www.ziyouz.com kutubxonasi
118
Soat ikki,
— kuyladi ovoz...
Nihoyat kuygan narsaning bilinar-bilinmas hidini olib, uyalardan xuddi elektr yelpig‘ichi uchirgan
qovjiroq yaproqlardek sichqonlar galasi yengil va shiddat ila vizillab otilib chiqdi.
Ikkiyu o‘n besh daqiqa.
Ko‘ppak g‘oyib bo‘ldi.
Tagxonadagi axlat pechkasi bexos alanga yallig‘idan yorishib ketdi va mo‘ridan yuqoriga qarab
uchqunlar shiddat bilan ko‘tarildi.
Ikkiyu o‘ttiz besh daqiqa.
Ichki sahn devorlaridan qartavozlar stollari sakrab chiqdi. Ko‘zoynaklari yilt-yilt qilib, qartalar joy-
joyiga uchib ketdi. Dub peshtaxtada kokteyllar va tuxumli sendvichlar paydo bo‘ldi. Musiqa yangradi.
Biroq stollar sukut saqlardi va hech kim qartalarga qo‘l urmadi.
Roppa-rosa to‘rtda xuddi ulkan kapalaklardek stollar taxlandi-da, yana devorlar ichiga kirib ketdi.
Soat to‘rt yarim.
Bolalar xonasining devorlari yorishib ketdi.
Ularda hayvonlar paydo bo‘ldi: sariq jirafalar, zangori arslonlar, qizil g‘azollar, gulobiy qoplonlar —
barchalari billur to‘shami uzra sakrar edilar. Devorlar shishadan bo‘lib, tasavvurdagi bo‘yoq va
o‘yinlarni o‘zida yaxshi aks ettirardi. Pinhoniy kinotasmalar tishlar bo‘ylab g‘altakdan g‘altakka suzib
o‘ta boshladi va devorlar jonlandi. Xona poli shamoldan to‘lqinlanayotgan ekin dalasi misol
chayqalardi, undan alyumin suvaraklar va temir chirildoqlar yugura boshladi, jazirama tinch havoda,
hayvon izlarining hidi ichida g‘oyatda nafis qizil matodan yasalgan kapalaklar uchar edi! Temirchi
bosqonining sim-siyoh qa’rida g‘ivirlayotgan asalarilar galasi ovoziga o‘xshash g‘o‘ng‘illash eshitildi.
Ortidan o‘lja yeb to‘ygan arslonning erinchoqlik bilan irillashi keldi. Okapi1 tuyoqlarining tovushi va
siyrak maysalarning nozik poyalariga kelib tushayotgan muzdek yomg‘ir shatiri quloqqa chalindi. Ana,
devorlar eriy boshladi, quyoshning olov seliga ko‘milgan o‘tloqzorlar va tubsiz jazirama osmonning
bepoyon kengliklariga singib ketdi. Hayvonlar tikonli to‘qaylar va suvloqlar bo‘ylab yoyildi.
Bolalar uchun eshittirish vaqti bo‘ldi.
Soat besh.
hammom shaffof qaynoq suvga to‘ldi.
Soat olti, yetti, sakkiz bo‘ldi. Tushlik solingan idishlar g‘aroyib qiliqlar ko‘rsatdi, so‘ng xonada
nimadir shirq etdi va jonga huzur beruvchi olov yonib turgan kamin oldidagi temir shtativda nogahon
yumshoq kulrang kuldan qalpoq kiygan kashanda sigara paydo bo‘ldi.
Soat o‘n.
Ko‘zga ko‘rinmas simlar choyshabni isitdi — bu yer tunlari sovuq bo‘lardi.
Soat to‘qqizdan besh daqqiqa o‘tdi.
Xona shiftidan ovoz keldi:
— Missis Maklellan, bugun qaysi she’rni eshitgingiz kelayapti?
Uy sukutda.
Oxiri ovoz dedi:
— Hech bir xohish izhor qilmaganingiz uchun men o‘zim tavakkal qilaman.
Jo‘rlikda chalingan ohista musiqa yangraydi.
— Sara Tisdeyl. Agar yanglishmasam, siz sevgan she’r.
Yoqimli yomg‘ir yog‘ib, anqiydi tuproq hidi,
Tongdan tonggacha chaqqon chittak tinmay sayraydi.
Anhorlarda baqalar qurillaydi har kecha,
Sa’valar xonish qilar dam ham olmasdan picha.
Oq ko‘pikli bog‘larda olcha gullari lov-lov,
Devorlardan ko‘chaga go‘yo otilar olov.
Urushni ammo hech kim, hech kim eslamas bu on,
Yotgan ilonni qo‘zg‘ash keltirar faqat ziyon.
Yer yuzida odamzot nasli qurur bo‘lsa gar
Na qushcha, na majnuntol qatra ko‘z yoshi to‘kar.
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |