45
Uylar tamom bo’lgandan keyin qishloqning katta ko’chasidan uch yo’l ajralib
chiqarkan. Bir yo’l dengizga olib borarkan, boshqasi to’g’ri shaharga borarkan,
uchinchisi hech qayoqqa olib bormas ekan.
Martino buni juda aniq bilarkan, chunki uning so’ramagan odami qolmabdi,
hammasi ham bir xil javob qilibdi.
– Qaysi yo’l, huv anovi yo’lmi? Hech qayoqqa olib bormaydi. U yo’ldan
yursang bekor charchaganing qoladi.
– U yo’l qayergacha boradi?
– Hech qayerga bormaydi deyapman-u, tushundingmi?
– Unda nega qurishgan?
– Uni hech kim qurgan emas. U doimo bo’lgan.
– Nahotki bitta-yarimta borib ko’rmagan ham?
– Voy, judayam o’jar ekansan-da! U yerda hech nima yo’q deyapman-ku
senga, demak, ko’radigan narsaning o’zi yo’q.
– Siz qayoqdan bilasiz, siz axir u yerda hech qachon bo’lmagansiz-ku.
U shunaqayam o’jar, so’zini o’tkazadigan, sabotli ekanki, qishloqda hamma
uni Martin o’jar deydigan bo’libdi. Lekin u bu laqabga hecham xafa bo’lmabdi,
hamon o’sha hech qayoqqa olib bormaydigan yo’l haqida o’ylayveribdi.
Oradan ozmi-ko’pmi vaqt o’tibdi. Martino o’sib, ulg’ayib, ko’chadan
buvasining qo’lidan ushlamay o’tadigan yoshga yetibdi. Kunlardan bir kun u
saharlab turib, qishloqdan chiqibdi-da, o’ylab-netib o’tirmay, o’sha sehrli yo’ldan
ketaveribdi. U sira to’xtamay oldinga ketaveribdi, ketaveribdi, yo’l bo’lsa tobora
yomonlasha boribdi. U yer-bu yerda tarvaqaylab o’sgan o’tlar paydo bo’libdi,
o’nqir-cho’nqirlarning hisobi yo’q emish. Yaxshiyamki, havo issiq ekan, bo’lmasa
hamma yoqni ko’lmak suv bosib, o’tishning iloji qolmasdi. Avvaliga yo’lning ikki
tomonida ham changalzor boshlanibdi, birozdan keyin o’rmon kelibdi.
Osmono’par bahaybat daraxtlar baquvvat shoxlarini bir-birlariga cho’zishib, yo’l
ustida balandlikda matashib ketishganmish: ko’rinishdan u hecham yo’lga
o’xshamasmish, ko’proq qorong’i, zax tunnelga o’xshab ketaganmish. O’qtin-
o’qtin quyosh nuri barglar orasidan yerga tusharkan, xuddi kechasi dengizdagi
mayoqday oldinda porlab turarkan.
Martino yuraveribdi, lekin tunnel tugamabdi, yo’lning ham keti ko’rinmabdi.
Juda tinka-madori quribdi, oyoqlarini ko’tarolmay qolibdi. Endi orqaga qaytmasa
bo’lmas, deb o’ylabdi. To’satdan qayoqdandir it paydo bo’lib qolibdi.
«Bo’ldi, – deb o’ylabdi Martino, – it bor joyda xonadon, juda bo’lmasa odam
bo’ladi».
It uning oldiga chopib kelibdi, dumini likillatib, qo’lini yalabdi-yu, yana
qorong’i yo’ldan chopib ketibdi. It chopib borayotib, Martino kelyaptimi-yo’qmi
deb orqasiga qarab-qarab qo’yarmish. Ozgina yurib, yana to’xtab qararmish.
– Ha, men ketyapman, ketyapman, – debdi Martino, lekin o’zicha: «Tavba, bu
qanday mo’jiza?» deb o’ylabdi.
Mana, o’rmon ancha siyraklashib osmon ko’rina boshlabdi. Yo’l kattakon
temir darvozaga kelib taqalibdi-yu, ko’zdan g’oyib bo’libdi.
Martino yo’g’on po’lat panjaradan mo’ralab qarabdi — park o’rtasida saroy
turganmish. Saroyning eshik va derazalari lang ochib qo’yilganmish, mo’rilaridan
46
buralib-buralib tutun chiqayotganmish, balkondan esa chiroyli bir sinyora qo’l
siltayotganmish — sinyora shunaqa go’zal, shunaqayam barno ekanki, Martino
bunaqangi sohibjamolni hech ko’rmagan ekan.
– Kir, kirgin, Martin o’jar! — deb qichqiribdi sinyora.
– Ana, xolos, – deb g’o’ldirabdi Martino xursand bo’lib, — Bu yoqqa kelib
qolishimni o’zim ham bilmagandim, u bo’lsa meni darrov tanidi-ya.
Martino uzoq o’ylab o’tirmay, eshik tavaqasini itarib ochibdi, parkdan o’tib
saroy zaliga kiribdi. Shunday kirishi bilan sinyora chiroyli zinadan tushib, unga
peshvoz kelayotganmish. Shunday dilbar, chiroyli ekanki, ta’rifiga til ojizmish.
Kiyimini aytmaysizmi. Farishta-yu malikalar uning oldida ip esholmasmish. U
zinadan tushib kelayotib, ichagi uzilguday bo’lib, qotib-qotib kularmish. Sinyora
judayam sho’x, quvnoq bo’lsa kerak.
Martino unga ta’zim qilibdi-da, qani bu yog’i nima bo’larkin, deb kutib
turibdi.
– Shunday qilib, – debdi sinyora quvnoqlik bilan, – ishonmading-a?
– Nimaga?
– Nimaga bo’lardi? Yo’lning hech qayoqqa olib bormasligiga-da.
– Bu bir bema’nilik-da, shuning uchun ham ishonmadim. Men o’zimcha
shunday o’ylayman: bu dunyoda xilma-xil joylar son ming, to’lib-toshib yotibdi,
yo’llar juda oz.
– To’g’ri. Doim biror yangilik ko’rish mumkin, xohish bo’lsa bas. Eng
muhimi – bir joyda o’tirmaslik kerak. Yurgan daryo, o’tirgan bo’yra, degan gap
bor-ku. Endi yur, men senga saroyni ko’rsataman.
Voy-vuy, saroyda xona, zal, bo’lmalar shunaqayam ko’pki, sanog’i-ga yetib
bo’lmaydi! Yuzdan oshiq bo’lsa oshiqki, kam emas. Har xonada zeb-ziynat,
qimmatbaho buyumman deganing tiqilib yotganmish. Xuddi uyqudagi malika yoki
butun umri befoyda boyliklarini deb so’lib, adoyi tamom bo’lgan o’lmas
Kashcheyning afsonaviy qasriga o’xshaydi-ya!
Bu yerda istagan narsani topish mumkin ekan! Bebaho olmos deysizmi,
chaqnab turadigan toshlar deysizmi, oltin-u kumushlarni gapirib o’tirmasa ham
bo’ladi.
U quvnoq sinyora bilan saroy zallarini aylanib yurarkan, sinyora hadeb
takrorlabdi:
– Ol, olaver, ko’nglingga yoqqanini olgin, sira tortinma. Olib ketishga
qiynalsang, karetamni beraman.
Martinoning ko’p narsa so’rab o’tirishiga hojat ham qolmabdi. U
ketayotganda bunday qarasa, kareta oltin-u qimmatbaho toshlarga to’lib-toshib
yotganmish. Izvoshchi o’tiradigan joyda it o’tirganmish. O’zimizning xonaki oddiy
it emas, o’qigan it emish. U otlarni juda ustalik bilan haydab boribdi, otlar yurishni
sekinlatsa yoki yo’ldan chetga chiqsa, it qattiq vovullarmish.
Tug’ilib o’sgan qishlog’ida esa hamma Martinoni o’ldiga chiqarib qo’yibdi,
uni tirik ko’rishga hech kim umid qilmay qo’ygan ekan. Martino o’jarning
qishloqqa piyoda emas, karetada kirib kelganini ko’rib, hamma hang-u mang
bo’lib qolibdi, odamlar ko’zlariga ishonishmabdi. Izvoshchi it karetadan hamma
boyliklarni yerga tushiribdi-da, hurmat-ehtirom yuzasidan dumini ikki marta
47
likillatibdi-yu, karetaga o’tirib jo’nab qolibdi. U bir zumda ko’zdan g’oyib
bo’libdi, orqasidan chang to’zoni ko’tarilib qolibdi.
Martin do’stlariga ham, dushmanlariga ham talay sovg’a-salom beribdi,
boshidan kechirgan sarguzashtlarini ularga yuz martalab hikoya qilibdi. U
hikoyasini tugatar-tugatmas eshitib o’tirganlardan goh bittasi, goh boshqasi uyiga
chopib borarkan-da, otni aravasiga qo’shib, hech qayoqqa olib bormaydigan
yo’ldan choptirib ketarkan. Biroq o’sha kuni kechqurun ular horib-charchab,
darg’azab bo’lishib qup-quruq qaytib kelisharkan. Ulardan ba’zilari yo’l o’rmon
o’rtasida daraxtlar orasida yo’qolib qoldi, boshqalari yo’l o’tib bo’lmas
changalzorga borib taqalarkan, deb hikoya qilisharkan. Hech kim hech qanday
temir darvozani, shohona saroyni, go’zal sho’x sinyorani ko’rmabdi! Chunki
shunday xazinalar bor emishki, ular hamma mashaqqatlarni yengib o’tib, o’sha
yerga birinchi bo’lib borgan odamgagina ochilarkan. Mana, masalan, Martin
o’jarga o’xshagan odamlar o’sha xazinadan bahramand bo’larkan.
Do'stlaringiz bilan baham: