SAID AHMAD
(1920)
1976-yilning 14 iyuni hozirgi Milliy akademik drama teatri jamoasi, va shu jumladan,
atoqli adib Said Ahmad uchun unutilmas kun bo’ldi. Boisi keyinroq teatr muxlislarining dil-
dilidan o’rin olgan «Kelinlar qo’zg’aloni» asari shu kuni dunyo yuzini ko’rgan edi.
Nasr ustasi Said Ahmad katta hayot yo’lini bosib o’tgach, dramaturgiyaga kelgan. U
Toshkentda, Samarqand darbozasi mavzeida tug’ilgan. Avval tasviriy san’at bilim yurtida,
so’ngra Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika institutida tahsil oladi. Dastlab
«Mushtum» jurnalida faoliyat ko’rsatadi. Keyin Respublika radiokomiteti, «Qizil
O’zbekiston», «Sharq yulduzi» kabi gazeta va jurnallar tahririyatlarida jurnalist sifatida
faoliyat yuritadi. Ko’plab hikoya, ocherklar chop ettirib, 1950—1960-yillari «Qadrdon
dalalar» (1949), «Hukm» (1958), «Ufq» (1964) kabi yirik romanlar yaratadi.
Said Ahmadning nasriy asarlari sahnaboblik belgilariga juda boy. 1974-yili «Ufq»
romani inssenirovka qilinib (inssenirovka muallifi O. Abdurazzoqov), M. Uyg’ur nomidagi
san’at institutida diplom spektakli tarzida yaratiladi va o’sha yili Surxondaryo viloyat teatri
repertuaridan o’rin oladi. «Ufq» 1995-yili Milliy akademik drama teatrida sahnalashtirildi.
1985-yili «Kuyov» komediyasi yaratilib, o’sha yili akademik teatrda rejissor R.
Hamidov tomonidan sahnaga qo’yiladi. Mazkur spektaklda Kuyov roli atoqli san’atkor
G’ani A’zamovning so’nggi yirik ijodiy ishlaridan biri bo’lib qoldi. «Farmonbibi arazladi»
pyesasi «Kelinlar qo’zg’aloni»ning davomi bo’lib, B. Yo’ldoshev rejissorligida Abror
Hidoyatov nomidagi drama teatrida sahnaga qo’yiladi.
Said Ahmad kichik hajmli hajviy va yumoristik asarlar ustasi sifatida 1897—80-yillari
«Lampa shisha», «Xanka va Tanka» singari o’nlab ichakuzdi teleminiatyuralari bilan
teletomoshabinlar hurmatini qozondi.
Said Ahmad «Buyuk xizmatlari uchun», «Do’stlik» ordenlari va «O’zbekiston
qahramoni» degan faxrli unvon bilan taqdirlangan.
Said Ahmad asarlariga, ayniqsa, hikoyalariga xos bo’lgan mayin yumor, nozik
qochirimlar ilk bor Bahodir Yo’ldoshev tomonidan sahnaga qo’yilgan «Kelinlar
qo’zg’aloni»da to’kis jamuljam bo’ldi. Shuning natijasida Farmonbibi yetti o’g’il ko’rib,
uylantirib, kelinlari-yu nabiralarini bir hovlida, o’z qaramog’ida ushlab turishi, kenja
kelinining «chatoq» chiqib, qaynona qiliqlarini «tomosha»ga aylantirib, oxiri undan har bir
oila alohida yashashiga roziligini olishi haqidagi oddiygina beg’ubor hikoya
respublikamizdagina emas, shuningdek, qator mamlakatlarda ko’pdan-ko’p san’atkorlar
ijodiy hayotida chuqur iz qoldirdi, yirik asarga aylandi.
Akademik teatr spektaklida birinchi bo’lib Farmonbibi rolini mahorat bilan o’ynagan
atoqli san’atkor Zaynab Sadriyeva asarning A. Hidoyatov nomidagi teatrda qayta ishlangan
nusxasi (1987-yil 16-oktabr)da ham shu rolni umrining oxirigacha ijro etdi. Asarni 1988-
yili B. Yo’ldoshev Laos milliy teatrida sahnalashtirdi. Asar qozoq, qirg’iz, turkman, tojik,
ozarbayjon, xitoy, AQSH teatrlarida, ya’ni dunyoning o’ttizdan ortiq teatrida sahna yuzini
ko’rdi.
«Kelinlar qo’zg’aloni» asari asosida rejissor M. Afzalov tomonidan badiiy film
yaratildi. Katta shov-shuvga sabab bo’lgan bu film 1986-yilda AQSHda o’tkazilgan
ko’rikda Amerikaning 26 ta shtatida namoyish etildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |