www.ziyouz.com kutubxonasi
77
deb buyurdi.
— Shu yer ko‘zimga yaxshi ko‘rinib ketdi, — shunday deb mashinadan tushdi. Sayfiga
«siz ham tushing», deb buyurdi-da, tarvaqaylab o‘sgan daraxt sari yurdi. — Bir-ikki ulfat
bilan yonboshlab olib pivoxo‘rlik qiladigan maza joy ekanmi, a? — dedi Hamdam
hamrohiga savol nazari bilan qarab.
— Iflos-ku? — dedi Sayfi ajablanganicha yelka qisib. — Yo‘l beti, shovqin. Ulfatchilik
qilaman, desangiz zo‘r joylar bor.
— Ifloslikka iflos. Lekin tozalasa bo‘ladi... Shu yerda ulfatchilik qilib o‘tirib, keyin bitta
sherigimni osib qo‘ysamu o‘shanda siz shu yo‘ldan o‘tsangiz, ko‘rarmidingiz?
— Bilmadim. Tez yuradigan bo‘lsam, u yoq-bu yoqqa qaramayman.
— O‘lik yonib tursa-chi? Ko‘zingiz tushadi-ku? Shunda to‘xtaysizmi?
— Aniq bir narsa deyishim qiyin.
— To‘xtamay o‘tib ketaverasizmi? Axir u yonayotgan o‘lik ukangiz bo‘lishi ham mumkin-
ku?
— Sovuq nafas qilmang, aka, tovonimgacha zirillatib yubordingiz.
— Ha, gapim sal qo‘pol chiqdi. Uzr. Lekin... o‘sha odam kimningdir ukasi yo akasi, yo
otasi, yo eri... Boringki, hech kimi yo‘q g‘irt yetim. Osilib turaveradi, yonib turaveradi...
Xafa bo‘lmang, ba’zan kallamga shunaqa bema’ni xayollar kelib qoladi.
— Ishingiz shunaqa-da. Yo‘l chetida odam boshini qashisa ham mashinaga qo‘l
ko‘tarayotganga o‘xshab tuyuladi menga. Sizga esa sal shubhali ko‘ringan odam
jinoyatchi bo‘lib ko‘rinaveradi, to‘g‘rimi?
— Qoyilman, topdingiz! — dedi Hamdam sovuqqina jilmayib.
U sir boy bermay turgan Sayfiga qarab taajjublandi: «Pixini yorgan jinoyatchi ham
bunaqangi bez bo‘lmas. Rangi ham o‘zgarmaydi-ya... Kim bu o‘zi? Shunchalik ustami?
Meni laqillatmoqchimi yo shoir mashina nomerini adashtirganmi? Bu kelmaganmi?..»
Sayfi jilmayishning soxtaligini sezdi. Inspektorning gaplaridagi ilmoqni ham fahmladi.
Mushuk-sichqon o‘ynayotganini ham bildi. Ammo uning nima uchun to‘q mushuk singari
o‘ljasini o‘ynayotganiga tushunmadi. Sayfi bu vazifani bo‘yniga olganida milisaxonaga
bir-ikki chaqirishib so‘rashganidan keyin aytib berarman, deb o‘ylagan edi. Ishning bu
tarzda boshlanishi uni bir oz gangitdi. Hamdam o‘yinni yana bir oz davom ettirganida
dovdirashi ehtimol edi.
Hamdam uni sinovli nazari bilan ko‘p ta’qib etmadi. «Qani, ketdik», dedi-da, mashina
sari yurdi.
— Akaxon, hali ko‘p yuramizmi? — dedi Sayfi shahar markaziga yaqinlashganida. —
O‘zingiz bilasiz, otning kallasiday plan bor. Bu yog‘i tirikchilik...
— Tirikchilikmi, tirriqchilikmi? — dedi Hamdam kesatib.
Sayfi o‘zini majburlab kuldi:
— Gapni ham qiyib yuborar ekansiz.
Hamdam «milisaxonaga qarab hayda», desa Sayfi qiynalmay yurgan bo‘lardi. Mashinani
hali o‘ngga, hali chapga buraverib charchadi. Hamdam xuddi shahar ko‘chalarini
bilmaydiganday uni rosa sarson qilib, nihoyat o‘zi ishlaydigan ichki ishlar bo‘limiga yetib
keldi. Sayfini so‘roq qilish uchun o‘z xonasiga emas, balki ayblanuvchilar vaqtinchalik
saqlanadigan temir panjarali tor va zax xonaga boshladi. Panjarali eshik sharaqlab
ochilganida Sayfining esi chiqib ketayozdi.
— Kir, — dedi Hamdam sovuq tarzda.
— Nimaga? Gunohim nima?
— Qo‘rqma, kiraver. Bu yer bizning do‘xturxonamiz. Unutilgan narsalar shu yerda esga
tushadi. Bu yerda tuzalmaydiganlar uchun boshqa do‘xturxonamiz ham bor. U yerda
uncha-muncha dori-darmon qilinadi, — Hamdam uni gardanidan ushlab ichkariga itardi.
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |