2-§. Bozor iqtisodiyoti umuminsoniy iqtisodiyot
Jamiyat insonlardan tarkib topar ekan, ularning har birini o’z shaxsiy hayoti, hayotdan
maqsadi, orzusi mavjud. Xar bir kishi jamiyatda yashaganligi tufayli bu orzu-maqsadlarni
amalga oshirish jamiyat orqali sodir bo’ladi. Pirovard natijada har bir kishining taqdiri jamiyat
va undagi hukmron sotsial-iqtisodiy tizim bilan bog’liq bo’ladi.
Xar bir inson farovon yashashga, kishilar o’rtasida obro’-e’tibor qozonishga, qolaversa
o’zidan so’ng tarixda nom qoldirishga intiladi.
Tadqiqotchi-psixologlarning fikricha insoniyatning asosiy qismi farovon yashash uchun
harakat qilar ekan. Turmush farovon bo’lishi uchun turli-tuman ne’matlar mo’l-ko’l bo’lishi
kerak. Bunday mo’l-ko’llikni yuqori darajadagi mehnat unumdorligi ta’minlaydi.
Kishilik jamiyati o’z taraqqiyoti davomida mehnat unumini oshirish uchun insonni
mehnatga jalb qilishning turli yo’llarini qo’llagan. Ularni asosan 3 guruhga bo’lish mumkin:
a) mehnatga majbur qilish;
b) mehnatga iqtisodiy rag’batlantirish;
v) mehnatga ma’naviy rag’batlantirish.
Bu usullar birgalikda qo’llanib kelingan, lekin tarixiy rivojlanish bosqichlarida, turli
sotsial-iqtisodiy tizimlarda ularning nisbati turlicha bo’lgan.
Inson ongida har doim o’z mehnat faoliyatini baholovchi psixologik jarayon sodir bo’lib
turadi. U o’z ishining natijasini baholanishini, taqdirlanishini doimo tahlil etadi. Agar mehnatini
taqdirlanishidan ko’ngli to’lmas ekan, hafsalasi pir bo’ladi, ishga qo’li bormaydi. Xar bir
insonning mehnat qilishi va mehnati munosib taqdirlanishi jamiyat taraqqiyotida muhim rol
o’ynaydi.
Insonning fe’l-atvoriga to’g’ri keladigan mehnatga jalb qilish-ning eng ma’quli mehnatga
iqtisodiy rag’batlantirish ekan. Bu usulni ustun darajada bozor iqtisodiyoti sharoitidagina keng
qo’llashga imkoniyat yaratiladi. Mulkning turli-tumanligi va teng-ligi, raqobat kurashi, iqtisodiy
faoliyat erkinligi buning uchun asos yaratadi. Xar bir insonning hayot tarzi, turmush darajasi,
eng avvalo uning topgan daromadiga bog’liq.
Umuman olganda daromad olishning ikki yo’li mavjud:
1. Mehnat evaziga.
2. Mulki evaziga.
Mehnat evaziga olinadigan daromad mehnatni iqtisodiy rag’batlantirish bilan bog’liq.
Mehnat evaziga daromad topish hozirgi paytda ham asosiy o’rinda turadi. Bozor iqtisodiyoti
sharoitida har bir inson o’z aqli, zakovati, salohiyati, malakasi, qiziqishi, tajribasiga qarab
xohlagan mehnat faoliyati bilan shug’ullanish imkoniga ega.
Kishilik jamiyati taraqqiyoti tarixi bozor iqtisodiyotining umuminsoniy iqtisodiyot
ekanligini ko’rsatdi. Chunki, bozor iqtisodiyoti jamiyat a’zolarining asosiy maqsadi farovon
hayot kechirishni amalga oshirish uchun zarur imkoniyat yaratish bilan boshqa iqtisodiy
tizimlardan ustun turadi.
Uning eng muhim afzalligi har bir kishini mehnat unumini oshirish uchun
rag’batlantiradi.
«Faqat uyushgan bozorgina bugungi kunda xalqning ijodiy va mehnat imkoniyatlarini
ochib bera oladi, boqimandalikka xotima beradi, tashabbuskorlik va ishbilarmonlikni rivojlantira
oladi, rag’batlantirishni va yo’qotilgan xo’jayinlik tuyg’usini qayta tiklaydi»1.
Bozor iqtisodiyotida daromad manbalaridan biri mulk hisoblanadi. Mulk egalari o’z
mulklarini daromad topish maqsadida ishlatar ekan, u o’z navbatida mulkdan asrab-avaylab
foydalanishga, eng samarali variantlarini topib ishlatishga undaydi.
Bozor iqtisodiyotining afzalliklaridan biri resurslarni samarali taqsimlanishini
ta’minlashdir.
Bozor iqtisodiyoti cheklangan resurslarni taqsimlash va ishlatishda almashuvga asoslanar
ekan, eng avvalo zarur tovar va xizmatlar ishlab chiqarishni yuqori darajada samarali bo’lishini
ta’minlaydi. Kuchli raqobat kurashi sharoitida har bir iqtisodiy faoliyat yurituvchi o’z mavqeini
saqlab qolishga harakat qiladi. Ishlab chiqaruvchilar esa bunday sharoitda iloji boricha ko’proq
harakat qilishadi. Buning asosiy yo’li ishlab chiqarish xarajatlarini pasaytirishdir.
Faqat bozorgina tejamli xo’jalik yuritishning kuchli oqilona jihatlarini yaratadi,
xarajatlarni kamaytiradi, talon-toroj va lapashanglikka qarshi kurashadi1.
Xarajatlarni pasaytirishga esa mehnat unumdorligini oshirish, fan-texnika yangiliklarini
ishlab chiqarishga joriy qilish orqali erishiladi. Xar bir ishlab chiqaruvchining resurslarni
tejashga intilishi, ularni samarali taqsimlanishini ta’minlaydi.
O’zgarayotgan sharoitga yuqori darajada tezda moslashuvchanlik ham bozorning
ustunligi hisoblanadi.
Bozor mexanizmi yuqori darajada samarali tarzda zarur tovarlar ishlab chiqarishi va
xizmat ko’rsatishni yo’lga qo’yadi. Chunki, jamiyat talabiga mos bo’lmagan tovarlar realizatsiya
qilinmaydi. Natijada uning egalari sarflangan xarajatlarini qoplay olmaydilar, zarar ko’radilar.
Ana shu xatar har bir ishlab chiqaruvchini bozordagi talabga tezda moslashishga majbur qiladi.
Natijada ana shu ishlab chiqarish tarkibi va hajmi talab asosida shakllanadi va unga
binoan resurslar ham taqsimlanadi.
«Faqat bozorgina ishlab chiqarishni iste’molchining manfaatlariga bo’ysundirish,
mahsulotga bo’lgan talabni aniq hisobga olish, kon’yunktura o’zgarishlariga qarab tezlikda ish
tutish imkoniyatini beradi»2.
Fan-texnika yutuqlaridan maksimal darajada foydalanish novatsiyaga moyilligi bozor
iqtisodiyotining yana bir ustunligidir.
Raqobat kurashi natijada bankrot bo’lmaslik, sinmaslik uchun har bir ishlab chiqaruvchi
va xizmat ko’rsatuvchi boshqalarga nisbatan kamroq xarajat qilishga, sifatliroq mahsulot ishlab
chiqarishga, yangi turdagi tovarlar ishlab chiqarish va xizmat ko’rsatishga intiladi. Bu
maqsadlarga erishishda asosiy rolni fan-texnika yangiliklari o’ynaydi. Shuning uchun bozor
mexanizmi yangiliklar qidirish, ixtirolar qilish, ularni ishlab chiqarishga joriy qilishga doimiy
amal qiluvchi stimul yaratadi.
«Faqat bozorgina yangiliklarga sezgir qiladi, fan va texnikaning eng so’nggi yutuqlarini
dadil va g’ayrat bilan joriy etadi, o’z ishining ustasiga, kasb-mahoratiga munosib baho beradi»3.
Bozor iqtisodiyoti turli-tuman ehtiyojlarni qondirish tovar va xizmatlar sifatini yaxshilash
imkoniyati kengligi bilan ham ajralib turadi. Bozor iqtisodiyotini yuqorida va boshqa boblarda
sanab o’tilgan belgilari tovarlar va xizmatlar to’kinchiligini yuzaga keltiradi. Bu o’z navbatida
xaridorlarni tanlab olish imkoniyatini kengaytiradi. Bozor iqtisodiyotining boshqa boblarda ham
ko’rilgan ijobiy tomonlari iqtisodiyotning jadal rivojlanishini ta’minlaydi. Uni umuminsoniy
iqtisodiyotga aylantiradi.
Bozor iqtisodiyoti shubhasiz afzallikka ega, lekin uni har qanday kamchilik va qarama-
qarshiliklardan holi ideal mexanizm deb qarash xato, bozor iqtisodiyotini xolisona baholashdan
yiroq. Uning o’ziga xos kamchiliklari, zaif tomonlari mavjud:
1.Bozor iqtisodiyoti qayta tiklanmaydigan resurslarni asrash, tabiatni muhofaza qilish,
atrof-muhitni talab darajasida saqlashni, ekologik muvozanatni ta’minlashni yuzaga
chiqarmaydi.
2. Ish bilan va narxlar darajasi stabilligini kafolatlamaydi.
3.Fanda fundamental tadqiqotlar olib borish imkoniyati cheklanadi. Tezda foyda
keltirmaydigan, lekin ilm-ma’rifat, kelajak uchun muhim bo’lgan tadqiqot, nazariy izlanishlar
rag’batlantirilmaydi.
4.Foyda keltirmaydigan yoki zarar keltiradigan, jamiyat uchun zarur bo’lgan, lekin
sarflangan xarajatlar tezda qoplanmaydigan, katta mablag’lar talab qiladigan, jamoa birgalikda
foydalanadigan tovar va xizmatlar ishlab chiqarish rag’batlantirilmaydi.
5.Aholini tabaqalanishini kuchayishiga olib keladi.
6.Narxlar pariteti (qaychisi) sanoat foydasiga hal bo’ladi.
Yuksak rivojlangan bozor iqtisodiyotida ana shu kamchiliklarni cheklash uchun davlat
tomonidan chora-tadbirlar belgilanadi.
Bozor iqtisodiyoti va bozor munosabatlarining buyuk kuchi shundaki, u kishilar mehnat
faoliyati aktivligini uzluksiz tarzda ta’minlaydi. Mavjud resurslardan asrab-avaylab
foydalanishga, novatsiyaga intilishga, har bir ishga qo’l urishdan avval natijasi qanday bo’lishini
puxta o’ylashga, oqilona tavakkalchilikka undaydi. Natijada uning eng asosiy afzalligi
bozorning to’kinligini ta’minlashi namoyon bo’ladi.
3-§. Noaniqlik bozor iqtisodiyotining yo’ldoshi
Bozor iqtisodiyotini nazariy jihatdan o’rganar ekanmiz, biz uni shartli ravishdagi abstrakt
modelini yaratamiz. Jumladan bozor iqtisodiyoti sharoitida axborot simmetrik tarzda
taqsimlanadi, ya’ni bozorda qatnashuvchi sub’ektlarning barchasi axborot olishda teng
imkoniyatga ega. Noaniqlik yo’q, shuning uchun resurslar va mablag’lar eng samarali tarzda
ishlatiladi deymiz.
Lekin real hayotda mukammal raqobat modeli buziladi, axborotni asimmitrik tarqalishi
yuz beradi. Axborotni asimmetrik tarqalishi deganda bozorda qatnashuvchi sub’ektlarning
axborot olishdagi teng imkoniyatini buzilishi, shu axborotdan manfaatdor ayrim
sub’ektlarning boshqalarga nisbatan ustun mavqega ega bo’lishlari tushuniladi.
Axborotni asimmetrik tarqalishining ob’ektiv asoslari mavjud:
1. Bozor aloqalarida o’z mulki doirasida iqtisodiy alohidalashgan, o’z manfaatiga ega
xo’jalik yurituvchi sub’ektlar qatnashadilar. Ular tabiiy zarar ko’rib, mulklaridan ajrab qolmaslik
uchun harakat qilishadi. O’z-o’zini saqlash instinkti odamga tabiatan berilgan. Uni hech Kim,
xech qanday cheklovlvr yo’q qila olmaydi. Yashash uchun kurash raqobatda engilmaslikka
undaydi. Buning uchun esa ko’proq foyda olish zarur.
2. Insonning ehtiyojlari cheksiz. Extiyojlarni qondirish uchun zarur bo’lgan ne’matlarni
ishlab chiqarish uchun zarur resurslar esa cheklangan. Inson yana o’z manfaatidan kelib chiqib,
ko’proq ne’matlarga ega bo’lgisi keladi. Ayniqsa bozor iqtisodiyoti sharoitida insonnning
jamiyatdagi o’rni, mavqei, obro’si, imkoniyatlari ko’p jihatdan mulkchilik nuqtai nazaridan
nazaridan baholanar ekan, o’z-o’zidan kishilar o’z mulklarini yo’qotmaslik, iloji boricha
ko’paytirish harakatida bo’lishlariga olib keladi.
Bu maqsadlarni qay darajada amalga oshishi esa ko’p jihatdan axborotga ega bo’lishga
bog’liq. Shuning uchun har bir kishi iloji boricha axborotga boshqalarga qaraganda avvalroq ega
bo’lish., olgan axborotini sir saqlashga, undan imkoni boricha o’z manfaatini ko’zlab
foydalanishga intiladi. Mana shu harakat axborotni assimetrik tarqalishiga olib keladi.
Axborotni assimetrik tarqalishi tufayli noaniqlik – yuz berishi mumkin bo’lgan
o’zgarishlar haqida axborot etishmovchiligi yuz beradi.
Iqtisodiy nazariyada iqtisodiyotdagi noaniqlik xaqida turlicha qarashlar mavjud.
Bir gurux neoklassik yo’nalishdagi iqtisodchilar fikricha, noaniqlik iqtisodiy sub’ektlarga
ratsional tarzda tanlash, qaror qabul qilishga to’siq bo’ladi. Resurslardan samarali foydalanishga
yo’l bermaydi.
Ikkinchi gurux iqtisodchilar fikricha esa aksincha bozorning qudrati ham shundaki,
axborotni dastlab tor doiradagi kishilargagina nasib qilishi undan to’g’ri foydalana bilishni
o’rganishda namoyon bo’ladi. Ana shunday qarash tarafdorlaridan F.A. Xayek fikricha foyda,
naf faqat shunday, axborotga xamma ham birday ega bo’lmagan holatdagina vujudga keladi.
1
Boshqalar xam to shu axborotga ega bo’lgunga qadar foyda olish imkoniga ega bo’ladi.
Xar ikki guruh iqtisodchilar fikrida ham jon bor. Bozordagi noaniqlik, axborotni
assimetrik tarqalishi bu bozor (bozor iqtisodiyoti)ning kamchiliklaridan biri. Ana shu kamchilik
nima bilan bog’liq? degan savol tug’iladi.
Birinchilan, zarur axborotga ega bo’lganlar, boshqalarga qaraganda ustun mavqega,
qo’shimcha naf, foyda olish imkoniga ega bo’ladilar. Shuning uchun ham hozirgi paytda N.
Vinerning «Kimki axborotga ega bo’lsa, dunyoni tebratadi», degan iborasi mashhur bo’lib, tez-
tez ishlatilmoqda.
Ikkinchidan, axborot asimmetriyasi tufayli internal (ichki) effekt, ya’ni shartnoma
qatnashchilari tomonidan tuzilgan bitimlarda aks etmagan olinadigan foyda yoki xarajatlar
yuzaga keladi. Unga ko’plab misollar keltirish mumkin. Masalan, iste’molchi tovar sotib oldi,
1
Xayek F. Pagubnaya samonadeyannost. M. «Novosti» 1992, s. 156-157
2
Transaktsion xarajatlar-umumiy tarzda shartnoma, bitimlar tuzish uchun sarflanadigan vaqt,
mehnat, vositalar uchun xarajatlardir.
lekin u sifatsiz ekan. Repititor ingliz tilini ikki oyda o’rgataman deb, xizmat xaqqini oldi, lekin
va’dasini ustidan chiqmadi, Ishga yollovchi o’z malakasini o’zi mustaqil oshirgan ishchini ishi
natijasidan bahramand bo’layapti, lekin unga ish xaqqini oshirgani yo’q.
Misollardan ko’rinib turibdiki, bitim shartlari buzulmoqda, yoki ular bitimda aks
etmagan. Ana shu internal effektni vujudga kelishiga sabab nima? Nima sababdan odamlar
aldanishgani yoki iste’molchilik huquqi buzilganini bilgach, aybdorni jazolashga xarakat
qilishmaydi? Xamma gap shundaki, buning uchun ham axborot kerak. 100% axborot to’plash
uchun transaktsion
2
xarajatlar juda yuqori bo’lishi mumkin. Olingan naf, ko’rilgan foyda esa bu
xarajatlarni qoplay olmaydi.
Sotib olinayotgan tovarni sifatini oldindan qanday bilishimiz mumkin? Sifat sertifikatini
oldindan so’rash mumkin. Agar sertifikat noqonuniy yo’l bilan olingan bo’lib, qalbaki bo’lsa-
chi?
Tovarni ishlab chiqargan firmaga telefon qilib yoki xat bilan murojaat qilish, iste’molchi
xuquqini buzgani uchun sudga murojaat qilishi va boshqa yo’llarni tanlash mumkin. Lekin
bunday tadbirlar uchun sarflangan vaqtga olingan natija arzimasligi mumkin, ya’ni vaqt nisbatan
yuqori muqobil qiymatga ega bo’lishi mumkin. Shuning uchun odamlar ko’pincha
aldanishganini bilishsa ham indamay qo’yaqolishadi. Xar birimiz «Olgan puling osh bo’lmasin»
yoki «Egin, ichgin, to’ymagin!» deya noroziligimizni bildirib qo’ya qolamiz.
Shunday qilib, axborot asimmetrikligi tufayli bozor mexanizmini amal qilish printsipi
buziladi. Sababi, narx haqidagi signal real ahvolni ifodalamay qo’yadi, real vaziyatni
ko’rsatmaydi. Klassik misol tariqasida g’arbda juda ko’p iqtisodiy darsliklarda amerikalik
iqtisodchi Jorj Akerlofning ishlatilgan avtomobillar bozoridagi vaziyatni bayon qiluvchi
«Limonlar bozori» (1970y) nomli maqolasida keltirilgan holat ko’rsatiladi.
Bozorda ishlatilgan, lekin ahvoli yaxshi avtomobillar mavjud. Bunday avtomobillarga
xaridor 6000 doll. to’lashga tayyor. Sotuvchi esa 5000 dollardan yuqori har qanday narxga rozi.
Lekin bozorda boshqa sotuvchilar deffektli avtomobillar – «limonlar» (amerikaliklar
jargonida)ni sotishga xarakat qilishayapti. Ularga xaridorlar 2000 dollardan ortiq pul berishsa
bo’ldi. Xaridorlar esa 3000 dollardan ortiq haq to’lamoqchi emas. Agar axborot simmetrik tarzda
tarqalganda edi, birinchi guruxlar uchun ham, ikkinchi guruhlar uchun ham bozor, hamda o’z
guruhi uchun bozor bahosi amal qilgan bo’lardi. Xamma gap shundaki, simmetriya yo’q.
Faqat sotuvchigina o’z mashinasi haqida hamma narsani biladi. Xaridor esa hech narsani
bilmaydi. Natijada o’rtacha baho 4500 doll. o’rnatiladi: (6000+3000):2=4500doll. Bunday baho
bilan yaxshi mashina egalari o’z mashinalarini sotishmaydi, «Limonlar» esa real bahosidan
yuqori narx bilan sotiladi. «Limonlar» bozordan sifatli tovarni siqib chiqarishadi. Bu xolat
iqtisodiy nazariyada «nobop tanlov» deb yuritiladi. Aynan ana shunday tanlovni amalga
oshishidan manfaatdor shaxslar axborotni assimetrik tarqalishidan manfaatdor.
Xuddi shunday holatni sug’urta jarayonida ham ko’rish mumkin. Bunda ham sug’urta
qildirayotganlar nimani sug’urta qildirishsa uni holatini boshqalardan yaxshi bilishadi. Sug’urta
qildirishda esa har bir sug’urta qildiruvchi o’z manfaatidan kelib chiqib ko’proq sug’urta puli
olishni ko’zlaydi.
Ikkinchi tomondan, sug’urta qildirganlar ko’pincha sug’urta qilingan ob’ektga nisbatan
befarqliklarini kuchaytirishlari mumkin. Masalan, avtomobilini sug’urta qildirganlar endi
avvalgidek ehtiyot choralarini ko’rishga urinishmaydi. Sug’urta kompaniyalari ehtiyot choralari
ko’rishga rag’batni yo’qolishi bilan bog’liq qo’shimcha xarajatlar qilishlariga to’g’ri keladi.
Oxir oqibat shunday holat kelib chiqishi mumkin-ki, sug’urta faoliyati xarajatlarni qoplay
olmay qoladi. Lekin sug’urta faoliyati jamiyat uchun zarur.
Axborot asimmetriyasi doimo mavjud bo’ladi. Chunki bozor iqisodiyoti raqobatga
tayanar ekan, raqobatda g’olib chiqish yoki hech bo’lmaganda yutqazmaslik bu insonning tabiat
tomonidan berilgan muhim xislati - o’zini saqlash instinkti bilan bog’liq.
Bozorda hamma aldanishdan, zarar ko’rishdan qo’rqadi. Sotuvchi mahsulotini iloji
boricha qimmatroqqa sotishga, xaridor esa arzonroqqa olishni istaydi.
Tovar ishlab chiqaruvchi kelajakda talabni qanday o’zgarishini oldindan sezish,
payqashga harakat qilib, tovarga talab yuqorilik paytida ko’proq ishchlab chiqarib yuqori narxga
sotish uchun harakat qiladi. Shu bilan birga raqobatchilar ham shunday tovarlarni ishab
chiqarayotgan bo’lib, u orqada qolgan bo’lishi o’z tovarlarini arzimagan pulga sotishi mumkin.
Raqobatni kimni foydasiga hal bo’lishi aynan axborotni kimni qo’lida bo’lishi va unlan qay
darajada mohirlik bilan foydalagishiga bog’liq. Shuning uchun natijasi noaniq. Noaniqlik esa
odamlarni o’z iqtisodiy faoliyatlarida tavakkal qilishga majbur qiladi. Uning natijasi ham noaniq.
Shunday qilib axborot asimmetriyasi nobop tanlov bilan birga yana bir salbiy oqibat
tavakkalchilik xatari kelib chiqishiga ham sabab bo’ladi. Tabiiy xavf-xatar doimo
bo’lganidek, noaniqlik bozor iqtisodiyotining doimiy yo’ldoshi ekan, iqtisodiy xavf-xatar ham
doimo u yoki bu darajada majud bo’ladi. Bozor munosabatlari rivojlanishi bilan esa uning
sub’ektlari faoliyatida noaniqlik, iqtisodiy muhitni o’ortib boradi.
Bozor sub’ektlari iqtisodiy erkin faodiyat yuritish imkoniga ega. Dunyoda hamma
narsaning to’lovi bo’lganidek, iqtisodiy erkinlik ham shunday to’lovni talab qiladi. Bunday
to’lov iqtisodiy xatarni mavjudligi, faoliyat yuritish uchun bozor sub’ektlari iqtisodiy risk
qilishga majbur bo’lishlarida ifodalanadi. Bu erda shuni qayd etish kerak-ki, bozor iqtisodiyotida
ham to’la erkinlik bo’lishi mumkin emas, chunki faoliyat yuritish uchun boshqa bozor
sub’ektlari bilan aloqada bo’lar ekan, ilojsiz ularning ham fikri, manfaati, talabi bilan
hisoblashishga majbur. Lekin bozor iqtisodiyotida xo’jalik yuritish uchun etarli darajada erkinlik
mavjud bo’ladi. Bu erkinlik esa tavakkalchilik xatari bilan bog’liq. Chunki bozordagi vaziyat
doimo ehtimollik xarakteriga ega. Shchuning uchun ham iqtisodiy risk bozor mexanizmining
amal qilishidan kelib chiqadi.
Risk, tavakkalchilik bu - noaniqlik vaziyatidan o’tib, qo’yilgan maqsad uchun,
kutilayotgan natija qanday yakunlanishidan qat’iy nazar, faoliyat boshlashga muqobil
variaantlardan birini tanlab qaror qabul qilish va uni amalga oshirishni ifodalaydi.
Rejali iqtisodiyotda risk muammosiga etarli ahamiyat berilmagan. Bu termin juda kam
ishlatilgan. Xozirgi paytda ko’rib o’tganimizdek, bozor iqtisodiyoti sharoitida noaniqlik uning
yo’ldoshi bo’lar ekan, muvofiq ravishda risk so’zi ham tez-tez ishlatilmoqda.
Risk so’zi murakkab ma’noga ega bo’lib, mashhur rus olimi, Peterburg Fanlar
akademiyasining faxriy a’zosi (1863) V.I. Dalning riskni tadbirkorlik bilan bog’lab, oxiri
yaxshilik bilan tugashiga umid bilan tavakkal qilib ish yuritish tarzida talqin qiladi. Tilshunos
olim Ojegov S. I. esa yuz berishi mumkin bo’lgan xavf, muvaffaqiyatli natijaga xavf soluvchi
xatar sifatida ta’riflaydi. Risk so’zi o’zbek tilida 1) xavf, xavf-xatar, tahlika, qaltis ish; 2)
tavakkal, tavakkalchilik tarzida tarjima qilinadi. Birinchisi bo’yicha falokat, halokat, baxtsiz
hodisaning yuz berish xavfi ma’nolari ustun darajada bo’lib, ikkinchisida uzoq mulohaza qilib
o’ltirmay, nima bo’lsa bo’ldi qabilida ish yuritish,yoki butun umidni xudoga bog’lab, har ish
xudodan deb, yaxshilik bilan tugashiga umid qilib, xudoga ishonib ish yuritish ma’nosida
qo’llaniladi. Lekin bir so’z bilan natijasi noaniq faoliyat, yaxshilik bilan tugashiga umid qilingan
tavakkalchilik, muvaffaqiyatli natijaga xavf soluvchi xatar, zarar keltirishi mumkin bo’dgan
faoliyat sifatida aynan zarur tarzda ifodalash imkoniyati bo’lmagan hollarda iqtisodiy
adabiyotlarda ifodalanayotgan fikrning ma’nosiga ko’ra o’zbek tilida ham risk so’zi
ishlatilmoqda.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida axborot assimmetriyasi doimo mavjud bo’lar ekan, uning
salbiy oqibatlarini oldini olish yoki yumshatish uchun chora-tadbirlar belgilash zarur.
Birinchidvn, respublikamizda, ayniqsa viloyatlarda xo’jalik yurituvchi sub’ektlarni
axborot bilan ta’minlanishini yaxshilash lozim. Xozirgi paytda axborotlar turli-tuman
manbalardan olinadi. Ularning manbalari rasmiy va norasmiy bo’lishi mumkin. Axborotga
bo’lgan talabni rasmiy kanallar bilan ta’minlash uchun respublikada, ayniqsa viloyatlarda hali
ko’p ishlar qilinishi kerak.
Rasmiy axborotlar fond birjalari, tovar, xom ashyo birjalari gazeta, jurnal, radio,
telkvidenie, turli maxsus reklama nashrlari, global kompyuter tarmog’i internet, O’zbekiston
Davlat statistika qo’mitasi, O’zbekiston axborotlashtirish va aloqa agentligi chop etadigan
maxsus ma’lumotlar to’plami va boshqalardan olish mumkin. Xozirgi kunda ayniqsa internetdan
foydalanishga katta ahamiyat berilayapti. Internet tarmog’idan foydalanayotganlar 2003 yili
avvalgi yilga nisbatan 2 baravar o’sib, 0,5 mln kishiga etdi. Lekin hali respublikamizda axborot
bozori to’la shakllanib ulgurgani yo’q. Shuning uchun tumanlarda xizmat ko’rsatishning shakli
sifatida axborot markazlari tashkil qilish kerakki, ular murojaat qiluvchilarni qiziqtirgan barcha
axborot bilan ta’minlash imkoniga ega bo’lsinlar.
Ikkinchidan, tavakkalchilik natijasida katta zarar, tang ahvoldan chiqishga yordam olish
chorasini ko’rish zarur. Bu tavakkalchilik xatari boshqacha aytganda riskni sug’urtalash orqali
amalga oshiriladi.
Bu sug’urta turi xo’jalik sub’ektlari qiyin ahvolga tushib qolgan taqdirda ularni zararlarini
qoplashga yordam beradi. Shu bilan birga sug’urta faoliyatida yuz beradigan axborot
asimmetriyasi davlatni sug’urta faoliyatini tashkil etish va amalga oshirishga aralashuvini taqozo
etadi.
Uchinchidan, respublikamizda axborot asimmetriyasi tufayli kelib chiqadigan salbiy
oqibatlarni kamaytirsh uchun antimonopol, iste’molchilarni huquqini himoya qiluvchi qonunlar
qabul qilingan. Lekin olinadigan foyda, nafdan ko’ra transaktsion xarajatlarni yuqoriligi ana shu
qonunlar asosida iste’molchilarni o’z huquqlarini himoya qilishga undamaydi. Shuning uchun bu
sohada faoliyatni tashkil etish va amalga oshirishda Monopoliyadan chiqarish va raqobatni
rivojlantirish davlat qo’mitasining faol aralashuvini talab etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |