2.6. Lizing munosabatlari va ijara majburiyatlari auditi
O`zbekistonda lizing munosabatlari 6-son «Ijara hisobi» nomli BHMS bilan tartibga
solinadi. Unga ko`ra, «Lizing (moliyaviy ijara) ijara munosabatlarining alohida turi bo`lib, unda
bir taraf (lizing beruvchi) ikkinchi tarafning (lizingga oluvchining) topshirig`iga binoan uchinchi
tarafdan (sotuvchidan) lizing shartnomasida shartlashilgan mol-mulkni (lizing obyektini) mulk
qilib sotib oladi va uni shu shartnomada belgilangan shartlarda haq evaziga egalik qilish va
foydalanish uchun lizingga oluvchiga o`n ikki oydan ortiq muddatga beradi. Bunga lizing
shartnomasi quyidagi shartlarning biriga javob berishi kerak:
a) lizing shartnomasining muddati tugagach, lizing obyekti lizingga oluvchining mulki
bo`lib o`tsa;
b) lizing shartnomasining muddati lizing obyekti xizmat muddatining 80 % dan ortiq
bo`lsa yoki lizing obyektining lizing shartnomasi tugaganidan keyin qoldiq qiymati uning
boshlang`ich qiymatining 20 % dan kam bo`lsa;
v) lizing shartnomasining muddati tugagach, lizingga oluvchi lizing obyektini uning
bozor qiymatidan past narxda evazini to`lab sotib olish huquqiga ega bo`lsa, bunda ana shu
huquqni amalga oshirish kunidagi lizing obyekti qiymati asos bo`ladi;
g) lizing shartnomasi amal qiladigan davr uchun lizing to`lovlarining umumiy summasi
lizing obyekti qiymatining 90 % dan ortiq bo`lsa»
1
.
Asosiy vositani lizinga qabul qilish ham AB-I shakldagi dalolatnoma bilan
rasmiylashtirilgan bo`lishi lozim.
Lizing beruvchi subyektlar lizing berishdan asosiy vositalar uchun lizing oluvchi
subyektdan olinishi lozim bo`lgan to`lovni (qo`shilgan qiymat solig`i bilan birga) operatsion
daromadlar tarkibiga (Debet 4810 - «Uzoq muddatli ijara bo`yicha olinadigan joriy to`lovlar»,
4820 - «qisqa muddatli ijara bo`yicha olinadigan to`lovlar», Kredit 9550 - «Uzoq muddatli
ijaradan daromadlar», 9350 - «Qisqa muddatli ijaradan daromadlar») kiritadi.
Ijaraga olingan asosiy vositalarni joriy ta'mirlash xarajatlari lizing oluvchi tomonidan
qilinadi, kapital ta'mirlash esa shartnomadagi kelishuvga muvofiq lizing oluvchi yoki lizing
beruvchi hisobidan amalga oshiriladi.
Audit jarayonida auditor lizing subyektlarini aniqlashi lozim. 6-son BHMS ga muvofiq,
lizing subyekti bo`lib quyidagilar hisoblanadi:
a) lizingga beruvchi lizing shartnomasi bo`yicha lizingga oluvchiga kelgusida topshirish
maqsadida lizing obyektini mulk qilib oluvchi shaxs;
b) lizingga oluvchi egalik qilish va foydalanish uchun lizing shartnomasi bo`yicha lizing
obyektini olayotgan shaxs;
v) sotuvchi lizingga beruvchiga lizing obyektini sotayotgan shaxs.
Lizing obyekti lizingga oluvchining krediti (qarzi) hisobidan olinayotgan taqdirda, aniq
bir lizing obyektiga nisbatan lizingga beruvchining kreditori va lizingga oluvchi bir shaxs
timsolida ish ko`rishga yo`l qo`yilmaydi.
Lizingga beruvchi lizing obyektini bo`lgusi foydalanuvchidan keyinchalik uni xuddi shu
shaxsga ijaraga berish uchun sotib olgan hollarda, lizingga oluvchi va sotuvchi bir shaxs
bo`lishga yo`l qo`yiladi.Auditor yuqorida ko`rsatilgan masalalarni tekshirib, o`rnatilgan talablar
va qoidalarning buzilish hollarini o`zining ish hujjatlarida aks ettirishi lozim.
Ko`pchilik xojalik subyektlari avtomobillarni sotib olganidan ko`ra foydaliroq bo`lgani
uchun ijaraga oladilar. Bunda auditor avtomashinani ishlatish va ta'mirlash xarajatlarini qoplash,
hisoblashishlar tartibi kelishilgan ijara shartnomasi bilan tanishishi lozim.
Jismoniy shaxslar bilan tuzilgan shartnomaga ko`ra ijara to`lovlari ijarachi tomonidan
uning xarajatlariga qo`shilsa (2010, 2310, 2510, 2710 schyotlar debet va 6910 schyot kredit)
hisoblangan ijara to`lovi summasidan daromad solig`i undiriladi (Debet 6910, Kredit 6410).
1
6-son «Ijara hisobi» nomli BHMS. O’z.R. Adliya vazirligida 2004-yil 22-iyunda 1374-son bilan ro’yhatga
olingan.
72
Ijaraga beruvchi jismoniy shaxslarga ulardan ijaraga olingan asosiy vositalar uchun hisoblangan
ijara to`lovi summasidan budjetdan tashqari fondlarga to`lovlar hisoblanmaydi.
Agar asosiy vosita obyektlari tadbirkor bo`lgan jismoniy shaxslardan ijaraga olinsa,
hisoblangan ijara to`lovi summasidan daromad solig`i ushlanmaydi. Subyekt bunday
to`lovlarning barcha turlari bo`yicha soliq inspeksiyasiga har chorakda bildirib turishi lozim.
Auditor subyektning ijaraga beruvchi jismoniy shaxslar bilan hisob-kitoblarni hisobga olish
qoidalari va soliq qonunchiligiga rioya qilinayotganligiga ishonch hosil qilishi lozim.
Auditda bajariladigan barcha amallar lizing muomalalarining xususiyatini hisobga olgan
holda amalga oshiriladi. Shuning uchun lizing shartnomalarini tuzish, muomalalarni buxgalteriya
hisobida aks ettirish va soliqqa tortishda yo`l qo`yiladigan xatolarning aksariyati me'yoriy
hujjatlardagi kamchiliklar va uslubiy qo`llanmalar yetishmasligi bilan bog`liq.
Lizing operatsiyalarini tekshirishda auditning barcha bosqichlari: rejalashtirish, auditorlar
guruhini tuzish, tekshiruv o`tkazish, auditorlik hisoboti va xulosalarini tuzishda maxsus
yondoshuv talab qilinadi.
Lizingda lizing obyektiga egalik qilish va foydalanish huquqi bilan bog`liq barcha
tavakkalchiliklar lizinga oluvchiga o`tkaziladi. Lizingga oluvchining buxgalteriya hisobida lizing
aktiv va majburiyat sifatida lizing muddati boshlanishidagi lizing obyektining joriy qiymati yoki
minimal lizing to`lovlarining diskontlangan qiymati bo`yicha, agar u past bo`lsa, tan olinishi
kerak.
Audit jarayonida auditor lizing to`lovlarining diskontlangan qiymat to`g`ri hisobga
olinishini ham tekshirishi lozim. Minimal lizing to`lovlarining diskontlangan qiymatini
hisoblashda diskontlaydigan omil bo`lib, lizing shartnomasida ko`zda tutilgan foiz stavkasi
hisoblanadi, agarda uni aniqlash imkoniyati bo`lsa, aks hollarda lizingga oluvchining qarz
sarmoyasi bo`yicha o`sib boruvchi foiz stavkasidan foydalaniladi. Lizing muddatining
boshlanish vaqtida lizingga oluvchi va lizingga beruvchi lizing to`lovlari jadvali (tartibi) ni
kelishib oladi, unda lizingga beruvchining daromadi, lizing obyektining qiymatini qoplash
bo`yicha majburiyatlar va ularning lizing muddati davomida taqsimlanishi ko`rsatiladi.
Auditor lizing bo`yicha foizlar lizing shartnomasi davomida davrlar bo`yicha
taqsimlanganligini va har bir davrda qoplanmagan majburiyatlar qoldig`iga doimiy foiz
stavkasini o`rnatish maqsadida lizing to`lovlari jadvalida aks ettirilganligiga ahamiyat berishi
kerak. Shuningdek, lizingga oluvchi tomonidan amalga oshirilgan lizing obyektini sotib olish,
yetkazib berish yoki belgilangan maqsadda foydalanish uchun yaroqli holga keltirish bilan
bog`liq xarajatlar lizing obyektining qiymatiga qo`shilganligini ham aniqlash lozim.
Lizingga oluvchining lizing obyektini yaxshilash (obodonlashtirish, qo`shimcha qurish,
qo`shimcha asbob-uskunalar bilan ta'minlash, rekonstruktsiya, modernizatsiya qilish, texnik
qayta qurollantirish va h.k.) xarajatlari lizing obyekti qiymatini ko`paytiruvchi kapital
qo`yilmalar sifatida aks ettiriladi. Agar lizing obyekti, lizingga beruvchining ruxsati bilan
yaxshilangan bo`lsa, shartnomaning amal qilish muddati tugagandan so`ng yoki shartnoma bekor
qilingach, lizingga oluvchi ana shu maqsad yo`lida sarflangan barcha xarajatlarning qoplanishini
talab qilish huquqiga ega, agarda lizing shartnomasida o`zgacha shartlar ko`zda tutilmagan
bo`lsa.
Auditor lizingda har bir hisobot davri uchun lizing obyekti bo`yicha amortizatsiya
ajratmasi to`g`ri hisoblanganligini ham tekshirishi lozim. Lizing obyektlari bo`yicha
amortizatsiyani hisoblash O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2003-yil 9-oktyabrdagi
114-sonli buyrug`i bilan tasdiqlangan 5-son «Asosiy vositalar» nomli BHMS ga muvofiq amalga
oshiriladi.
Lizingga oluvchi lizing shartnomasi muddati tugaganidan keyin lizing obyektiga mulkiy
egalik qilish huquqini olishga ishonchi bo`lmasa, u holda u quyidagilardan qaysi biri
qisqaligidan kelib chiqib: lizing shartnomasi muddati davomida yoki lizing obyektining xizmat
qilish muddatida to`liq amortizatsiya qilishi mumkin. Audit jarayonida lizing obyektini yillik
qayta baholash lizingga oluvchi tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda amalga
oshirilganligiga ishonch hosil qilish lozim.
73
Lizing shartnomasi to`xtatilganda lizing obyektini qaytarish, lizing shartnomasiga
muvofiq uning to`xtatilgan sanadagi obyektining qoplanmagan qiymati summasi bo`yicha
amalga oshirilaganligi tekshiriladi. Lizing obyektining chiqib ketishidan moliyaviy natijani
aniqlaganda, oldingi qayta baholashlardagi lizing obyekti qiymatining ko`paygan summasi, ya'ni
oldingi baholashlardagi qiymat pasayishi summasiga nisbatan ortgan qismi lizing obyektining
chiqib ketishidan ko`rilgan daromad tarkibiga qo`shiladi va bir vaqtning o`zida 8510 - «Mulkni
qayta baholash bo`yicha tuzatishlar» schyoti bo`yicha rezerv kapitalini kamaytiradi.
Lizingga beruvchining buxgalteriya hisobida lizing aktiv sifatida lizing muddati
boshlanishidagi lizing obyektining joriy qiymati yoki minimal lizing to`lovlarining
diskontlangan qiymati bo`yicha, agar u past bo`lsa, tan olinishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |