www.ziyouz.com kutubxonasi
110
Osmonda qizil olov yondi.
Eshikdan tushayotgan yorug‘lik xalaqit bermasligi uchun u bir tomonga odimladi.
— Yana bir qaraganingda... — shivirladi u.
Qizil olov o‘sha joyda yonib turardi.
— Kecha kechqurun u yo‘q edi, — dedi Xeteuey.
U qoqilib, yiqilib tushdi, so‘ng oyoqqa turdi-da, kulba ortiga yugurib o‘tdi, teleskopini ochib, uni
osmonga to‘g‘riladi.
Uzoq vaqt osmonga ko‘zini qisib qarab turgandan keyin — bir daqiqa o‘tgach, u uyining pastak
eshigi tagida paydo bo‘ldi. Xotini, ikkala qizi va o‘g‘li unga o‘girilishdi. Uning ha deganda tili kalimaga
kelavermasdi.
— Xushxabar olib keldim, — dedi u. — Men osmonga qarab turgan edim. Bu yoqqa raketa uchib
kelayapti, u bizlarning hammamizni uyga olib ketadi. Erta tongda shu yerda bo‘ladi.
U qo‘lini stolga qo‘ydi, boshini kaftlari orasiga olib, yig‘lab yubordi.
U Nyu-Nyu-Yorkdan nima qolgan bo‘lsa, hammasini yoqib yubordi.
Mash’alani oldi-da, plastikdan yasalgan shu shaharga qarab ketdi va alanga bilan o‘tgan joyidagi
barcha devorlarni turtib-turtib keta boshladi. Shahar nur va jaziramaning qudratli quyunidan yashnab
ketdi. U bir kvadrat mil kenglikdagi gulxanga aylandi.
— Bunaqasini koinotda ko‘rish mumkin, xolos. Bu mash’al raketani mister Xeteuey va oilasi
huzuriga olib keladi.
U uyiga qaytib keldi; yuragi tez-tez va og‘riqli urar edi.
— Ko‘rayapsizmi? — u baland ko‘tarilgan qo‘lida chang bosgan shishani ushlab olgandi. — Men
mana bu sharobni ataylab mana shu tun uchun asrab qo‘ygandim. Vaqt-soati bilan kimdir bizni topib
olishini bilar edim! Shu quvonchli on uchun ko‘taraylik!
U beshta qadahni to‘ldirdi.
— Ha, ozmuncha vaqt o‘tmadi... — O’z qadahiga ko‘zlarini tikib qaragancha, yana gap qotdi u. —
Urush boshlangan kun esingizdami? Yigirma yil va yetti oy muqaddam. Barcha raketalarni Marsdan
uyga chaqirib olingandi. Sem, men va bolalar esa barchamiz bu vaqtda tog‘da edik, qadimshunoslik
bilan mashg‘ul edik, marsliklarning qadimgi jarrohligini o‘rganayotgan edik. Biz otlarni o‘lgudek qilib
choptirganimiz esingdami? Baribir ham rosa bir haftaga kechikkan edik. Shahar huvillab qolgandi.
Amerika dabdala bo‘lgandi, qolganlarni kutib ham o‘tirmay, raketalar bitta qolmay ketib qolgani
esingdami, a, esingdami? Keyin qarasakki, qolganlar faqat biz bo‘lgan ekanmiz, esingdami? Ey,
xudoyim, qancha yillar o‘tibdi-ya! Sizlarsiz men chiday olmasdim. Sizlarsiz men o‘zimni o‘ldirib
qo‘ygan bo‘lardim. Sizlar tufayli shuncha kutishga chidab keldim. Keling, sizlar uchun ichaylik. — U
qadahni ko‘tardi. — Bizning uzoq muddatli kutganimiz uchun ichaylik.
U sharobni sipqordi, xotini, ikkala qizi va o‘g‘li qadahlarni lablariga olib borishdi. Sharob
to‘rttalovining ham iyaklari tagidan jildirab oqib tusha boshladi.
Tongga yaqin shahardan qolgan hamma narsani shamol katta-katta yumshoq qora laxtaklarga
aylantirib, dengiz tubi bo‘ylab sochib yubordi. Yong‘in o‘chdi, biroq maqsadga erishilgan edi.
Osmondagi qizil dog‘ kattalasha boshladi.
Tosh kulba ichida qovurilgan zanjabil kulchasining totli hidi tarala boshladi. Xeteuey kirib kelganida
xotini stol ustiga yangi nonli qaynoq qolipni qo‘ymoqda edi. Qizlari qattiq supurgi bilan yalang‘och
tosh-polni hafsala bilan supurar, o‘g‘li esa, kumush idishlarni yuvar edi.
— Biz ularga shohona nonushta tayyorlaymiz; — Xeteuey shodon kuldi. — Eng a’lo liboslaringizni
kiyib olinglar! U shoshib tomorqasidan ulkan temir saroy tomon o‘tdi. Bu yerda muzlatgich va uncha
katta bo‘lmagan elektrostantsiya bo‘lib, ularni shu yaqin yillarda ta’mirdan chiqargan va bo‘sh
vaqtlarida soatlarni, telefonlarni, magnitofonlarni mohirona ta’mirlagan ingichka, qaltiroq barmoqlari
bilan hammasini joy-joyiga qo‘yib chiqqan edi. Saroyda u yaratgan talay buyumlar qalashib yotardi,
jumladan nima ish qilishini hatto o‘zi ham bilmaydigan, mutlaqo g‘alati uskunalar ham bor edi.
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |