www.ziyouz.com kutubxonasi
113
— Nechchiga kirdingiz, Jon?
— Yigirma uchga, — javob berdi yigit.
Uaylder sarosimalangancha qo‘llaridagi sanchqi va pichoqni aylantirib, o‘ynardi. U birdan bo‘zdek
oqarib ketdi. Yonida o‘tirgan fazogir unga shivirladi:
— Kapitan Uaylder, bu yerda nimadir bo‘layotganga o‘xshaydi.
O’g‘li stollar olib kelgani ketdi.
— Nima demoqchisiz o‘zi, Uilyamson?
— Men 43 ga kirdim, kapitan. Yigirma yil avval men yosh Xeteuey bilan birga o‘qigan edim. Lekin u
endigina yigirma uchga kirdim deb aytayapti, lekin bu tashdan qaragandagina shunday. Bular
hammasi noto‘g‘ri. U kam deganda 42 ga kirgan. Buning tagida nima gap bor, ser?
— Bilmayman.
— Rangingiz o‘chinqiraganday, ser?
— Tobim yo‘q. Qizimning ham tobi yo‘q.
— Men ularni yigirma yil avval ko‘rganman, ular esa o‘zgarmagan, bitta ham ajin tushmagan.
Sizdan bir narsani minnat qilib so‘rasam bo‘ladimi, Uilyamson? Men sizga bir topshiriq bermoqchiman.
Qayoqqa borishni va nimalarni tekshirishni tushuntirib beraman. Nonushtadan keyin asta juftakni
rostlab qolasiz. Sizga bor-yo‘g‘i o‘n daqiqa kerak bo‘ladi. Bu yerdan qo‘l uzatsa yetadi. Biz
qo‘nayotganimizda raketadan turib ko‘rgan edik. Iltimos! Bunday jiddiy gapirayotganingizning
ma’nosini bilsak bo‘ladimi? — Missis Xeteuey shosha-pisha ularning kosalariga sho‘rva quyib chiqdi. —
Bundoq kulib o‘tirsalaring-chi! Yana birgamiz, sayohat tugagan, sizlar deyarlik uydasizlar!
— Ha, ha, bo‘lmasam-chi. — Kapitan Uaylder kuldi. — Siz shunday ajoyibsizki, o‘n gulingizdan bir
gulingiz ochilmagandek, missis Xeteuey!
— Eh, bor bo‘ling siz erkaklar!
U ayolning tovusdek yurishlariga qarab turdi. Ayolning yuzlari yal-yal yonar edi, xuddi naqsh
olmadek, silliq va qip-qizil. Ayol hazillarga qo‘ng‘iroqdek kulib javob qaytardi, likopchalarga did bilan
salat solib chiqdi, harakatlarida zarracha xatolik ko‘zga chalinmasdi. Daroz o‘g‘li va sarvqomat qizlari
o‘zlarining xilvatdagi hayoti haqidagi uzoq hikoyalari bilan otasini mot qoldirib, basma-basiga dov
tashlashardi va man-man ota bolalarining gapini eshitib, nochor taslim bo‘lardi.
Uilyamson nishablikdan pastga qarab yugurib ketdi.
— U qaerga ketdi? — so‘radi Xeteuey.
— Raketalarni tekshirgani, — javob berdi Uaylder. — Shunaqa, Xeteuey Yupiterda hech balo yo‘q,
insonning u yerda qiladigan ishi ham yo‘q. Saturn va Pluton ham shunaqa...
Uaylder o‘z ovozini eshitmay, beixtiyor gapirardi; u faqat bir narsa haqida o‘ylardi: hozir Uilyamson
pastga yugurib boradi-da, ko‘p o‘tmay qaytib keladi, tepalikka chiqib, javob olib keladi...
— Rahmat.
Margaret Xeteuey unga bir stakan suv quydi. To‘satdan harakatga kelib, kapitan ayolning yelkasiga
qo‘lini qo‘ydi. Ayol bunga hech qanday munosabat bildirmadi. Uning badani issiq va nozik edi.
Kapitan qarshisida o‘tirgan Xeteuey dam-badam jimib qolar va aftini ayanchli bujmaytirgancha
ko‘kragini changallar edi, so‘ng yana ma’yus suhbatga quloq solar, har daqiqada Uaylderga achinib
qarab qo‘yar, u esa birovlarga bildirmasdan huzur qilib, kulchasini kavshar edi.
Uilyamson qaytib keldi. Kapitan uning yelkasi osha: “Xo‘sh?” deb shivirlamaguncha indamay,
sanchqi bilan taomni kavlab o‘tiraverdi.
— Men bu joyni topdim, ser.
— Xo‘sh, xo‘sh?
Uilyamsonning ranggi bo‘zdek oqarib ketgan edi. U nigohini quvnoq ulfatlardan uzmasdi. Qizlari
bosiq jilmayib turishar, o‘g‘li allaqanday latifani hikoya qilardi.
Uilyamson dedi:
— Men qabristonga o‘tdim.
— To‘rtta xochni ko‘rdingizmi?
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |