XVII bob. AKSIYADORLIK JAMIYATLARI TOMONIDAN YIRIK
BITIMLAR TUZISH
17.1. Aksiyadorlik jamiyatlarida yirik bitimlar tuzish tartibi
Aksiyadorlik jamiyatlarining joriy moliyaviy-xo‘jalik faoliyati jamiyat
ijroiya organi tomonidan boshqarib borilsada, faoliyatga doir ma’lum bir bitimlar
bo‘yicha qarorlar qabul qilish ijroiya organi vakolatiga kirmaydi. Bunday amaliyot
boshqaruvchilarning aksiyadorlik jamiyati faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi
mumkin bo‘lgan qarorlar qabul qilishining oldini olishga xizmat qiladi. Shundan
kelib chiqqan holda aksiyadorlik jamiyatlarida yirik bitimlar tuzish masalasiga
alohida e’tibor qaratiladi.
Aksiyadorlik jamiyati tomonidan mol-mulkni olish yoki uni boshqa shaxsga
berish yoxud mol-mulkni boshqa shaxsga berish ehtimoli bilan bog‘liq bitim (shu
jumladan qarz, kredit, garov, kafillik) yoki o‘zaro bog‘langan
bir nechta bitim, agar
boshqa shaxsga berilayotgan mol-mulkning yoki olinayotgan mol-mulkning balans
qiymati bunday bitimlarni tuzish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinayotgan sanada
jamiyat sof aktivlari miqdorining o‘n besh foizidan ortig‘ini tashkil etsa, yirik
bitim deb hisoblanadi. Jamiyat sof aktivlarining qiymati buxgalteriya hisobi
ma’lumotlari bo‘yicha, jamiyat aktivlari va majburiyatlarining umumiy summasi
o‘rtasidagi farq sifatida aniqlanadi.
Kundalik xo‘jalik faoliyatini yuritish jarayonida tuziladigan bitimlar hamda
aksiyalarni va boshqa qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan
bitimlar yirik bitimlar hisoblanadi.
Yirik bitim predmeti bo‘lgan mol-mulkning bozor qiymati deganda mol-
mulkning eng ehtimol tutilgan narxi tushunilib, ushbu qiymat bo‘yicha mazkur
mol-mulk ochiq bozorda bitimning taraflari barcha zarur axborotga ega bo‘lgan
holda o‘z manfaatlari yo‘lida oqilona va ixtiyoriy ravishda harakat qiladigan
raqobat sharoitida boshqa shaxsga berilishi mumkin, bitim narxining baland-
pastligida esa biror-bir favqulodda holatlar, shu jumladan taraflardan birining
ushbu bitimga qo‘shilish majburiyati aks etmaydi. Jamiyat mol-mulkining bozor
qiymatini aniqlash uchun bitim ishtirokchilari tomonidan baholovchi tashkilot jalb
etilishi mumkin.
Balans qiymati yoki olish qiymati bitim tuzish to‘g‘risida qaror qabul
qilinayotgan sanada jamiyat sof aktivlari miqdorining o‘n besh foizidan ellik
foizigachasini tashkil etuvchi mol-mulk xususida yirik bitim tuzish to‘g‘risidagi
qaror kuzatuv kengashining a’zolari tomonidan bir ovozdan qabul qilinadi. Yirik
bitim tuzish masalasi bo‘yicha kuzatuv kengashining yakdilligiga erishilmagan
taqdirda yirik bitim tuzish to‘g‘risidagi masala kuzatuv kengashining qaroriga
ko‘ra aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi hal qilishi uchun olib chiqilishi mumkin.
Balans qiymati yoki olish qiymati bitim tuzish to‘g‘risida qaror qabul
qilinayotgan sanada jamiyat sof aktivlari miqdorining ellik foizidan ortig‘ini
tashkil etuvchi mol-mulk xususida yirik bitim tuzish to‘g‘risidagi qaror
aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi tomonidan qabul qilinadi.
Yirik bitim jamiyat
aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishi yoki kuzatuv kengashi ushbu bitim bo‘yicha
qaror qabul qilganidan keyin jamiyatning ijroiya organi tomonidan amalga
oshiriladi.
Yuqorida keltirilgan talablari buzilgan holda tuzilgan yirik bitim sud
qaroriga ko‘ra
haqiqiy emas, deb topilishi mumkin.
Aksiyadorlik jamiyati tomonidan yirik bitim tuzilganda, bu haqda 20-muhim
fakt e’lon qilinishi shart hisoblanadi. Bunga misol sifatida “Turonbank” ATB
tomonidan 2017 yil 30 noyabrda e’lon qilingan muhimfaktni keltiramiz (17.1-
jadval).
Do'stlaringiz bilan baham: