Avgust 2026
YOQIMLI YOMG’IR YOG’ADI
Mehmonxona bo‘lmada go‘yo birov eshitmay qolishidan qo‘rqqanday gapiruvchi soatlar tinmay:
“chiq-chiq, yetti bo‘ldi, tong otdi, turing o‘rningizdan!” — deb qo‘shiq aytar edi. Ertalabki sukunat
chulg‘agan uy huvillab turardi. Soat esa hamon chiqillar va bo‘shliq tomon nuqul o‘zining sevgan
qo‘shig‘ini taratar edi: “sakkizdan o‘n daqiqa o‘tdi, nonushta qilish vaqti yetti, sakkizdan o‘n daqiqa
o‘tdi!”
Oshxonada pechka chiyillab uh tortdi va uning lang‘illagan qorni ichidan sakkizta obdon yetirilgan
qadah, to‘rtta sarig‘i aralashtirilmagan tuxum, o‘n olti bo‘lak cho‘chqa yog‘i, ikki chashka qahva va ikki
stakan muzdek sutni ufurib tashladi.
— Butun Kaliforniya shtatining Ellendayl shahrida ikki ming oltinchi yil, to‘rtinchi avgust, — dedi
oshxona shiftidan boshqa bir ovoz. — Bugun mister Fezerctounning tug‘ilgan kuni. Tilita to‘yining bir
yilligi. Sug‘urta badalini to‘lash vaqti yetti. Suv, gaz, chiroq pullarini ham to‘lab qo‘yish kerak.
Devorning allaqaeridadir bir rele shiqirladi, elektr ko‘zlar oldida xotira tasmalari sizib chiqa
boshladi.
Sakkizu bir, chiq-chiq, sakkizu bir, ishga borish kerak, maktabga borish kerak, bo‘la qolinglar
chaqqon-chaqqon, sakkizu bir! Biroq eshiklar ochilib-yopilmas, gilamlarda rezina poshnalarning
yumshoq odimlagan tovushi quloqqa chalinmasdi.
Tashqarida yomg‘ir yog‘ardi. Tashqi eshikdagi meteoquticha ohista qo‘shiq kuylardi: “Yomg‘ir
yog‘ar kun bo‘yi, Issiqroq kiyin endi...” Yomg‘ir tomchilari huvillagan uy tomini hamon nog‘ora qilib
chertardi.
Hovlidagi garaj eshigi qattiq g‘iyqilladi, ko‘tarilib ochilgan eshik ortidan chiqishga hozir turgan
avtomashina ko‘rindi... Ikki daqiqa o‘tar-o‘tmas eshik yana asil holatiga qaytdi.
Sakkizu o‘ttiz daqiqada tuxumlar bujmayib qoldi, qadahlar esa toshga aylandi. Alyumin belkurakcha
ularni chanoqqa itqitdi, u yerdan tizillagan qaynoq suv ularni ma’dan bo‘g‘izga dumalatib keldi, bo‘g‘iz
ularning hammasini eritib yuborar va kanalizatsiya orqali uzoq dengizga eltib tashlardi. Ovqat yuqi
likopchalar qaynoq yuvindi idishga sho‘ng‘ir va yaltiragancha uning ichidan suzib, tashqariga chiqib
kelar edi.
“To‘qqizu o‘n besh, — kuyladi soat, — supurib-sidirish vaqti yetdi”.
Devordagi uyachalardan mitti robot sichqonlar to‘kildi. Barcha xonalarda ma’dan va rezinadan
yasalgan jonsarak farroshlar ivirsir edi. Ular o‘zlarini oromkursilarga sharaqlab urib olar, tukdor
g‘o‘lachalarini aylantirar, gilam patlarini hurpaytirar, ichidan changlarini ohista so‘rib olar edilar. So‘ng
bamisoli noma’lum kelgindilar kabi bir-bir o‘z go‘shalariga kirib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldilar. Ularning qizil
elektr ko‘zlari so‘ndi. Uy chinniday top-toza bo‘lib qolgandi.
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |