3. Tutqanoq (Epilepsiya). Tutqanoq mustaqil kasallikni namoyon
qilishi yoki bir qator miya yoxud miyaga aloqasi bo‘lmagan
kasalliklarni ifodalashi mumkin. Tutqanoqning xususiyati uning
besaranjom, ta’sirchan, vegetativ va boshqa talvasalar yoki ongning
qisqa muddatli yoki davomli buzilishi bilan kechadigan xurujlarda
ifodalanuvchi ruhiy faoliyat buzilishining paroksizmalari ko‘rinishida
kechishi hisoblanadi. Tutqanoq ko‘pincha qon aylanishining, orqa miya
suyuqligi sirkulatsiyasining buzilishi, miya moddasining shishishi,
94
miya alohida qismlarining siljishi va siqilib qolishi, miya jarohatlari,
metabolik buzilishlari bilan bog‘liq bo‘lgan ikkilamchi miya
o‘zgarishlariga olib keladi. Asosan talvasali tutqanoqlar oqibatida
yuzaga keladigan bu o‘zgarishlar shaxs va xarakterning kuchayuvchi
o‘zgarishlariga, og‘ir hollarda esa, aqli zaiflikka olib keladi.
Tutqanoq ko‘rinishlarining bevosita sababi asab hujayralarining
xuddi miya qobig‘idagi kabi miyaning chuqur sohalarida ham yuqori
ta’sirchanligi hisoblanadi. Bunda asab hujayralarining ham shikastlan-
ganlariga yaqin joylashgan, ham ancha uzoq masofada bo‘lgan katta
maydonlari jalb etiladigan hayajonni generalizatsiyalashtirishga
moyillik paydo bo‘ladi. O‘z-o‘zidan tutqanoq turkumlarini ifoda
etuvchi hayajonning jamlanishi yuzaga keladi. Tutqanoqli talvasani
ko‘pincha yashin ta’siri bilan qiyoslashadi. Talvasa vaqtida
shikastlangan asab hujayralarida to‘g‘ri miqdordan bir necha barobar
yuqori bo‘lgan elektr quvvati qayd etiladi.
Tutqanoq tarqalganligi bo‘yicha aholi sonining qariyb 0,5 %
(1:200) iga to‘g‘ri keladi. «Jarohatli epidemiya» ko‘rinishidagi urushlar
va og‘ir iztiroblardan keyin bemorlar soni keskin ko‘payadi. Tutqanoq
paydo bo‘lishining asosiy omili nuqsonli irsiyat hisoblanadi. U
tutqanoq bilan kasallangan bemorlarning taxminan 1/3 qismida qayd
etiladi, lekin bevosita – dominant irsiyat 1/6 holatda uchraydi.
Tutqanoq paydo bo‘lishida irsiy moyillik bilan bir qatorda
miyaning tegishli sohalaridagi turli nuqsonli manbalar va tuzilmali
o‘zgarishlar: rivojlanish anomaliyasi yoki chandiqlar, tomirli,
yallig‘lantiruvchi, o‘smali, parazitar va boshqa jarayonlar ham rol
o‘ynaydi. Bu manbalar atrofdagi asab hujayralarining ta’sirchanligini
oshiradi. Bunday manbalar jarrohlik yo‘li bilan yo‘qotilganda tutqanoq
ba’zan to‘liq bartaraf etiladi yoki uning kechishi ancha sustlashadi.
Shunday qilib, tutqanoq aksariyat hollarda irsiy omillar va bosh
miyaning tegishli sohalaridagi mahalliy o‘zgarishlarning birgalikdagi
ta’siri natijasida yuzaga keladi deb hisoblashga asoslar bor.
Yuqorida qayd etilgan holatlar sababli tutqanoqni tasniflash katta
qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Amaliy mulohazalardan tutqanoq-
ning asosan ikki asosiy genuin va simptomatik (tutqanoqli sindrom)
turini ajratishadi.
Tutqanoqning eng tipik ko‘rinishi talvasali, yoki generalizatsiya-
lashgan tutqanoq hisoblanadi. U to‘satdan boshlanadi va bemorning
har doim to‘liq hushini yo‘qotishi bilan davom etadi. U odatda, o‘ziga
95
xos qichqiriq bilan boshlanadi - bu go‘yo tutqanoq yuzaga kelgani
to‘g‘risida ogohlantiruvchi signal bo‘lib, hiqildoq va nafas yo‘li
mushaklari qisqarishining natijasi hisoblanadi. Shundan so‘ng deyarli
barcha skelet mushaklarining kuchli tonusli uzluksiz qisqarishi
rivojlanadi. Bunda qoqshol talvasasini esga soluvchi xos holat (poza)
yuzaga keladi. Talvasaning bu fazasi tonusli hisoblanadi. Unda
ko‘pincha tilni tishlash, g‘ayriixtiyoriy ravishda siydik va hatto axlat
ajralishi ham sodir bo‘ladi, yuzi ko‘karishi bilan nafas to‘xtab qolishi
kuzatiladi. Ayni vaqtda qorachiqlar g‘oyatda kengayib ketadi, bunda
ular chiroqdan ta’sirlanmaydilar. Yurak urishi sekinlashadi, arterial
bosim ortadi. Tonusli fazadan so‘ng talvasaning uziluvchi xarakteri
sababli shunday ataluvchi klonik faza keladi. Bu fazada nafas olish
qiyinlashadi, ba’zan og‘zidan qon bilan aralash ko‘pik chiqadi.
Tutqanoq chuqur uyqu yoki ong faoliyatining sustlashgan holatiga
o‘tish bilan yakunlanadi.
Ongning tutqanoqli xiralashib buzilishi kayfiyatning dezoriyen-
tirovkasi, g‘azab, qayg‘u, qo‘rquv affekti chuqur buzilishi bilan
tavsiflanadi va ko‘pincha chala-chulpa alahsiragan va gallyutsinatsiyali
tashvishlar bir necha daqiqadan bir necha soatgacha, ba’zan 1-2
kungacha cho‘ziladi. Bemorlar asabiy, jahldor bo‘lib qoladi, kamdan-
kam hollarda ularning axloqi tashqari tomondan tartibli va maqsadli
bo‘lib ko‘rinadi. Ular atrofdagilar uchun g‘oyat xavfli bo‘lishi
mumkin. Yuz ifodasi g‘amgin bo‘lib, holati himoyalanish yoki tashla-
nishga tayyorlikda ifodalanadi. Psixomotor hayajonlanish ko‘pincha
bemorlar tinkasi qurib yiqilmaguncha aylana bo‘ylab uzoq masofaga
siljiydigan harakatlantiruvchi bo‘ron yoki xaotik xarakterga ega
bo‘ladi. Avtomatizm holatida bemorning atrofdagilar bilan mantiqiy
aloqasi uzilib qoladi. U avtomatik ravishda harakat qiladi, masalan
ustidagi kiyimlarini yechadi va yana kiyib oladi, buyumlarni bir joydan
boshqa joyga olib qo‘yadi, stakandagi choyga to‘xtamasdan shakar
soladi va hokazo. Yanada murakkabroq, kompleks axloqqa ega bo‘lgan
stereotip harakatlar ambulatoriyaviy avtomatizm nomini olgan.
Ambulatoriyaviy avtomatizm holatida bemor transport turini
o‘zgartirgan holda shahar bo‘ylab aylanib yurishi yoki svetofor oldida
to‘xtagan holda avtomashinani boshqarishi va biron-bir joygacha
muvaffaqiyatli yetib olishi mumkin. Masalan, bir bemor avtomatizm
holatida kemada bir necha kun sayohat qilib, Londondan Mumbayga
kelib qolgan, o‘ziga kelgach esa, qanday qilib va nima maqsadda u
96
yerga kelganini tushunmagan. Avtomatizm turlaridan biri trans yoki
epileptik somnambulizm (lunatizm, oy kasalligi) hisoblanadi. Odatda,
tunda bemor o‘rnidan turadi, kiyinadi, shahar bo‘ylab yuradi yoki
tomga chiqadi, muvozanat saqlagan holda karniz bo‘ylab yurishi
mumkin va keyin yana yotadigan o‘rniga qaytadi.
Oningning tutqanoqli buzilishi keskin boshlanadi va shuningdek
keskin yakunlanadi. Ulardan keyin to‘liq va kam hollarda, qisman
amneziya (yoddan chiqarish) yuz beradi. Ong buzilishida tutqanoq
bilan kasallangan bemorga atrof olam ko‘pincha irreal tuyuladi.
Masalan, ular uchun yangi holat xuddi oldin bo‘lib o‘tgandek va
aksincha, ularga ma’lum bo‘lgan narsa notanishdek qabul qilinadi.
Tutqanoqdagi ruhiy buzilishlar shaxsning o‘sib boruvchi rigidligi,
fikrlashining sekinlashganligi, to‘xtab qolganligi va torligi bilan ajralib
turadi. Tashqi muhitning o‘zgaruvchan shart-sharoitlariga moslashuv
pasayadi. Bemorlar g‘oyat sinchkov bo‘lib qoladilar, asosiy narsani
ikkinchi darajalisidan farqlay olmaydilar, qiyin o‘zgaruvchan bo‘lib,
ko‘p marta oldin aytib bo‘lingan narsaga qaytadilar. Ular uchun
egotsentrizm,
pedantizm,
«giperijtimoiylik»
xosdir.
Ularning
mulohazalari rasman to‘g‘riligi, soddalashtirilgan qarashlar bilan
farqlanadi. Ular ko‘pincha o‘z fikrlaridan qaytmaydilar va fanatizmga
moyildirlar, bu ba’zan ularning to‘mtoqlashgan taqvodorligida o‘z
ifodasini topadi. Affekt beqaror bo‘lishi mumkin. Bemorlarning
kayfiyati tez o‘zgarish xususiyatiga ega masalan, mujmallikdan
tajovuzli, g‘amgin, darg‘azab, ko‘p hollarda esa ular kekchi va
qasoskor bo‘ladilar.
Tutqanoqni oldindan bilish birinchi navbatda uni keltirib
chiqaruvchi sabablarni aniqlash bilan bog‘liq. Agar kasallik negizida
miyaning manbali zararlanishi bo‘lib, irsiy moyillik uncha katta
bo‘lmasa, unda, qoidaga ko‘ra, oldindan aytish ijobiy bo‘ladi.
Tutqanoqda uning boshlanish yoshi muhimdir. U kasallik yuzaga
kelishining ehtimol tutilgan sabablarini ko‘rsatadi, chunki jinsiy
yetilish yoshida boshlanadigan tutqanoq ko‘pincha genuinli hisobla-
nadi va salbiy bashoratga ega bo‘ladi. Agar u 5 yoshgacha bo‘lgan
davrda boshlansa, unda ba’zan sog‘ayish holatlari kuzatiladi.
Umuman, tutqanoq qancha kech boshlansa, uning kelib chiqishining
simptomatik asoslari shuncha ko‘p bo‘ladi. Kasallikning kech bosh-
lanishi jiddiy xarakterologik o‘zgarishlarni kutish ehtimolini kamay-
tiradi.
97
Do'stlaringiz bilan baham: |