1. Ijtimoiy taraqqiyot va tarixiy jarayonlarning milliy g‟oyalar shakllanishi hamda
amal qilishiga ta‟siri. Insoniyat ijtimoiy taraqqiyoti uzoq davom etgan tarixiy jarayon bo'lib,
unda kishilarning erishgan moddiy va madaniy merosi o'z aksini topgan. Tarixiy taraqqiyot
jamiyatning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy-ma'rifiy, g'oyaviy-mafkuraviy rivojlanishi bilan
uzviy bog'liq holda yuz beradi.
Har bir davlat va jamiyat qurilishi bir-biridan shakl va mazmun jihatdan farq qilib, bu
ularning rivojlanish xususiyatlaridagi o'ziga xoslikni belgilaydi. Ayni paytda, dunyodagi barcha
davlatlar va jamiyatlarning paydo bo'lishi va rivojlanishida umumiylik ham mavjud bo'ladi.
Bunday umumiylik real ijtimoiy asoslarga ega bo'lib, u insoniyatning umumiy manfaat va
maqsadlarini ifoda qiluvchi g'oyalarda yaqqol ko'rinadi. Xususan, ijtimoiy - tarixiy
taraqqiyotdagi umumiylik, mutanosiblik tamoyillari insoniyatni birlashtirish, uyushtirish,
jipslashtirish, yagona ezgu maqsadga safarbar etish jarayonida namoyon bo'ladi. Shunday qilib,
har bir davlat va jamiyat rivojlanishida umumiylik, mutanosiblik bilan birga o'ziga xoslik ham
bor. Bunday o'ziga xoslikning yuzaga kelishiga o'sha davrdagi siyosiy tuzum, iqtisodiy hayot,
madaniy turmush, g'oyaviy-mafkuraviy muhit ta'sir ko'rsatadi. «Sodda qilib aytganda, - degan
edi Birinchi Prezident I.Karimov, - muayyan davlat va jamiyat taraqqiyotining har bir bosqichi
hayotning o'zi o'rtaga qo'yayotgan shart va talablarning hisobga olinishini taqozo etadi. Aytish
mumkinki, taraqqiyotning har bir bosqichi - bu yangi muammolar va ularni bartaraf etish
yo'lidagi yangi vazifalar demakdir. Bu - hayot qonuniyati, biz uni inkor etolmaymiz va inkor
etishga haqqimiz ham yo'q».
Bundan shunday xulosa chiqarish mumkinki, har qanday jamiyatning u yoki bu davrdagi
ijtimoiy-siyosiy taraqqiyoti vorislik tamoyiliga ega bo'lsada, biroq u konkretlik xususiyatiga
egadir. Konkretlik xususiyati o'z navbatida taraqqiyotning har bir ijtimoiy-siyosiy bosqichining
mazmun, mohiyatini belgilab beradi. Boshqacha aytganda, tarixiy taraqqiyotning mavjudlik
belgisi uning g'oyaviy-mafkuraviy mazmunida namoyon bo'ladi. Shu nuqtai nazardan, tarixiy
taraqqiyot bilan g'oya va mafkuralarning uyg'unligi insoniyat rivojlanishining muhim shartidir.
Ayni paytda, har qanday g'oya va mafkura xalq, millatning tub manfaatlari asosidagina real
kuchga aylanishi mumkin.
Darhaqiqat, milliy manfaatni o'zida ifoda etgan g'oyagina yashovchan bo'ladi va uning
moddiy kuchga aylanish imkoniyatini yaratadi. Masalan, hozirgi sharoitda milliy
mafkuramizning asosiy g'oyalari shakllanib bo'lgan. Ular xalqimiz tarixiy taraqqiyoti davomida
sinovlardan o'tgan. Ayniqsa, ularning ichida Vatan ravnaqi, yurt tinchligi va xalq farovonligi
kabi asosiy g'oyalar hozir milliy mafkuramizning tayanch g'oyalari hisoblanadi.
Ushbu g'oyalar mazmun-mohiyat jihatdan bir-birini to'ldiradigan hamda mantiqan egiz
g'oyalar sifatida baholanishi mumkin. Shu o'rinda ta'kidlash lozimki, g'oya va mafkuralar
hukmron siyosiy kuchning vaqtinchalik va xato maqsadlarini bajarishga qaratilganda ularning
ijtimoiy nufuzi yo'qoladi. Masalan, sovet mustabid tuzumi davrida xalqimiz o'tmishi faqat
urushlardan iborat tarix sifatida talqin etildi. Milliy ozodlik harakatlari, erk, Vatan ravnaqi uchun
olib borilgan har qanday kurash sinfiy kurash sifatida bayon etildi.
Mustaqillik sharoitida boy o'tmishimiz va milliy madaniyatimiz xolisona, ilmiy asosda
o'rganila boshladi, ularga to'g'ri yondoshuv va munosabatlar yuzaga keldi Chunonchi, Eron
axmoniylariga qarshi Shiroqning, Makedoniyalik Aleksandrga qarshi Spetamenning, arab
fotihlariga qarshi Abu Muslim va Muqannalarning, mo'g'ul istilosiga qarshi Jaloliddin
Manguberdi, Temur Malik, Najmiddin Kubro, Mahmud Torobiy va boshqalarning, ayniqsa
adolatparvar, ma'rifatparvar xukmdor Amir Temurning sa'i-harakatlari, shuningdek, Po'latxon,
Dukchi Eshon qo'zg'olonlari - bularning bari hech qanday «sinfiy kurash»ga aloqasi yo'q edi.
Bunday harakatlarni yuzaga keltirgan, unga kuch bag'ishlagan asosiy omil milliy g'oya bo'lib,
uning mohiyatini yurt ozodligi, tinchligi, Vatan ravnaqi va xalq farovonligi tashkil etardi.
Ma'lumki, g'oyalar milliy, umuminsoniy, mintaqaviy, irqiy, diniy va boshqa turli
shakllarda namoyon bo'ladi. Shuningdek, ularning afsona va rivoyatlar vositasida ifoda etilgan
mifologik, ilohiy qadriyatlar majmuasi bo'lgan diniy, olamga ilmiy yondashuv asosida vujudga
kelgan dunyoviy ko'rinishlari ham bor. G'oyalar tizimida mifologik asosning o'rni kattadir, zero,
ibtidoiy hayot davrida mifologiyaga asoslangan diniy-ilohiy qarashlar asosida, totemizm,
animizm, fetishizm kabi g'oyaviy tizimlar - mafkura shakllari bo'lgan. Taraqqiyotning keyingi
bosqichlarida milliy asosdagi hinduizm, iudaizm, konfusiylik singari diniy mafkuralar
shakllangan. Yaponlar esa o'zlarining milliy dini - sintoizmni yaratganlar.
G'oyalar tizimi, ta'kidlash lozimki, o'zgarmas emas. Uning tarkibi dunyodagi hamda u yoki
bu mintaqa, davlatdagi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma'naviy-mafkuraviy holatlarga bog'liq holda
o'zgarish va yangilanish tamoyiliga amal qiladi. Ayni paytda, g'oyalar tizimidagi ayrim sifatlar
muammoning hal etilishi darajasiga muvofiq ba'zan ko'tarilib, keskinlashishi ba'zi hollarda esa,
uning hal etilgan muammo sifatida pasayishi yoki tamomila yo'q bo'lishini kuzatish mumkin.
Masalan, irqiy manfaatlarni o'zida aks ettirgan g'oyalar insoniyat tarixida doimo dolzarb
bo'lib kelgan. Irqiy kamsitishlar, ularga ijtimoiy-siyosiy imkoniyatlarning berilmasligi, jumladan,
qora tanlilarni qul qilib sotish yoki sotib olish bilan bog'liq muammolar doimo bo'lgan. Irqiy
cheklashlar bilan bog'liq muammolar XX asrning 60-yillarida o'ta keskinlashdi.
Ammo, dunyodagi erkparvar jamoatchilikning talabi, ayniqsa G'arb mamlakatlari
hukumatlarining rasmiy siyosati, demokratik tartiblarning har tomonlama joriy etilishi oqibatida
irqiy tafovutlar yo'qola bordi. Qora tanlilarning huquqlari tiklana boshlab, ularning kamsitish
o'rniga o'zaro hamkorlik, hamjihatlik g'oyasi shakllandi. Bularning bari hozirgi kunga kelib
muayyan irqiy manfaatlarni o'zida ifoda etuvchi g'oyalarning ahamiyatini pasaytira boshladi.
Aynan shunday fikrlarni mintaqaviy manfaatlarni o'zida aks ettiruvchi g'oyalar to'g'risida
ham aytish mumkin. Jumladan, jahon hamjamiyatiga umumiy tahdid solib turgan ayrim konkret
holatlarda mintaqaviy manfaatlarni ifoda etuvchi g'oyalarning ta'siri ma'lum darajada pasayishi
mumkin. Masalan, ikkinchi jahon urushi davrida barcha mintaqaviy ahamiyatga molik g'oyalar
fashizmni tor-mor etishga qaratilgan g'oyaga bo'ysundirildi. Umuminsoniyatga daxldor g'oyalar
ijtimoiy taraqqiyotning barcha davrlarida ustuvor ahamiyat kasb etaveradi. Bu hol, jumladan,
XX asrning oxiri, XXI asr boshlarida yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Gap shundaki,
diniy fundamentalizm, ekstremizm hamda undan kelib chiqadigan xalqaro terrorizm bu davrda
ancha avj oldi. Ushbu salbiy holatlar, shubhasiz, jahon hamjamiyatining birlashishiga, yagona
maqsad yo'lida imkoniyatlarni jipslashtirishga sabab bo'ldi. Natijada mintaqaviy manfaatlarni
himoya etuvchi g'oyalar ijtimoiy rivojlanishning mazkur davrida o'z ustuvorligini ma'lum
darajada pasaytirib, umuminsoniy qadriyatlarni himoya etuvchi hamda hududiy cheklanishlarni
istisno qiluvchi g'oyalarning dolzarbligi ortdi.
G'oyalar tizimida diniy manfaatlarni o'zida aks ettiruvchi g'oyalar alohida ahamiyatga ega.
Bunday g'oyalar ham inson ongi, ruhiyati bilan bevosita bog'liq. Diniy manfaatlarni o'zida ifoda
etgan g'oyalar «Tavrot», «Zabur», «Injil», «Qur'on» kabi ilohiy kitoblarda zikr etilgan.
Umuman, xalqlar, millatlar va davlatlar mavjud ekan, ularning borligini anglatib turuvchi
g'oyalarning amal qilishi tabiiydir. Insoniyatning taraqqiyoti, uning kelajagi mavjud mintaqaviy,
irqiy va diniy manfaatlarni o'zida aks ettiruchi g'oyalarning mutanosibligini ta'minlashga bog'liq.
Bunday mutanosiblikning buzilishi esa dunyoda ko'plab muammolarning yuzaga kelishiga sabab
bo'lmoqda.
Milliy g'oyalar va mafkuraviy qarashlar har bir davlatning mavjudlik belgisi hisoblanadi.
Ayni paytda, ushbu qadriyatlar o'sha davlat va xalqning ijtimoiy mo'ljali hamdir. Yana shu
narsaga e'tibor berish lozimki, davlatlarning ijtimoiy-siyosiy tuzumlari o'zgargan paytlarda
g'oyaviy-mafkuraviy qarashlar ham o'zgaradi. Umuman, g'oyaviy-mafkuraviy qarashlar, ular
tomonidan himoya qilinadigan qadriyatlar har bir davlat va xalqning ijtimoiy taraqqiyotida katta
ahamiyat kasb etadi. Ayni paytda, bir ijtimoiy-siyosiy tuzum davridagi g'oyaviy-mafkuraviy
qarashlar boshqa tuzum sharoitida tamomila yangicha mohiyat kasb etsada, ammo, ularning
ayrim jihatlari vorislik ahamiyatiga ega bo'ladi. Davlatlarning ijtimoiy-siyosiy tuzumidan qat'iy
nazar bu holning mohiyati o'zgarmasdan qolishi mumkin.
Masalan, mustaqillikning dastlabki yillarida milliy mafkurani shakllantirish to'g'risida
ko'plab fikrlar bildirildi. Biroq, bu - O'zbekistonda milliy mafkura ilgari mavjud emasdi, degan
ma'noni anglatmaydi. Chunki o'zbek xalqining uzoq tarixiy - madaniy rivojlanishi davrida milliy
mafkuraning muayyan jihatlari shakllangan edi. Masalan, «Avesto», turkiy bitiklarda, IX-XII
asrlardagi Sharq U'yg'onish davrida, shuningdek, Amir Temur va temuriylar hamda jadidlar
davridagi ma'naviy-mafkuraviy jarayonlarda milliy mafkuraning ustuvor ko'rinishlari namoyon
bo'lgan edi. Ammo, sovet mustabid tuzumi davrida bu mafkura siyosiy aqidalar iskanjasiga
olindi va rasmiy hokimiyat tomonidan rad etildi, uning go'yo reaksion ekanligini «isbotlash»ga
harakat qilindi. Mustabid tuzum davrida milliy mafkura siyosiy tazyiqlar ostida bo'lsada yashab
qoldi, u yo'qolmadi. Boshqacha aytganda, bu davrda ikki mafkuraviy muhit yuzaga keldi.
Birinchisi, rasmiy mafkura bo'lib, u kommunistik dunyoqarashni aks ettirar, ikkinchisi esa,
rasmiy hokimiyatning cheklashlariga qaramasdan mavjud edi va norasmiy ravishda o'zbek
xalqining milliy qarashlarni tashkil etardi.
Mustaqillik yillarida sovet mustabid tuzumi davrida toptalgan va yo'qotishga mahkum
etilgan milliy mafkura tiklana bordi. U mustaqillik, milliy tiklanish g'oyalari asosida yangi
sifatlar bilan boyitildi. Chunki, har bir ijtimoiy-siyosiy tuzumga uning mohiyatidan kelib
chiqadigan g'oyaviy-mafkuraviy qarashlar mos bo'ladi. Shu bilan birga g'oyaviy-mafkuraviy
qarashlar vorislik tamoyiliga ega bo'lganligi uchun ham ular yangi mazmun va sifatlar bilan
takrorlanishi mumkin.
O'zbekistonda hozir shakllanib, rivojlanayotgan milliy g'oya asosida yurtimizda ming yillar
davomida paydo bo'lgan sivilizasiya (lotincha - fuqaroviy, ijtimoiy) muhim ahamiyat kasb etadi.
«Hozir O'zbekiston deb ataluvchi hudud, ya'ni bizning Vatanimiz, - deydi Birinchi Prezidentimiz
I.Karimov, - nafaqat Sharq, balki umumjahon sivilizasiyasi beshiklaridan biri bo'lganini butun
jahon tan olmoqda».
Haqiqatan ham sivilizasiyalar tarixi, bu insoniyat va uning g'oyalari tarixidir. Ma'lumki,
sivilizasiya ayrim hududiy, bir-biri bilan bog'lanmagan sivilizasiya maskanlari yoki o'choqlari
sifatida shakllana boshlab (masalan, Qadimgi Misr sivilizasiyasi, Qadimgi Bobil sivilizasiyasi,
Qadimgi Hind sivilizasiyasi, O'rta Yer dengizi sivilizasiyasi va sh.k.), bozor iqtisodiyoti
munosabatlari va iqtisodi hukmronligi davrida (XVI - XX asrlar) umumjahon sivilizasiyasiga
aylanadi.
Ta'kidlash kerakki, sivilizasiyaning tarixi urushlar va diniy jaholatparastlikka qarshi,
dunyoviy jamiyat uchun kurash tarixidir. XX asrning ikkinchi yarmiga kelib ilg'or fan-texnika va
texnologiya asosida ish ko'rib, o'zlarida demokratik, insonparvar jamiyat va huquqiy davlat
qurgan mamlakatlargina haqiqiy sivilizasiya yo'liga chiqmoqdalar. Sivilizasiya insoniyat
taraqqiyotining maxsulidir. U insoniyat jamiyatining nihoyatda nozik holati bo'lib, vaqt jihatidan
besh million yillik insoniyat tarixining bor-yo'g'i 0,1 foizini tashkil qiladi, ya'ni insoniyat
o'zining bosib o'tgan yo'lining 99, 9 foizi davomida yovvoyilik va vahshiylik darajasida hayot
kechirgan.
Umuman, sivilizasiyalar tarixida g'oya va mafkuralarning o'rni beqiyos. Boshqacha
aytganda, sivilizasiyalarning paydo bo'lishi va shakllanish jarayonining o'zi ham g'oya va
mafkuralarning mavjudligi asosida yuz bergan. Sivilizasiyalar o'z-o'zidan paydo bo'lmaydi. Bu
jarayon progressiv holatning reaksion, ijobiyning salbiy, yaxshining yomon, bunyodkorlikning
vayronkorlik bilan o'zaro kurashlari asosida yuzaga kelgan.
Buning natijasida yangi g'oyalar va mafkuralar yuzaga kelgan va o'ziga yo'l ochgan.
Xalqparvarlik, tinchlik, ozodlik, hurfikrlik, do'stlik, bag'rikenglik, taraqqiyot kabi g'oyalar
aqidaparastlik, diniy fanatizm, terrorizm, bosqinchilik, fashizm, bolьshevizm, jaholatparastlik,
shovinizm kabi vayronkor g'oyalarga qarshi kurashlar jarayonida umuminsoniy, umumbashariy
qadriyatlar darajasiga ko'tarildi. Shovinizm, terrorchilik, irqchilik, millatchilik, siyosiy terrorizm,
rasizm kabi g'oyalar sivilizasiyaning ashaddiy dushmanlaridir. Milliy g'oya ushbu g'oyalarni
tamomila inkor etadi. Milliy taraqqiyot konsepsiyasida xalqimizning g'oyaviy-mafkuraviy
merosini ijodiy rivojlantirish masalalariga alohida e'tibor qaratilgan. G'oyaviy-mafkuraviy meros
har bir xalq hayotida tarixan shakllangan fenomenal hodisa hisoblanadi. Bunday meros
o'zgarmas va qotib qolgan narsa emas. U doimo ijodiy rivojlanib boradigan, yangi sifat va
mazmun bilan boyiydigan hodisadir.
O'zbekistondagi uzoq davrlar mobaynida shakllangan ijtimoiy-siyosiy, madaniy merosga
e'tibor beriladigan bo'lsa unda inson va jamiyatni ezgulik va yaxshilikka undovchi g'oyalar
hamisha ustuvor ahamiyat kasb etganligini ko'rishimiz mumkin. Ammo, milliy madaniy
merosimizdagi barcha qadriyatlar ham o'zgarmas, degan xulosa kelib chiqmasligi lozim.
Masalan, milliy merosimizda insonni faqat sabr-qanoatga undovchi, undagi yaratish,
bunyod etishga rag'batlantiruvchi
g'oyalarning
yuzaga kelishiga mone'lik qiluvchi
qadriyatlarimiz ham borligini unutmaslik kerak. Bu g'oyalar hozirgi sharoitda zamonga, dunyoda
sodir bo'layotgan o'zgarishlarga mos ravishda yangi sifatlar bilan boyib borishiga erishish
muhimdir.
Qolaversa, masalaning yana boshqacha jihati ham bor. U ham bo'lsa, milliy g'oyaviy-
mafkuraviy merosni ideallashtirishga bo'lgan urinishlardir. Albatta, bunday meros bilan biz
faxrlanamiz. Ammo, ayni paytda, uni mutlaqlashtirish ham yaxshi natijalarga olib kelavermaydi.
«Ota-bobolarimiz shuhratining soyasiga mahliyo bo'lib yuradigan davrlar endi o'tdi. Bugun
jahon bizdan o'z so'zimizni aytishimizni, o'z tafakkurimizni namoyon etishimizni talab qilmoqda.
Boshqa xalqlar, boshqa millatlar bizga yotsirab - bepisand qaramasligi, balki bizni e'tirof etishi,
bizni ehtirom etishi kerak. Biz ana shu yuksak munosabat va hurmatga loyiq bo'lishimiz darkor».
Milliy g'oyaning tub mazmun-mohiyatini aniqlashda g'oya va mafkuralar shakllanib,
rivojlanishining tarixiy davr va bosqichlarini tahlil qilish muhimdir. Gap shundaki, sovet
mustabid tizimi davrida g'oya va mafkuralar rivojlanish tarixini davrlashtirish tarixni
davrlashtirish bilan bir xil amalga oshirildi. Bunda formasion yondoshuvga amal qilindi.
Ma'lumki, formatsion yondoshuv asosida insoniyat tarixi: ibtidoiy jamoa, quldorlik,
feodalizm, kapitalizm va kommunizm formasiyalaridan iborat, degan aqidaga amal qilindi. Bu
yondoshuvning xato jihatlari esa quyidagilardan iborat edi:
1. Har bir davrni o'rganish sinfiylik, partiyaviylik tamoyillari asosida olib borildi.
2. Sivilizasion yondoshuv mutlaqo inkor etildi.
3. Tarixni davrlashtirishda hukmron siyosiy-mafkuraviy kuch manfaatlari himoya qilindi.
Mazkur holatga binoan sovet mafkurasi formatsion yondoshuv asosidagina o'zining
yashovchanligini ta'minlashi mumkin edi. Demak, umuman tarixni, shu jumladan g'oya va
mafkuralar tarixini davlatlashtirishda umumiylik mavjud. Hozirgi kunda tarixni sinfiylik,
partiyaviylik kabi tamoyillar asosida o'rganish va davrlashtirish inkor etilgani kabi, ularni
sivilizasion yondashuv asosida o'rganish ham aniq bo'lib qoldi. Sivilizasion hodisalarni kopleks-
tizimli yondashuv asosida o'rganish bizga g'oya va mafkuralarning rivojlanish tarixini
davrlashtirishda to'g'ri yo'l tanlashga imkon bermoqda.
Agar masalaga shu asosda yondashadigan bo'lsak, unda O'zbekistonda g'oya va mafkuralar
rivojlanishini quyidagi sivilizasion yondashuv asosida o'rganish mumkin:
1. Ibtidoiy jamiyat;
2. O'rta asrlar davri;
3. Xonliklar davri
4. Chor Rossiyasi mustamlakachiligi davri;
5. Sovet mustabid tizimi davri;
6. Milliy mustaqillik davri.
Ta'kidlash lozimki, har bir davrning o'ziga xos ijtimoiy taraqqiyotining o'sha bosqichini
o'zida mujassam etgan g'oyalari mavjud bo'lgan. Masalan, ibtidoiy jamiyatda inson
yovvoyilikdan madaniylashishga o'ta boshladi, tabiat sirlarini o'rganib o'zining inson ekanligini
his etish bilan bog'liq g'oyalar yuzaga kela boshladi. O'rta asrlar davrida esa ibtidoiy jamiyat
paytida shakllana boshlagan milliy davlatchilik yanada takomillasha bordi, xalqning shakllanish
jarayoni ro'y bera boshladi, madaniyat va san'atda o'ziga xoslik yuzaga keldi hamda bu ma'naviy
hayotdagi milliylik sifatida paydo bo'ldi. Umuman milliy istiqlol g'oyalarining yuzaga kelishida
bu davr o'ziga xos ahamiyatga ega. Zero, o'rta asrlarda O'zbekistonda buyuk Sharq Uyg'onish
madaniyati, Sharq Renessiansi yuz berdi. Ayni paytda, bu davrda yurtimizga islom dini kirib
kelishi natijasida musulmon madaniyati shakllana boshladi. Tabiiy, ilmiy fanlar bilan birga diniy
ta'limot rivoj topdi. Ushbu davrning asosiy g'oyasi esa barkamol insonni tarbiyalash va adolatli
jamiyat qurishdan iborat bo'ldi. Xorazmiy, Farg'oniy, Forobiy, Ibn Sino, Beruniy, Alisher
Navoiy, Bobur, Mirzo Ulug'bek kabilarning ilmiy merosida, Moturidiy, Ahmad Yassaviy,
Najmiddin Kubro, Bahouddin Naqshband va boshqalarning diniy ta'limotlarida ko'tarilgan asosiy
g'oyalar mushtarak bo'lib, ularda milliy g'oyaning muhim jihatlari o'z ifodasini topgan.
Shuningdek, mustamlakachilik va sovet mustabid tizimi davridagi norasmiy g'oya va
mafkuralarning mazmunini asosan mustaqillik g'oyasi, O'zbekistonni tom ma'noda istiqlolga
erishishga yo'naltiruvchi g'oyalar tashkil etganligini ham qayd etish lozim. Umuman, g'oya va
mafkuralar rivojlanishining tarixiy bosqichlarini yoritishda sivilizasion yondashish milliy
g'oyaning mazmun-mohiyatini to'g'ri anglab etishga imkon beradi.
Ayni paytda milliy g'oyani chuqur o'rganib, uni jamiyatning har bir fuqarosida ijtimoiy
amaliyot darajasiga ko'tarishda ijtimoiy ong va uning shakllari mlhim ahamiyat kasb etishini
e'tiborga olish lozim. Boshqacha aytganda, ijtimoiy ong shakllari, ma'lum darajada, g'oyaviy-
mafkuraviy funksiyalarni bajaradi.
Ma'lumki, ong o'z mazmun-mohiyatiga ko'ra g'oyaviy-mafkuraviy tavsifga ega. Ijtimoiy
ong jamiyatning ishlab chiqarish munosabatlarini o'zida aks ettiruvchi, xalqning umumiy hayot
darajasini ifodalovchi his-tuyg'u, g'oya va qarashlari majmuidir. Ijtimoiy ong madaniyatdagi
siyosiy, huquqiy, axloqiy, falsafiy, diniy, estetik qarashlar, kechinmalar tarzida ko'rinadi.
Ta'kidlash lozimki, ijtimoiy ongning har bir shakli o'ziga xos tarzda g'oyaviy-mafkuraviy
vazifani bajaradi va milliy istiqlol g'oyasining shakllanishida o'ziga xos rol o'ynaydi. Uning turli
shakllarida umuminsoniy ahamiyatga ega bo'lgan, ayni paytda milliy o'zlikni o'zida aks ettirgan
chuqur mazmun, teran g'oya va insoniy qadriyatlar mujassam bo'ladi. Har bir shaklda u yoki bu
millatning uzoq yillar mobaynida to'plagan milliy madaniy, ilmiy, ma'rifiy va g'oyaviy-
mafkuraviy merosi vorislik tamoyili asosida avloddan-avlodga o'tib boradi.
Insoniyat tarixiy taraqqiyoti tajribalari shuni ko'rsatmoqdaki, milliy g'oya jamiyatdagi
ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, ma'naviy va huquqiy munosabatlar tizimiga mutanosib
shakllangandagina real kuchga aylanishi mumkin. Ijtimoiy hayot, iqtisodiy turmush, siyosat,
ma'naviyat va ma'rifat, huquqiy munosabatlar, hech shubhasiz, g'oyaviy-mafkuraviy jarayonlarga
ta'sir ko'rsatadi. Shu bilan birga, g'oyaviy-mafkuraviy jarayonlarning o'zi ham ana shu
munosabatlar tizimiga ijobiy yoki salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin.
Milliy mafkura konsepsiyasida ham bu masalaga alohida e'tibor berilgan. Jumladan,
ma'naviy qadriyatlarimizni ilm-fan va taraqqiyot yutuqlari bilan boyitib borishi, o'zligimizni
anglash, milliy g'oya va mafkura tamoyillarini xalqimizning qalbi va ongiga sindirish, muqaddas
dinimiz va tariximizni soxtalashtirish, ulardan siyosiy maqsadlarda foydalanishga yo'l qo'ymaslik
- bu boradagi asosiy vazifalarimiz ekanligi ta'kidlanadi.
Ijtimoiy-tarixiy taraqqiyotda har bir davlatning u yoki bu davrdagi siyosati va uning
mafkura bilan o'zaro munosabatlari hamisha dolzarb masala bo'lib kelgan. Ma'lumki, davlat
siyosati shu mamlakatda mavjud bo'lgan rasmiy mafkuraning manfaatlarini himoya qiladi.
Umuman, ijtimoiy rivojlanishning hozirgi bosqichida «mafkuraviy siyosat» atamasi ham keng
ishlatilmoqda.
Shu nuqtai nazardan hozirgi paytda siyosat mafkuralashishi mumkin bo'lgani kabi, mafkura ham
siyosiylashuvi mumkin. Bu narsa bugun paydo bo'lgani yo'q. Uning mavjudligi uzoq va yaqin
tarixda ko'p kuzatiladi. Ya'ni, siyosatning to'g'riligini isbotlash va «asoslash» uchun shunga mos
mafkura ishlab chiqiladi. Masalan, qadimgi Rimda mustamlakachilik siyosatini asoslash uchun
soxta vatanparvarlik mafkurasi ishlab chiqilgan. Muqaddas joylarni o'zining «haqiqiy egalari»ga
qaytarishdan iborat bo'lgan soxta mafkura esa O'rta asr Evropa davlatlarining «Salb yurishi»
siyosatiga asos bo'ldi. Turkistonni bosib olish, uning moddiy boyliklariga ega bo'lishdan iborat
Rossiyaning XIX asr o'rtalaridagi siyosati, uning «Qoloq xalqlarni madaniylashtirish»dan iborat
mafkuraviy siyosatining yuzaga keltirdi. Sovet hukumati o'zining talonchilikdan iborat siyosatini
amalga oshirish uchun kommunistik mafkurani takomillashtirgan bo'lsa, fashistlar Germaniyasi
o'zining mustamlakachilik siyosatini yuritish maqsadida «Oliy irq» mafkurasini olg'a surdilar.
Umuman, siyosat va mafkura inson manfaatlariga mos kelmas ekan, bunda ijtimoiy to'ntarishlar,
ommaviy qirg'inlar yuzaga kelishi mumkin. Masalan, ushbu sabablar tufayli XX asrda ikkita
jahon urushi, 450 ga yaqin lokal urushlar yuzaga keldi. Buning natijasida dunyoda 185
milliondan ortiq kishi halok bo'ldi.
Masalaning yana boshqa bir jihati ham mavjud. Gap shundaki, u yoki bu mamlakatda
hokimiyatning rasmiy siyosatiga u tanlagan rasmiy mafkura mos kelishi tayin. Ammo, shu bilan
birga, ayrim holatlarda o'sha mamlakatdagi rasmiy siyosatga muqobil tarzda, rasmiy kuch
tomonidan cheklangan, boshqa mafkura ham faoliyat ko'rsatishi mumkin. Masalan,
mustamlakachilik davrida milliy manfaatlarni himoya etuvchi, milliy istiqlol uchun kurash
yo'lini tanlagan jadidchilik mafkurasi yuzaga keldi.
Biroq, bu mafkura o'z mazmun-mohiyatiga ko'ra, milliy mafkura bo'lganligi uchun ham
ta'qiqlandi. Birgina 1937-1939 yillarda O'zbekistonda 6920 nafar davlat arbobi, ziyoli -
ijodkorlar, 80-yillardagi «Qayta qurish» yillarida esa «paxta ishi» va «o'zbeklar» ishi oqibatida
4,5 ming milliy kadrlar qatag'on qilindi. Bu o'rinda ta'kidlash lozimki, jamiyatdagi inson
manfaatlariga mutanosib ravishda mavjud bo'lgan siyosat va mafkura masalasi mazkur jamiyatda
barqarorlikni yuzaga keltiradi.
G'oyaviy-mafkuraviy jarayonlarning axloq, din, san'at bilan o'zaro munosabatlari masalasi
ham muhimdir. Milliy g'oya va mafkura o'zbek xalqining milliy axloqi, milliy san'ati va
madaniyatini
turli
«izm»lardan,
vayronkor
g'oyalardan
asraydigan
kuch-qudrat
hisoblanadi. Shuning uchun ham O'zbekiston hukumati, mamlakat Prezidenti milliy
mafkuramizning qonuniy-huquqiy asoslarini yaratishga alohida e'tibor bermoqda. Shu ma'noda
qayd etish kerakki, milliy mafkura milliy taraqqiyot manfaatlarini himoya qiluvchi ijtimoiy
hodisadir. O'zbekiston Konstitusiyasining 4, 5, 8, 13, 14, 17, 18, 20, 29, 31, 41, 42, 46, 49, 64,
66, 126 kabi moddalarida jamiyat va shaxs, ularning o'zaro munosabatlari masalasiga alohida
e'tibor berilgan. Asosiy Qonunning 12-moddasida esa mafkura va davlat o'rtasidagi munosabatga
oydinlik kiritilgan. Hech qaysi mafkuraning davlat mafkurasi sifatida o'ranatilishi mumkin
emasligi qoidasi masalaga yangicha yondashuvdir.
Ma'lumki, dunyoda turli g'oyalar va mafkuralar mavjud bo'lib, ularning har biri u yoki bu
millat, davlat yoki ijtimoiy guruhning manfaat va maqsadlarini ifoda etadi. Har qanday g'oya
ham albatta bunyodkor bo'lavermaydi. G'oyalar vayronkor ham bo'lishi mumkin.
Masalan, Yevropa davlatlarining «Salb yurishi», Italiya, Germaniya, Yaponiyaning ikkinchi
jahon urushi davridagi g'oyalari hech qachon milliy g'oya bo'la olmaydi, zero milliy g'oya aniq
bir millatning bunyodkorlik, yaratuvchilik, uyushtiruvchilikdan iborat bo'lgan g'oyalar
majmuidir. Dunyodagi barcha xalqlarning milliy g'oyalari, o'z navbatida, umuminsoniy
mazmunga ega bo'ladi.
Darhaqiqat, hech bir umuminsoniy g'oya yoki qadriyat alohida olingan bir millat
tomonidan yaratilmaydi. Umuminsoniy g'oyalar - bashariyat intellektual salohiyatining ijodiy
mevasi, insoniyat taraqqiyoti, evolyusion o'zgarishlarning mahsuli hisoblanadi.
Ijtimoiy taraqqiyotning hozirgi bosqichida demokratiya, gumanizm, tinchlik, barqarorlik,
mustaqillik, ozodlik, qonun ustuvorligi va inson erkinliklari kabi g'oya va qadriyatlar
umuminsoniy ahamiyatga ega. Ayni paytda, yaxshilik, adolat, millatlarning teng huquqliligi,
vijdon erkinligi, tabiatni asrash va shu kabilar umuminsoniy g'oyalarga misol bo'la oladi. Jamiyat
rivojida ular xilma-xil tarzda, turli-tuman shakllarda namoyon bo'lib, inson hayotining ma'naviy
mezoni bo'lib xizmat qiladi.
Umuminsoniy g'oyalarning har bir xalq mafkurasida ustuvor bo'lishi shu xalqning jahon
hamjamiyatiga teng huquqli a'zo sifatida barcha bilan tinchlik va hamkorlik aloqalarini o'rnatishi,
erkin va farovon hayot barpo etishining muhim shartidir. Qayd etish lozimki, mamlakatimizdagi
milliy mafkura umuminsoniy g'oyalarga suyanadi, undan oziq oladi.
XIX asrning ikkinchi yarmidan jahondagi g'oyaviy- mafkuraviy jarayonlarda demokratik
tamoyillarning shakllanib, rivojlanishi yuz bera boshladi. Demokratlashtirish, erkinlashtirish,
iqtisodiyotning ochiqligi, havfsizlik muammolariga munosabatlarning bir-biriga yaqinlashuvi
bugun jahondagi ko'pchilik davlatlarning ichki va tashqi siyosatlarini belgilab bermoqda. 200 yil
muqaddam jahonning hamma davlatlari avtoritar davlatlar edi. XIX asrning oxirida jahonda 13
tagina demokratik davlat bor edi. XX asrning birinchi yarmida ularning soni ikki marta ortdi,
1992 yilga kelganda esa jahondagi 183 davlatning 91 tasi demokratik davlat bo'ldi, yana 35 tasi
esa avtoritarizmdan demokratiyaga o'tish davrida turardi. Shu asosda umumsayyora ko'lamida
axloqiy-ma'naviy masalalar va qiziqishning kuchayishi ravshanroq ayon bo'lmoqda.
Umumbashariy g'oya hisoblangan demokratiya g'oyasi mustaqillikka erishganidan so'ng
O'zbekistonda ham huquqiy zaminga qo'yildi. Bu narsa mamlakatimizning asosiy Qonuni -
O'zbekiston Konstitusiyasida ham o'z aksini topdi. Masalan, uning «Muqaddima» qismida
konstitusiyaning asosida insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etish vazifasi
qo'yilganligi aytilgan bo'lsa, birinchi moddada «O'zbekiston - suveren demokratik respublika»
deb e'lon qilinadi. Hozirgi sharoitda demokratiya insoniyat oldida turgan hamda erishishi lozim
bo'lgan eng katta umuminsoniy g'oyaga aylandi.
Milliy g'oya g'oyaviy-mafkuraviy jarayonlarni demokratiyalashtirishni qat'iy talab
qilmoqda. Demokratiyalashtirish eng avvalo jamiyat fuqarosida eski tuzum sarqitlarini bartaraf
etish hamda uning yangicha fikrlash va tafakkur qilishi uchun shart-sharoit yaratishdir. Zero,
«modomiki biz huquqiy demokratik davlat, erkin fuqarolik jamiyati qurayotgan ekanmiz,
ma'naviyat sohasidagi yigirma birinchi asrga mo'ljallangan harakat dasturimiz ham ana shundan
kelib chiqmog'i darkor. Ya'ni erkin fuqaro - ongli yashaydigan, mustaqil fikrga ega bo'lgan shaxs
ma'naviyatini kamol toptirish bizning bosh milliy g'oyamiz bo'lishi zarur». G'oyaviy-mafkuraviy
jarayonlarni
demokratiyalashtirishda
mamlakatimizdagi
siyosiy
partiyalar,
jamoat
tashkilotlarining o'rni va ahamiyati katta. Ular mamlakat ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy-
ma'rifiy hayotida demokratlashtirish va hayotni erkinlashtirish borasida ancha jiddiy ishlarni
amalga oshirmoqdalar. Biroq, hali ularda o'z faoliyatini takomillashtirish uchun tajriba
etishmayotganligi ko'rinib qolmoqda.
Mamlakatimizda ro'y berayotgan g'oyaviy-mafkuraviy jarayonlarni insonparvarlashtirish
masalasi ham o'ta muhim ahamiyatga molikdir. Umuman, gumanizm g'oyalari, jamiyatni
insonparvarlashtirish muammosi insoniyatning eng dastlabki paytlaridanoq katta muammo
sifatida kun tartibida turibdi. Insonparvarlik kishiga g'amxo'rlikni anglatadi. U odamning qadri,
uning erki, qobiliyatlari har tomonlama namoyon bo'lishi uchun kurashishda, insonning baxt-
saodati, teng huquqliligi, adolatli hayotni ta'minlashga intilishda o'z aksini topadi. Shuni alohida
ta'kidlash lozimki, O'zbekistonning o'tmish tarixi - gumanizm g'oyalarining shakllanishi tarixi
hamdir. Buyuk ajdodlarimizning ijodi va faoliyatida inson qadr-qimmati, uni hurmatlash, ularga
erkin faoliyat ko'rsatish uchun shart-sharoit yaratish g'oyasi yotadi.
Bu narsa jadidchilik va ma'rifatparvarlik harakatida ham o'z aksini topgan. Masalan,
Abdulla Avloniy insonni ulug'laydigan, bezaydigan yaxshi xulqlardan hisoblangan
odamgarchilik, insonparvarlik tufayli olamga madaniyat, ma'rifat, adolat urug'lari yoyiladi,
deydi. «Odamgarchilikka, insoniylikka putur yetsa, - deydi Abdulla Avloniy, - musulmonlarning
diliga ittifoq o'rniga nifoq, adolat o'rniga zulm, muhabbat o'rniga adovat, g'ayrat o'rniga atolat
(murtadlik), muruvvat o'rniga g'azab, sahovat o'rniga buxl (baxillik), tavoze' o'rniga kibr, sadoqat
o'rniga iftiro (bo'hton, tuhmat), shafqat o'rniga hasad, hurmat o'rniga husumat, qanoat o'rniga
tama', sabr o'rniga g'urur, iqtisod o'rniga isrof, avf o'rniga dahshat, sa'y o'rniga safohat
(nodonlik), g'ayrat o'rniga xurufot aralashadi».
Ta'kidlash lozimki, insonparvarlik keng ijtimoiy fikrni qamrab oladi va ijtimoiy-gumanitar,
umumta'lim sohalarida «gumanizm» nomi bilan ataladi. Gumanizmning o'ziga xos g'oyaviy-
mafkuraviy mezonlari mavjud. Bular - inson erki, uning qadr-qimmati, fuqaroning jamiyat
oldidagi o'z burchi va mas'uliyatini his etishi hamda unga amal qilishi kabilardir.
Milliy g'oya vatanparvarlikka, xalqning tarixiy xotirasiga, o'zligini anglashiga asoslanadi.
Bizning milliy g'oyamiz millatning, davlatning, yurtning qadr-qiymatini yuksaltiradi, iqtisodiy,
sosial, siyosiy va ma'naviy salohiyatini yuzaga chiqaradi, oriyat va g'ururini asraydi, istiqbolini
belgilaydi, kelgusi taraqqiyot uchun yo'l-yo'riqlar ko'rsatadi. Milliy g'oya o'zbek millatining
o'ziga xosligi nimada ekanligini asoslab beruvchi ilmiy-nazariy va falsafiy qarashlar tizimidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |