www.ziyouz.com kutubxonasi
74
qulfini o‘zi ochsin.
«Aytadiganini aytib olsin», deb jimgina tinglayotgan Asadbekka bu gap malol keldi:
— Dilingiz qulfini? Dilim qulflog‘lik ekanmi?
— Achchig‘ingiz chiqmasin, Bek aka. Zinoni, zulmni, harom ishlarni tark etmagan odam
chin muslim bo‘la olmaydi. Men sizni mana bu yo‘ldan yuring, deb zo‘rlamayman, menda
bunday huquq yo‘q, Mening vazifam— aytib qo‘yish. Bek aka, ochig‘ini aytsam,
kelishingizga ishonmagan edim.
— Men ham ochig‘ini aytay: dastlab oyog‘im tortmadi. Lekin ko‘nglimda bir istak
uyg‘ondi.
— Bu Ollohning qudrati-da! Bizni uchrashtirishni lozim topibdi, o‘ziga shukr. Birodarimiz
tasvirni ko‘rsatdilarmi?
— Ha, ko‘rsatdi.
— Bu holga nima deysiz? Dahshatmi?
— Ha, dahshat... ammo nima deyishga hayronman.
— Sizdayin aql egalari, kuch egalari hayron bo‘lib tursa... Odamlar qo‘zg‘olishdi. Erkka
boshlash fursati yetmadimi ekan?
Asadbek bu savolga darrov javob bera olmadi. Shunga o‘xshash gaplarni u avvalroq
deputat Orzubek Boltaevdan ham eshitgan edi. Asadbek, garchi shunday deguvchilarga
hayrixoh bo‘lsa-da, o‘zining qalbida, ruhida bu tuyg‘u yo‘q darajada edi. Bunday tuyg‘u
bir-ikki odamning da’vati bilan uyg‘ona qolmaydi. Aniqsa yosh o‘tib qolgandan so‘ng
vatanparvarga aylanish qiyin, juda qiyin. Sobitxon Asadbekka o‘xshaganlar birlashib,
odamlarni ergashtirishi mumkin, deb o‘ylab xato qilgan edi. Asadbeklar tor bir xum
ichida ulg‘ayishganini, ularning dunyoqarashlari ham, tuyg‘ulari ham shu xum qadar
ekanini anglay olmagan edi. Asadbek masjid qurdirib, o‘zi namoz o‘qimagani kabi, shu
Vatanda yashab, vatan tuyg‘usidan benasib edi. U vinzavodni qo‘ldan chiqarmaslik
uchun jon fido qilar darajada olishmog‘i mumkin, ammo «yurt erki uchun jon fido qila
olasanmi?» degan savolga «nima uchun men fido bo‘lishim kerak ekan?» deb javob
berishi ham ehtimoldan uzoq emas. Shu sababga ko‘ra Sobitxon savoliga darrov javob
qaytarmadi. Alhol u «Hozirgina oxiratni gapirib alahsirayotgan bu qori nima uchun gapni
siyosatga burdi?» deb ajablandi.
Sobitxon undan javob kutib toliqdi. Ko‘zlarini yumdi-da:
— Qani edi, bir mard chiqib «O‘zbekiston o‘ziga mustaqildir, O‘zbekiston hech kimga
bo‘ysunmaydir!» deb jar solsa. Shu xitobni eshitib ketsam armonim qolmas edi, — dedi.
— Qorijon, do‘xtirlar bilan gaplashib, olib ketaymi?
— Qulluq, Bek aka. Shu gapingizning o‘ziyoq menga jon berganday bo‘ldi. Dardni olloh
berdi, shifosini ham o‘zi beradi, inshoolloh. Shifoni shu yerda beradimi, boshqa yerdami,
farqi yo‘q.
Asadbek yana bir oz suhbatlashib o‘tirib, so‘ng xayrlashdi. Chuvrindi uni dahlizda kutib
turgan edi. Yo‘l-yo‘lakay hisob berdi:
— Yarasi og‘ir ekan, hozircha qimirlatmaslik kerak, deyishdi. Joni omon qolsa ham,
oyoqlari ishdan chiqishi mumkin ekan.
— Yaxshi, keyinroq olib ketamiz. Bunaqa odamlar o‘lmasligi kerak. Sen... kirib do‘xtirni
rozi qilib chiq, yaxshiroq qarasin.
Qo‘qondan chiqqunlaricha xuddi suhbatlarini birov poylab, eshitib qoladiganday jim
ketishdi. So‘nggi tekshiruvdan o‘tishgach, Chuvrindi:
— Nimaga chaqirtirgan ekan? — deb so‘radi.
— Moshinasini o‘g‘irlatganida bir-ikkita sassiq gap aytuvdi, esingdami? Shunga rozi-
rizolik so‘radi.
— Rozi-rizolik? Nima, ahvoli shunaqa og‘irmi?
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |