7. Poyafzal va odam oyog‘i izlarini ko‘zdan kechirish,
qayd etish va olish
Topilgan oyoq izlarining jinoyat hodisasi bilan o‘zaro bog‘liqligini
aniqlash uchun sinchikovlik bilan ko‘zdan kechirish o‘tkaziladi. Bunda
izlar hosil bo‘lishining muddatidan dalolat beruvchi belgilarga, hodisa
joyidagi predmetlarga nisbatan ularning joylashishiga va hodisa joyini
ko‘zdan kechirish jarayonida aniqlangan iz hosil bo‘lishi mumkin bo‘lgan
holatlarga e’tibor qaratiladi. Masalan, predmetlar yonida qoldirilgan oyoq
izlarining yagonaligi va «izlar yo‘lakchasi», butunligi yoki jinoyat sodir
etilayotgan paytda buzilgan odatdagi joylashuvi ularni jinoyat hodisasiga
bog‘lash imkonini beradi; buzilgan eshik (pol, tuproq) yonida, eshikda va
boshqalarda topilgan izlar ular jinoyat sodir etgan shaxs tomonidan
qoldirilganligidan dalolat berishi mumkin. Oyoq izlarini ko‘zdan
kechirish, shuningdek oyoq izlarining hosil bo‘lish ehtimoliy
mexanizmini, ularda mavjud bo‘lgan oyoq kafti yoki poyafzal tagcharmi
tashqi tuzilishining o‘ziga xos xususiyatlarini, qanday izlarni olish
lozimligini va bunda qayd etishning qaysi usullaridan foydalanish
maqsadga muvofiqligini aniqlash maqsadini ham ko‘zda tutadi.
Hodisa joyida topilgan oyoq izlarini tasodifan buzilishlardan saqlash
lozim, buning uchun ularning usti yopib qo‘yiladi yoki turli ashyolar bilan
to‘sib qo‘yiladi. Biroq, bunda to‘sib qo‘yilgan predmetlar izlarga zarar
yetkazmaydigan tarzda bo‘lishi lozim. Masalan, sochiluvchan tuproqdagi
oyoq izlari faner, karton va boshqa narsalar bilan to‘sib qo‘yiladi.
Oyoq izlarining yo‘lakchasini ko‘zdan kechirishda uning elementlari
qanday yuzada qoldirilgani, uning botiqligi yoki yuzaki ekanligi, o‘ng va
45
chap oyoq izlari qoldirgan botiqning chuqurligi, izlarning o‘lchami;
qo‘shimcha izlar (hassa, qo‘ltiqtayoq va boshqalarning izlari)ning
shakllari, joylashishi va o‘lchamlari aniqlanadi. Agar hodisa joyida har
qaysi (o‘ng va chap) oyoq bilan oltitadan kam bo‘lmagan iz qoldirilgan
bo‘lsa, oyoq izlari yo‘lakchasining elementlari o‘lchanadi. O‘ng (chap)
oyoq qadamlarining uzunligi ular qoldirgan izdagi tovon (poshna)
qismining markazi va chap (o‘ng) oyoq izi tovon (poshna) qismining
markazi o‘rtasidagi masofa bo‘yicha o‘lchanadi. Har qaysi oyoq
tovonining izning o‘q chizig‘i bilan harakat yo‘nalishi chizig‘i kesishganda
hosil bo‘lgan burchakka ko‘ra aniqlanadi. Oyoq qo‘yilishining kengligi
biri o‘ng oyoq bilan ketma-ketlikda qoldirilgan izlarning tovon (poshna)
qismlarining markazlarini birlashtiradigan, boshqasi esa chap oyoq bilan
ketma-ketlikda qoldirilgan izlarning tovon (poshna) qismlarining
markazlarini birlashtiradigan ikki chiziq o‘rtasidagi masofaga qarab
o‘lchanadi. Oyoq izlari yo‘lakchasining elementlarini o‘lchashda maktab
katta sirkuli, ortopedik burchak o‘lchagich va o‘lchov ruletkasi
qo‘llaniladi. Izlar yo‘lakchasidagi zarur chiziqlarni ikki yog‘och qoziqcha
o‘rtasidagi izlarning tegishli nuqtalari ustiga tortiladigan ip yordamida
olinadi.
Poyafzalning yagona izlarini ko‘zdan kechirishda ularning shakliga
(konfiguratsiyasiga) e’tibor qaratiladi; poyafzal ostki qismining qaysi
qismlari va xususiyatlari izlarda o‘z aksini topgan; aks etgan relyefli
suratlar yeyilganlik belgilari – relyefli suratlar nuqsonlari, chuqurchalar
tagcharm kontur chiziqlari bo‘ylab notekisliklar, tagcharmning panja qismi
va poshna qismlaridagi yeyilgan joylarning aks etishi; yamoq, nag‘al,
chok, mixlar, metall shpilkalar va boshqalarning aks etishi. Poyafzal izi,
uning alohida panja qismi, oraliq va poshna qismlari uzunligi o‘q
chizig‘iga ko‘ra o‘lchanadi. O‘q chiziq o‘rnida tagcharm poshnasining
orqa kesigi va panja qismi old kesigi qismlari aksini birlashtiruvchi o‘rta
nuqta qabul qilinadi. Shuningdek, panja qismi va poshna aksining eng
katta kengligi va tagcharm oraliq qismining eng kichik kengligi
o‘lchanadi. Yalang oyoq qoldirgan yagona izlarda ularning
konfiguratsiyasi (shakli) to‘lig‘icha o‘rganiladi, ya’ni panja qismi, oraliq
qism va tovon izlari aksining holatlari, tovon tuzilishining anomaliyasi va
nuqsonlarining aksi kabilar. Shuningdek, papillyar chiziqlar, so‘gallar,
chandiqlar va boshqalarning izlarini o‘lchash ularning uzunligidan
tashqari, xuddi poyafzal izlarini o‘lchashdagi kabi amalga oshiriladi.
Izning uzunligini o‘lchashda o‘q chiziq tovon va ikkinchi yoki uchinchi
barmoq yostiqchasi (do‘mboqchasi) aksining markazi orqali o‘tkaziladi.
46
So‘ngra tovon va bosh barmoq orqa kesigining aksiga o‘q chiziqqa
perpendikular bo‘lishi lozim bo‘lgan urinma chiziq o‘tkaziladi. Urinma
chiziqlar o‘rtasidagi masofa izning uzunligi, deb olinadi. Hodisa joyida
topilgan oyoq izlarini iloji boricha ular joylashgan obyektlar bilan
birgalikda olish lozim. Ayrim hollarda uning iloji yo‘q, shuning uchun
oyoq izlarini qayd etishning quyidagi usullari qo‘llaniladi:
– hodisa joyida topilgan oyoq yoki poyafzal izlari hodisa joyini
ko‘zdan kechirish bayonnomasida batafsil qayd etiladi;
– oyoq izlari yo‘lakchasiga nisbatan bayonnomalarda ular topilgan
yuzaning ko‘rinishi, qoldirilgan izlar botiq yoki yuzaki ekanligi, izlar
yo‘lakchasining ko‘lami, ularning yo‘nalishi ko‘rsatiladi. Shuningdek,
unda izlar yo‘lakchasi elementlarini o‘lchash natijalari – qadamning
uzunligi, oyoq qo‘yilishining kengligi hamda o‘ng va chap oyoq tovonlari
burilishining burchaklari; yo‘lakcha hosil qilgan izlarning o‘lchamlari,
shakllari, joylashuvi va yondosh (yo‘ldosh) izlarning o‘lchamlari qayd
etiladi.
Poyafzalning qordagi botiq izlarini suratga olish ancha murakkab,
chunki ularning yirik va mayda detallari ko‘pincha suratlarda farqlanib
turmaydi. Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun qordagi izlar sariq yoki olov rang
yorug‘lik filtri bilan izoorto, izopanxron, izoxron ko‘rinishidagi
fotomateriallarga suratga olinadi, fotoapparat obyektiviga esa blenda
kiydiriladi.
Bo‘yoq, qon va shunga o‘xshash moddalar orqali hosil bo‘lgan yuzaki
izlar yorug‘lik filtri yordamida fotosuratga olinadi. Uni tanlash sirtni qabul
qiluvchi fonga va izning rang xususiyatiga bog‘liq bo‘ladi. Kulrang izlar
ustki va yon tomonini yoritish orqali suratga olinadi. Toq konturli yuzaki
izlar yon tomondan yo‘naltirilgan (yorug‘lik manbai nurlari, izlarning
joylashuviga nisbatan 20–30 gradus (0S) burchak ostida yuboriladi)
yorug‘lik ostida fotosuratga olinadi.
Yuzaki oyoq izlarining nusxasini olish. Changsimon modda (un, bo‘r,
gips va h.k.)larning qismlaridan hosil bo‘lgan yuzaki izlardan
daktiloskopik tasmaga nusxa olish mumkin: qora rangli jismlardan hosil
bo‘lgan izlarni yorqin va yorqin rangdagilarini qora himoya qatlamidan
ajratilgan daktiloskopik tasma silliq tomoni bilan iz ustiga qo‘yiladi va
uning ustidan rezina valik yurgiziladi yoxud qo‘l bilan tekislanadi. Tasma
ajratib olingandan so‘ng, uning silliq tomonida iz hosil qilgan modda
qismlari qoladi. Tasmaga nusxasi olingan iz himoya qatlami bilan
yopiladi.
47
Daktiloskopik tasmaning o‘lchami faqatgina yuzaki izlardan noto‘liq
nusxa olish imkonini beradi (masalan, poshna izi, panja qismining izi va
h.k.). Changsimon moddalar bilan qoldirilgan oyoq yoki poyafzal
tagcharmining ko‘rinadigan va yaxshi ko‘rinmaydigan yuzaki izlarini ham
fotoqog‘ozning jelatinli qatlamiga nusxa olish mumkin. Buning uchun
fotoqog‘oz oldindan tayyorlanadi: yoritilgani ishlov beriladi (proyavka)
qilinadi, mustahkamlanadi, yuviladi va quritiladi; yoritilmagani
mustahkamlanadi, yuviladi va quritiladi.
Botiq oyoq izlaridan quyma nusxalar tayyorlash. Quyma nusxalarni
tayyorlashda gips keng qo‘llaniladi. Buning uchun gips bilan suvning
qorishmasi tayyorlanadi, ushbu qorishma yaxshilab aralashtirilgan va
quyuqlik darajasiga ko‘ra qaymoqqa o‘xshash bo‘lishi kerak. Bunday
qorishma 25–30 daqiqa mobaynida quyilib qoladi (qotadi). Agar
qorishmaga, ishlatilgan gips og‘irligining 1–1,5 % miqdorida mis kukuni
yoxud xlorli natriy qo‘shilsa, ushbu qorishmaning quyilishi (qotishi)
tezlashadi. Botiq izlar joylashgan yirik donali sirt ustidan quyuqroq
qorishma, mayda donali yuza ustidan suyuqroq qorishma quyiladi. Eng
ko‘p qo‘llaniladigan gipsli qorishma konsentratsiyasi suvning bir og‘irlik
birligiga birdan ikkigacha bo‘lgan birlik og‘irlikdagi gips to‘g‘ri keladigan
qorishma hisoblanadi, masalan, 10 gramm suvga 20 grammgacha gips
ishlatilishi mumkin. Oyoq yoki poyafzal to‘liq izining quyma nusxasi
uchun 500–600 gramm gips zarur bo‘ladi.
Gipsli qorishmani izga quyishdan oldin tayyorlov ishlari o‘tkaziladi.
Izdan begona narsa va moddalar pinset bilan olib tashlanadi. Agar iz
unchalik chuqur bo‘lmasa, uning atrofi qorishma chiqib ketishining oldini
oluvchi to‘siq bilan o‘rab olinadi (tuproq, karton bo‘lagi, faner yoki
boshqa shu kabi narsalar).
Izlardagi yangi yoqqan qor xuddi yelpig‘ich sifatida harakat qilib,
faner yoki karton bo‘lagi bilan puflanadi yoxud yumshoq cho‘tka (fleys)
bilan olib tashlanadi. So‘ngra karkas (sinch) uchun zarur bo‘ladigan
predmetlar – yog‘och tayoqchalar (ikkita iz uzunligiga teng va bir nechta
uning kengligiga teng bo‘lgan) hamda yorliq tayyorlanadi.
Shundan so‘ng, izning tubini qoplashi uchun tayyorlangan gipsli
qorishmaning taxminan yarmi 3–4 millimetr qalinlikda quyiladi. Quyilgan
qorishmaga suv bilan ho‘llangan karkas (sinch)lar qo‘yiladi. Yorliq ip
(bechevka) bilan karkasga qotiriladi va u izning tashqarisiga chiqarib
qo‘yiladi. So‘ngra izga qorishmaning qolgan qismi quyiladi. Oradan 25–30
daqiqa o‘tgach, izdagi gipsli qorishma qotib qoladi va tayyor quyma nusxa
izdan chiqarib olinadi.
48
Quyma nusxaga yopishib qolgan tuproq zarralari suv bilan yuviladi,
quyma nusxaning o‘zi esa xona haroratida quritiladi. Quyma nusxaning
mustahkamligini oshirish uchun qorishmaga 10–15 daqiqadan so‘ng, 15%
li kremniy kislota qorishmasini qo‘shish mumkin.
Agar botiq izlar suvli bo‘lsa, unda gipsli quyma nusxa
tayyorlanayotganda gipsni oddiy sepish usulidan foydalanish mumkin.
Buning uchun izlar qo‘l ostidagi materiallardan to‘siq bilan o‘rab olinadi
va gips sepiladi, so‘ngra usti tekislanadi. Zarur bo‘lgan hollarda gips
ustidan qo‘shimcha ravishda suv quyish uchun uning ustiga mato
qo‘yiladi, mato ustidan undan suv o‘tishi to‘xtamagunga qadar suv quyib
turiladi. Oradan 25–30 daqiqa o‘tgach, gips qotadi, tayyor quyma nusxa
chiqarib olinadi va quritiladi.
Qordagi izlardan quyma nusxalarni tayyorlashdan oldin: gips
sovutilgan suvda (qor aralashtiriladi) eritiladi va unga osh tuzi (gips
og‘irligining 1–1,5 foizigacha) solinadi. Shundan so‘ng yirik ko‘zli elak
orqali izga uning tubini 1,6–2 millimetrcha bo‘lgan qatlam bilan
qoplaydigan gips kukuni sepiladi. Quyma nusxani tayyorlashning keyingi
ishlari yuqorida bayon qilingan tartibda amalga oshiriladi.
Sochiluvchan materiallar (yo‘l changi, un, daryo quruq qumi va
h.k.)dagi izlar pulverizator orqali sochiladigan maxsus qorishma (100
gramm spirtda suyultirilgan 6 gramm shellak (lak, plastmassa kabilar
ishlab chiqarishda ishlatiladigan tabiiy smola); 90 gramm atsetonda
suyultirilgan 10 gramm sellyulit yoki 95 gramm spirtda suyultirilgan 5
gramm kanefol bilan) mustahkamlanadi. Izga shikast yetkazmaslik uchun
pulverizatorning sepuvchi moslama (soplo)si oldin yuqoriga yo‘naltiriladi.
Bunday hollarda qorishma mayda zarrachalar ko‘rinishida sochiladi.
Izning tubi va devorlarida ko‘z bilan farqlanadigan qatlam hosil
bo‘lgandan so‘ng, bevosita uning tomonlariga yo‘naltirilishi mumkin.
Qatlam hosil bo‘lgandan so‘ng, bunday izlardan gipsli quyma nusxalar
odatdagi usulda olinadi. Izlarni mustahkamlash maqsadida kerosin
qo‘llashga ham yo‘l qo‘yiladi. U pulverizator yordamida izga oldin 80–60
santimetr, so‘ngra 30–20 santimetr masofadan turib sepiladi. Iz modda
uning zarralari birlashishini oshiradigan darajada kerosin bilan to‘yinishi
lozim. To‘yingandan so‘ng oradan 10 daqiqa o‘tgach, izga ehtiyot bo‘lib
suyuq gips qorishmasi quyiladi. U qotganidan so‘ng izga qo‘shimcha
ravishda odatdagi tarkibdagi gips qorishmasi quyiladi.
Hodisa joyini ko‘zdan kechirish bayonnomasida bayon qilinganlarga
qo‘shimcha ravishda oyoq izlarining erkin (ixtiyoriy) yoxud masshtabli
surati chizilishi mumkin. Oyoq izlari yo‘lakchasining erkin (ixtiyoriy)
49
yoxud masshtabli surati chizilishi uning umumiy joylashuvini, shuningdek
yo‘lakcha hosil qilgan alohida oyoq izlarini tasavvur qilish imkonini
beradi; masshtabli surat – izlar yo‘lakchasi elementlarini muayyan
masshtabda qayd etishdir. Masshtabli suratni millimetr katakli (to‘rli)
qog‘ozga chizish qulaydir. Yolg‘iz oyoq izlarini, ularning masshtabli
suratidan tashqari shishaga yoki shaffof sellofanga qayta chizish tavsiya
qilinadi. Buning uchun izning ikki tomonidan shisha joylashadigan (uning
ustiga sellofan ham qo‘yish mumkin) baland bo‘lmagan taxtachalar
qo‘yiladi. Iz konturlari va uning barcha xususiyatlari shishada mum qalam
bilan yurgiziladi (shuningdek yuvilib ketmaydigan bo‘yoq yoki
suyultirilgan shishadan ham foydalanish mumkin). Izlar suratini shishaga
chizishda to‘g‘ri burchaklar ostiga qarash lozim, yo‘qsa, ular detallarining
aks etishi buzilishi mumkin. Izlarning suratini chizish daliliy ahamiyatga
ega emas va faqatgina qidiruv maqsadlariga ega.
Fotosuratga olish. Oyoq izlarini suratga olish yirik formatli (masalan,
FK yo‘l kamerasi), kichik formatli (masalan, «Zenit») kameralarida ham
iloji boricha katta masshtabda amalga oshiriladi. Yo‘lakcha hosil qiluvchi
izlar yig‘indisi keng qamrovli suratga olish usulida, yolg‘iz oyoq izlarni
esa masshtabli suratga olish tartibida fotosuratga olinadi.
Oyoq izlarini fotosuratga tabiiy yorug‘likda olish ma’quldir.
Amaliyotda ko‘pincha sun’iy yoritishdan foydalaniladi. Bunday hollarda
izning o‘zini va uning detallarini yaxshiroq yoritishga erishish uchun ustki
va yon chiroqlardan foydalaniladi. Yoritish manbalari sifatida impulsli
fotochiroqdan foydalanish mumkin.
Poyafzalning hajmiy izlarini olishda qurilish-montaj ko‘piklari va
germetiklarini qo‘llash imkoniyatlari. Tadqiqotlar natijalari ko‘rsatadiki,
hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirishda, poyafzal izlarini qayd
etish va olishning mavjud metodikalarida bir qator kamchiliklar mavjud.
Ushbu kamchiliklarga quyidagilarni kiritish mumkin:
1. Sovuq havo haroratlarida, qorda qolgan izlarni qayd etish va
olishning murakkabligi (ayrim hollarda umuman mumkin emasligi).
2. Izlarni olishga mo‘ljallangan vosita va materiallardan foydalanishda
maxsus malaka va ko‘nikmalarning talab etilishi.
3. Poyafzallarning hajmiy izlarini olishda foydalaniladigan vosita va
materiallar yordamida, O‘zbekiston Respublikasi IIV rahbariyati
tomonidan tergov-tezkor guruhining (guruh a’zolarining) hodisa joyida
izlarni aniqlash, qayd etish va olish qobiliyatlariga qo‘yilayotgan talablarni
amalga oshirishning qiyinligi.
50
Yuqoridagi muammoni hal etish maqsadida, hodisa sodir bo‘lgan
joyda poyafzalning hajmiy izlarini olish uchun qurilish-montaj ko‘piklari
va germetiklardan foydalanish yaxshi samara berishi aniqlangan. Buning
uchun turlicha iz qabul qiluvchi sirtlarda (5-rasm – chuqurligi 5 sm
bo‘lgan qor, atrof-muhitning harorati 5°S; 6-rasm – chuqurligi 15 sm
bo‘lgan qor, atrof-muhitning harorati 10°S; 7-rasm – chuqurligi 30 sm
bo‘lgan qor, atrof-muhitning harorati 15°S; 8-rasm – nam qum, atrof-
muhitning harorati musbat; 9-rasm – nam tuproq, atrof-muhitning musbat)
poyafzalning statik hajmiy izlari hosil qilingan.
5-rasm. Poyafzalning chuqurligi 5 sm qorda, havo harorati –5°S
Do'stlaringiz bilan baham: |