokazo.
Agar munosabatlar insonning muloqot ehtiyojiga xizmat qilishini hisobga olsak,
ular atrofida shuncha ko’p muammolar kelib chiqishi ajablanarli hol emas. Ko’nglimizni
xotirjamlikdan mahrum qiladigan va aqlimizni to’liq egallab oladigan dard-
tashvishlarning hammasi bo’lmasa ham, aksari munosabatlardagi noxushliklar sababli
kelib chiqadi. Bu javobsiz sevgi qiynoqlari-yu, o’z yaqinidan yengil arazlash bo’lishi
mumkin.
Ammo nega odamlar o’zaro munosabatlarda buncha ko’p qiyinchiliklarga duch
kelishadi? Turli odam bu savolga turlicha javob beradi: “Chunki har xil odam har xil
fikrlaydi”, “Chunki odamlar bir-birlarini tushuna olmaydilar yoki tushunishni
istamaydilar”, “Chunki hammaning ko’nglini tengdaniga olib bo’lmaydi”, “Chunki biz
mukammal emasmiz”, “Chunki…”, “Chunki…”
Bu savolga ba’zi odamlardan olgan javoblarim orasida meni tamoman hayron
qoldirganlari ham bo’lgan. Ammo chuqurroq o’ylab ko’rilsa, ular hammasi bir xil narsa
haqida gapiradi – faqat, buni bir oz og’ishlar bilan qiladi xolos.
Hamma bir xil emasligi rost – har bir odam o’ziga xos alohida bir olam. Ammo har
kim bir xil fikrlamaydi degan gap bir oz xato – biz aynan bir xil fikr yuritganimiz uchun
ham o’zaro munosabatlarimiz qovushmaydi. Hammaning aqli bir xil ishlaydi – aqlning
yagona va hamma uchun universal bir qoidasi bor. Bu – manfaat. Ya’ni manfaatsiz ish
bo’lmaydi. Siz hatto eng manfaatsiz qilgan ishingiz ortida ham aql sizga, bildirmay
bo’lsa-da, kichik bir maqsadni yashirin tutadi. Biz hatto hayriya ishlarini ham “shunday
qilish kerakligi” yoki “shunday qilsak, qilgan savob ishimizdan o’zimizga bo’lgan
boshqalar yoki o’zimizning hurmatimiz oshishi” uchun qilamiz. U yoki bu xatti-
harakatga bizni ko’ngil istagi emas – g’urur, manfaat, achinish yoki aybdorlik hissi,
burchiyat undaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |