Jon Lokk
(1632 – 1704) – ingliz faylasufi, bilishning empirik nazariyasi
asoschisi, liberal ijtimoiy-siyosiy konsepsiya muallifi. Eng muhim asarlari:
«Inson bilimi haqida tajriba», «Davlatni boshqarish haqida ikki risola», «Tarbiya
haqida ayrim fikrlar» va h.k.
Lokk falsafasining diqqat markazida ingliz empirizmi ruhida rivojlangan bilish
nazariyasi turadi. Lokk ilgari surgan konsepsiya
sensualizmga
asoslanadi, inson
bilimi to‘laligicha tajribadan keltirib chiqariladi. Lokk inson tafakkurida tug‘ma
g‘oyalar mavjudligiga bo‘lgan ishonchni tanqid tig‘i ostiga oladi. Uning fikricha,
aql toza taxta yoki oq qog‘oz (tabula rasa)ni o‘zida ifodalaydi. Bilishning birdan-
bir manbai bo‘lib tajriba xizmat qiladi. Lokk ichki va tashqi tajribani ajratadi.
Tashqi tajribani biz sezgi organlarimiz yordamida, ichki tajribani esa – o‘z
tafakkurimiz (refleksiya) faoliyatini idrok etish yo‘li bilan o‘zlashtiramiz.
Lokk barcha sezgilarni ikki turkumga – birlamchi sifatlar haqidagi g‘oyalar va
ikkilamchi sifatlar haqidagi g‘oyalarga ajratadi. Birlamchi sifatlar – bu jismlarga
xos sifatlar. Ular jismlarning o‘zida mavjud. Birlamchi sifatlarga ko‘lam, shakl,
harakat va hokazolar kiradi. Ikkilamchi sifatlar sezgi organlari ta’sirida paydo
bo‘ladi, ular jismlarda mavjud emas. Ikkilamchi sifatlarga rang, ta’m, hid va
hokazolar kiradi.
Sezgilar va refleksiya yordamida olingan g‘oyalar bilish jarayoniga zamin
yaratadi. Aql biriktirish, taqqoslash va mavhumlashtirish yo‘li bilan sodda
g‘oyalardan murakkab g‘oyalarni yasaydi. /oyalar aniq va mavhum, haqiqiy va
xayoliy, adekvat va noadekvat bo‘lishi mumkin. Bunda haqiqat g‘oyalarning
voqelikka muvofiqligi sifatida tushuniladi.
O‘z ijtimoiy-siyosiy ta’limotida Lokk, xuddi Gobbs kabi, jamiyatning tabiiy
holatidan kelib chiqadi. Ammo u jamiyatni hammaning hammaga qarshi urushi
deb hisoblamaydi, balki erkinlik va tenglik saltanati sifatida tasvirlaydi. Insonning
tabiiy huquqlariga Lokk yashash huquqi, erkinlik va o‘z peshona teri bilan
topilgan mulkka egalik qilish huquqini kiritadi. O‘zini o‘zi asrashga intilish inson
uchun tabiiydir, ayni shu sababli u xususiy mulkka egalik qilishi lozim, aks holda
u o‘zining asosiy ehtiyojlarini qondira olmaydi. Boshqa tomondan, mulkdorlik
mehnat va mehnatkashlik bilan, demakki, ijtimoiy boylikning ko‘payishi bilan
ham uzviy bog‘liq.
Odamlarning davlat boshqaruviga o‘tishi va ijtimoiy shartnomaning tuzilishi,
Lokk fikriga ko‘ra, tabiiy holatda huquqlarning mustahkam emasligi tufayli yuz
beradi. Shu sababli bunda tabiiy huquqlar va tabiiy erkinlikdan butunlay voz
kechish yuz bermaydi. Inson faqat ularni o‘z shaxsi va mol-mulkini himoya qilish
uchun zarur bo‘lgan darajadagina cheklaydi. Binobarin, oliy hokimiyat
cheklanmagan bo‘lishi mumkin emas.
Mutlaq hokimiyatni cheklash uchun uni qonunchilik, ijro va federativ
tarmoqlarga ajratish talab etiladi. Bu holda ular bir-biriga qaram bo‘lmaydi va
shaxs huquqlarini ta’minlay oladi. Bunda qonunchilik hokimiyati birinchi darajali
ahamiyat kasb etadi. Cherkov davlat ishlariga aralashmasligi kerak, xuddi
shuningdek davlat ham cherkov ishlariga aralashmasligi lozim.
Lokk tarbiya konsepsiyasini ham ilgari surdi. Uning fikricha, jismonan kuchli
va ma’naviy yetuk insonni shakllantirish uchun tegishli ijtimoiy sharoitlar mavjud
bo‘lishi kerak.
Lokk falsafasi g‘arb ma’naviy hayotiga ulkan ta’sir ko‘rsatdi. Uning ta’sirida
Yevropada Ma’rifat davrining ijtimoiy-siyosiy tafakkuri shakllandi.
Ikkinchi nuqtai nazar tarafdorlari (Dekart, Leybnits, Gegel) fikriga ko‘ra, umumiy
va zaruriy haqiqatlar faqat tafakkurning o‘zidan olinishi mumkin. Ikkala nuqtai
nazar ham tor, bir yoqlamadir. Bilish faoliyatining rivojlanish jarayoni hissiylik va
ratsionallik bir-biri bilan bog‘langan va bir-birini taqozo etishini, o‘z faoliyat va
rivojlanish jarayonida ular bir-biriga o‘tishini ko‘rsatdi.
Ammo hissiy va ratsional bilishning yagonaligi ularning har birini o‘zining alohida
ichki xususiyatlaridan mahrum etmaydi. Inson o‘zini qurshagan dunyo bilan o‘zaro
aloqaga kirishganida uning sezgi organlari faoliyati hissiy bilish deb ataladi. Hissiy
bilishning o‘ziga xos xususiyati uning konkretligi va predmetli xususiyatida
namoyon bo‘ladi. Hayot faoliyati jarayonida insonning sezgi organlari signal
sistemasi sifatida amal qiladi. Uning yordamida inson mazkur mehnat jarayoni
amalda mavjud bo‘lgan qaysi narsalar majmui bilan o‘zaro aloqada yuz berayotgan
bo‘lsa, ayni shu narsalar majmuiga nisbatan konkret vaziyatga qarab mo‘ljal oladi.
Bunda hissiy bilish biron-bir umumiy bilim bermaydi, lekin konkret amaliy
vazifalarni yechishda kishilar maqsadga muvofiq ish ko‘rishlari uchun imkoniyat
yaratadi. Hissiy bilishning asosiy shakllari – sezish, idrok etish va tasavvur qilish.
Hissiy bilish bizni o‘zimizni qurshagan dunyo bilan bevosita bog‘laydi. U
ko‘rgazmali xususiyat kasb etadi. Hissiy bilish hodisalar yuzasida nimalar yotishini,
narsalarning, odatda, o‘zgaruvchan va tasodifiy bo‘lgan yuzaki tomonlarini aks
ettiradi. Ammo inson samarali faoliyat ko‘rsatish uchun barqaror, zaruriy tomonlar
va aloqalarni aks ettiruvchi bilimlarga muhtoj bo‘ladi. Hissiy bilish bunday
bilimlarni bermaydi. Shunda inson tashqi dunyoni aks ettirishning oliy turi – nazariy
yoki oqilona bilishga kirishadi.
Oqilona bilishda inson abstraksiya yordamida hodisalar va jarayonlarning
ikkinchi darajali jihatlarini mavhumlashtiradi, ya’ni tashqi dunyoni va insonning
o‘zini belgilovchi aloqalar, bog‘lanishlar va o‘zaro aloqani anglab yetadi.
Hissiy
bilishdan farqli o‘laroq, oqilona bilish bilvosita, umumiy xususiyat kasb etadi.
Ratsional bilish shakllari tushuncha, muhokama va aqliy xulosalardir.
Ratsional
bilish dunyoni bilishning tomonlaridan biri sifatida aql va tafakkur ko‘rinishida
mavjud bo‘ladi.
Aqliy faoliyat – bu fikr shakllari bilan aniq belgilangan sxema, andozaga muvofiq
ish ko‘rish.
Aql yaxlit bir butun narsalarni bir-birini istisno qiluvchi qarama-
qarshiliklarga ajratadi. Aql faoliyati nazariy fikrlash uchun zarur. Aql-idroksiz fikr
mujmal va nomuayyan bo‘ladi. Aql nazariyani formallashtirilgan tizimga
aylantirishga harakat qiladi va fikrlash jarayoniga tizimli, izchil tus beradi.
Aql-idrokdan farqli o‘laroq, tafakkur tushunchalar bilan ularning mazmuni va
tabiatini anglagan holda ish ko‘radi. Tafakkur yordamida hodisalar, jarayonlar ijodiy
faol, izchil aks ettiriladi. U – bunyodkorlik faoliyati, inson ehtiyojlari va mohiyatiga
muvofiq keladigan dunyoni yaratish quroli.
Inson bilimi – hissiy va ratsional faoliyatning birligi
. Ushbu bilim cho‘qqilaridan
turib ob’ektiv borliq anglab yetiladi, uni oqilona o‘zgartirish yo‘llari belgilanadi.
Shu bilan bir vaqtda bilim ba’zan tafakkurning yaratilgan shakllari chegarasidan
chetga chiqadi, uni ma’lum tushunchalar yordamida tushuntirishning iloji
bo‘lmaydi, ya’ni u irratsional unsurlarni o‘z ichiga oladi.
Irratsionallik – aql bilan bilish mumkin bo‘lmagan, mantiqiy fikrlash bilan muvofiq
kelmaydigan narsalar va hodisalar
. Unga mantiqni o‘zgartirish, uni fikrlashning
yangicha shakllari bilan boyitish yo‘li bilan barham beriladi. Ammo irratsional
bilimni oqilona bilimga aylantirish jarayoni hech qachon tugamaydi. Irratsional
qoldiq hamisha mavjud bo‘ladi va bir irratsional narsa yoki hodisa oqilona tus olsa,
albatta boshqa bir irratsional narsa yoki hodisa paydo bo‘ladi, inson fikri uning
tafakkuriga ma’lum bo‘lmagan yangi tushunarsiz narsa yoki hodisa bilan
to‘qnashadi. Ayni shu sababli oqilona narsalar va hodisalargina o‘zgaradi, katta aql
esa o‘zi kabi katta qarama-qarshilik bilan to‘qnashadi va uni yaratadi.
Irratsionallikning mavjudligini inkor etish yaramaydi. Tabiat va ijtimoiy hayot
dunyoning oqilona yaratilgan manzaralaridan birortasining ham doirasiga sig‘maydi
va har qanday aql tarixan cheklangan xususiyat kasb etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |