TEMIR XOTIN
(Qo’chqor va Alomat sahnasi)
A l o m a t. Tushunmaydigan narsalaringizni so’rang, javob beraman.
Q o’ c h q o r. Mana, deylik, men nimadandir xursand bo’ldim-a? Siz ham menga
qo’shilib xursand bo’lasizmi?
A l o m a t. Yo’q, men unda xotirjam bo’laman. Negaki biron joyingiz og’riyotgani
yo’q, qorningiz to’q, hech nima bezovta qilmayapti — demak, hammasi joyida.
Q o’ c h q o r. E-e, unda siz ham o’zimizning mahalliy hokimiyatga o’xshagan
ekansiz-da. Ular ham na dardingga sherik bo’ladi, na xursandchiligingga, nomi «mahalliy»
bo’lgani bilan, bilmayman, narigi mahallaga qaraydimi... (
Birdan
.) Alomatxon, Siz yig’lay
olasizmi?
A l o m a t. Yo’q.
Q o’ c h q o r. Ayol kishining har zamonda yig’lab turgani yaxshi... Yengil tortadi.
Erkakning yo’rig’i boshqa — uyat bo’ladi. Mana, men sira yig’lamaganman... (
O’ychan
.)
Lekin, uyat bo’lmaganida yig’lardim...
A l o m a t. Uyat bo’lmaydi, yig’layvering.
Q o’ c h q o r (
hijolatli
). E, qo’ysangiz-chi, qiziqmisiz...
A l o m a t. Chindan ham uyat bo’lmaydi, nimaga desangiz, men uyatni
tushunmayman. Elektromagnit to’lqinlari bo’lsa, boshqa gap. Mana, hozir siz yig’layvering,
Qo’chqor aka. Men robotman-ku, temirdan ham uyaladimi, odam?
Q o’ c h q o r (
birpas o’ylab turib
). Nima deb yig’layman?
A l o m a t. So’z yozib beraymi?
Q o’ c h q o r. Yo’g’-e, endi yig’lashniyam qog’ozga qarab yig’lasak, uyat bo’lar.
A l o m a t. Men odamlar haqida boshqacha tasavvurda edim. Ularning erki qo’lida,
deb o’ylardim. Nahotki, xulosalarim noto’g’ri bo’lsa?
Q o’ c h q o r. Haliyam erkimiz qo’limizda.
A l o m a t. Nega bo’lmasam yig’lamayapsiz?
Q o’ c h q o r. Endi, Alomatxon, dabdurustdan qiyin-da. Bir sabab bo’lmasa...
A l o m a t. Sabab topamiz.
Q o’ c h q o r. Qanday qilib.
A l o m a t. Gipnoz qilib.
Q o’ c h q o r. Nima-pnoz?
A l o m a t. Gipnoz. Qanday qilib, gipnoz faqat yolg’ondan iborat bo’ladi. Masalan,
tishi og’rib turgan odamga «tishingiz og’riyaptimi», deb.
Q o’ c h q o r. Yolg’on gapga yig’lamayman.
A l o m a t. Axir yolg’on xuddi rostday qilib gapiriladi-da! Hamma ishonadi, hatto
gapirayotgan odamning o’zi ham! Qani, mundoq o’tiring-chi. Boshladik. Ko’zimga
qarang... Bo’shashing... G’o’daymang, deyapman... Yaxshi...
Q o’ c h q o r. Qo’ying, nima keragi bor, baribir yig’lamayman...
A l o m a t. Yig’laysiz (
Qo’llarini Qo’chqorning boshi uzra harakatlantirib
.)
Yig’laysiz... Chunki juda ezilgansiz.... Yuragingizga qil ham sig’maydi... Ich-ichingizdan
bir nima toshib kelyapti... Hech kimning rahmi kelmaydi, birov dardingizga sherik
bo’lmaydi... O’z yog’ingizga o’zingiz qovirilib yashayapsiz... Aft-angoringizga bir qarang,
qirqqa kirgan qirchillama yigitsiz-ku, ko’rgan odam sizni elikka kirgan odam, deb
o’ylaydi... Qurib-qaqshab boryapsiz... Esingizni tanibsizki, tinmay mehnat qilasiz, lekin
hech biringiz ikki bo’lmaydi... Ro’zg’or, bola-chaqa tashvishi, deysiz, afsuski, bu
tashvishlarning cheki yo’q. Ertalabdan kechgacha chumoliday g’imir-g’imir qilasiz-u,
rohatini ko’rmaysiz. Kiyib olgan kiyimingizni qarang, yengil sanoat yetishtirayotgan
hamma brak mahsulot siz va sizga o’xshaganlarga nasib qiladi. Nima? Shu issiqda ham
neylon ko’ylak kiyadimi?
Q o’ c h q o r. Magazinga kelgan ekan, arzongina deb...
A l o m a t. O’zingizga bir tashqaridan qarang, qaysi zamonda yashayapsiz o’zi?
Kimga o’xshaysiz (
Eski ko’rpachalarni ko’rsatib
.) «Paxtakorman» deb ko’kragingizga
urasiz-u, ko’rpangizga paxta topolmaysiz! Oyog’ingizga ilib olgan kalishingiz qayerdan
chiqqan? Yangiyo’ldanmi, Toshkentdanmi?
Q o’ c h q o r (
oyog’ini yig’ishtirib
). Kalishmas, patinka...
A l o m a t. Bu dunyoga kelib nima ko’rdingiz, Qo’chqor aka? «Ikki marta Toshkentga
borganman», deb maqtanasiz, odamlar «Oq dengiz-u Qora dengiz» qilib yurishibdi! «Ha
endi, ular boshqacha odamlar-da», deysiz. Qanaqa boshqacha? Nimasi boshqacha?! Shu
darajaga yetgansizki, bora-bora undaylarga havas ham qilmay qo’ygansiz! Havas qilaverib,
orzu qilaverib charchagansiz, holdan toygansiz!
Q o’ c h q o r. Nima qipti, el qatori yashayapmiz...
A l o m a t. Shunday deb o’zingizni ovutasiz. G’urur, qadr-qimmatingizchi? Mundoq
o’ylab ko’ring, Biron tirik jon siz bilan hisoblashadimi? Yo’q, axir! To’y-ma’rakalarda
poygakda o’tirasiz! «Ulug’larga» tayyorlangan dasturxonga yaqinlashmaysiz, iloji boricha
o’sha tomonga qaramaslikka tirishasiz! Chunki, «mehnatkash» degan mansab bilan to’rga
chiqol masligingizni bilasiz! Shlapa kiyib, galstuk taqqan ketmondasta ham sizni
haqoratlashi, tahqirlashi mumkin! Alam qilmaydimi?
Q o’ c h q o r. Ha, endi, rahbar bo’lgandan keyin koyiydi-da...
A l o m a t. Bayram kunlari rayondagi namoyishdan bayroqcha ko’tarib o’tganingizga
xursand bo’lib yuraverasiz! Majlislarda qo’l ko’tarish-u, chapak chalishni bilasiz, boshqa
hech baloni ham bilmaysiz! Ko’pincha o’sha majlisda nima gap bo’layotganini ham
tushunmaysiz!
Q o’ c h q o r (
ta’sirlanib
). Gapingiz noto’g’ri. Alomatxon hurmat taxtasida suratimiz
turibdi...
A l o m a t. Endi bor umidingiz bolalaringizdan. Ularni o’qitib «katta odam»
qilmoqchisiz. Lekin ularingizdan «katta odam» chiqmaydi. Daladan beri kelmaydigan,
chalasavod bolalardan nimaniyam kutib bo’lardi? Buni bilasiz. Yana «ko’pga kelgan to’y»,
deb yuraverasiz. Axir umr o’tib ketyapti-ku, Qo’chqor aka!
Q o’ c h q o r (
ko’ngli to’lib
). Barii bir yig’lamayman... Yaxshi yashayapmiz,
bildingizmi?
A l o m a t. Yig’laysiz... Ana, ko’zingiz to’lib turibdi... labingizni tishlamang.
Qo’chqor aka, foydasi yo’q. Axir yosh ko’zdan chiqadi, og’izdan emas...
Q o’ c h q o r (
yig’lagudek bo’lib
). Birov sizga hayotidan noliyaptimi?
A l o m a t. Hamma gap shunda-da, nolimaysiz! Ko’nikib ketgansiz. Yaralar toshga
aylangan — og’riq sezmaysiz. Dod solib baqirish-ku, qo’lingizdan kelmas, hech qursa
ingrab qo’yishga ham qodir emassiz, Qo’chqor aka?! Qalbingizning unutilib ketgan,
o’zingiz ham bilmaydigan allaqaysi burchaklarida miltillayotgan ushoqqina norozilikdan
qo’rqasiz, uni sezmaslikka olasiz! To’g’ri, qadr-qimmatingiz oshkora haqoratlanganida
o’sha miltillayotgan cho’g’ alanga olayotgan bo’ladi va siz uni aroq bilan o’chirishga
urinasiz. Dunyoga shirakayf ko’zlar bilan qarab, taskin topasiz, lekin ertasi kuni kayfingiz
tarqab, dunyo yana asli holiga qaytadi! Shunda yig’lamoqdan o’zga chora qolmaydi. Keyin
o’ksib-o’ksib yig’laysiz.
Q o’ c h q o r (
ko’zlarida yosh o’ynab
). Yolg’on!.. Hech qachon yig’lamaganman.
A l o m a t (
xotirjam
). Yig’layapsiz. Faqat, ko’zingizni narigi tomoni bilan yig’laysiz.
Ko’z yoshlaringiz tashqariga emas, ichingizga yoqqan. Mana, mening ichim to’la temir-
tersak, sizning vujudingiz faqat va faqat ko’z yoshidan iborat. Lim-lim yosh...
Q o’ c h q o r (
baralla yig’laganicha oyoq ostidagi yashikni zarb bilan tepib
) E,
padariga la’nat hammasining!!!
A l o m a t (
gipnozni to’xtatib
). Nega unaqa qilasiz, Qo’chqor, aka? Aytdim-ku,
gaplarimning hammasi yolg’on, deb. Bu gaplarga ishonish uchun juda go’l, kaltafahm
bo’lish kerak. Nahotki, siz shunaqa odam bo’lsangiz?
Q o’ c h q o r. E, yolg’oningizni ham padariga ming la’nat! (
Yosh bolaga o’xshab
g’ingshib yig’laydi. Alomatning yelkasidagi qizil mikrosxemani oladi-da, qo’shni hovli
tomon otib yuboradi
.) Bozortoy! Xo’, Bozortoy! Bir qarab yubor, og’ayni, juda kerak bo’p
qolding! Bozortoy, jon do’stim, bir qaragin, ikki og’izgina gapim bor! Senga aytmasam
kimga aytaman, Bozortoy! Bozortoy, qadrdonim!..
Do'stlaringiz bilan baham: |