22.09.2021, 02:10
739-сон 21.11.2020. Yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolala…
https://lex.uz/docs/-5117079
1/51
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
YETIM BOLALAR VA OTA-ONASINING YOKI BOSHQA QONUNIY VAKILLARINING
QARAMOG‘IDAN MAHRUM BO‘LGAN BOLALARNING IJTIMOIY HIMOYASINI YANADA
KUCHAYTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan
bolalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019-yil 11-fevraldagi
PQ-4185-son qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy
vakillarining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar huquqlari kafolatlarining huquqiy asoslarini
takomillashtirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada kuchaytirish maqsadida
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Moliya
vazirligining:
yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar
davlat tarbiya, davolash-sog‘lomlashtirish, tibbiy-ijtimoiy muassasalarida hamda ularni tamomlagandan so‘ng
akademik litsey, kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlar (keyingi o‘rinlarda — ta’lim muassasalari),
shuningdek, oliy ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya oladigan muddatda to‘liq davlat ta’minotida bo‘lishi;
ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan yetim bolalar va ota-onasining
yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga ularning shaxsiy xarajatlari uchun har
oyda bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida pul mablag‘lari to‘lanishi to‘g‘risidagi takliflariga
rozilik berilsin.
2. Belgilansinki:
to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining
qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar ta’lim muassasalarini bitirib, ishga qabul qilinayotganda kiyim-bosh,
poyabzal va boshqa buyumlar sotib olish uchun nafaqa to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar davlat ta’lim muassasalari
faoliyatini moliyaviy ta’minlash uchun tegishli yilga nazarda tutiladigan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti
mablag‘lari hisobiga qoplanadi;
to‘liq davlat ta’minoti pul nafaqalari hamda oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-bosh, poyabzal va boshqa
buyumlar, shuningdek, transportda yurish kartochkalaridan iborat bo‘ladi;
davlat ta’minotiga olingan bolalarga (keyingi o‘rinlarda — o‘quvchi (talaba) ular ta’lim muassasasini
bitirayotganda, ishga qabul qilinayotganda kiyim-bosh, poyabzal va boshqa buyumlar sotib olish uchun bazaviy
hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida, yo‘l xarajatlari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari
miqdorida pul nafaqasi (keyingi o‘rinlarda — bitiruv nafaqasi) beriladi.
3. Quyidagilar:
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, akademik litsey, kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlarda
ta’lim olayotgan to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy
vakillarining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni pul nafaqalari hamda oziq-ovqat, kiyim-bosh, poyabzal va
boshqa buyumlar bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Mehribonlik uyi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;
Bolalar shaharchasi to‘g‘risidagi nizom 3-ilovaga muvofiq;
Voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka va bolalarni oilaga tarbiyaga olish (patronat) to‘g‘risidagi nizom
4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 5-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirish va
qo‘shimchalar kiritilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 6-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb
hisoblansin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda
o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy
rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.A. Musayev va O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri Sh.X.
Shermatov hamda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U. Madjidov zimmasiga yuklansin.