YASHAB OʻTGAN TARIXIY SHAXS OBRAZLARI
Annotatsiya. Ushbu maqolada Xurshid Davron she’rlaridagi yaqin oʻtmishda yashab
oʻtgan tarixiy shaxslar, jumladan, Choʻlpon, Bobon botir, Usmon Nosir, Mirtemir va jahon
adabiyoti vakili Lorka kabilar haqida yozilgan she’rlari talqini va tahlili oʻz aksini topgan.
Kalit soʻzlar: Xurshid Davron, tarixiy shaxs, Bobon botir, Choʻlpon, Lorka, Usmon Nosir
Annotation. This article reflects the interpretation and analysis of Khurshid Davron's
poems about historical figures who lived in the recent past, including Cholpon, Bobon Batyr,
Usmon Nasir, Mirtemir, and Lorka, a representative of world literature.
Keywords: Khurshid Davron, historical figure, Bobon botir, Cholpon, Lorka, Usmon
Nasir
Xurshid Davron ijodida tarixiy shaxs obrazlari va haqiqat masalasi yirik
koʻlamni egallaydi. Masalan, “Qodiriyni olib ketganlari haqida she’r”,
“Abdulhamid Choʻlpon”, “Usmon Nosir xoki ustida” [1], “Lorka oʻlimi”,
“Mirtemir xotirasiga”, “Botir Namoz oʻlimi”, “Mahmud Qoshg‘ariy”, “Alisher
Navoiy”, “Bobur”, “Boborahim Mashrab” [2] va boshqa shu kabi bir qancha
she’rlari shular qatoriga kiradi.
Shoir ijodidagi tarixiylik motivlariga toʻxtalishda uzoq hamda yaqin
oʻtmishdagi voqea-hodisa va shaxslarga murojaat shakllariga boʻlish mumkin.
Yaqin oʻtmishdagi tarixiy shaxslar bilan Xurshid Davron she’rlarida aks etgan
tarixiy shaxs obrazlarining nechog‘lik bir-biriga va haqiqatga mos kelishini
she’rlarini tahlil qilish jarayonida ham koʻrishimiz mumkin. Shoirning
“Abdulhamid Choʻlpon” nomli she’ri shunday boshlanadi:
Sovuq, zax, tor xona. Bu qamoqxona.
Bu yerga quyoshning nurlari yetmas.
Til va adabiyot:
ilmiy va amaliy izlanishlar yoʻlidagi ilk odimlar
2020-yil 30-aprel
378
Bu yerda abadiy azobda siyna,
Bu yerdan zulumot sharpasi ketmas.
Bu misralarda muallif oʻzi aytmoqchi boʻlgan fikrlarga zamin
hozirlamoqda. Agarda soʻzlar ma’nosiga chuqurroq nazar tashlasak, she’r
yozilmayotganini, balki chizilayotganinin koʻramiz. Xonaning belgilari va bu
aslida qanday xona ekanligi, unda hukm surayotgan tartib haqida asta-sekin
chizgilar ketadi. Keyingi qatorlarda shoir ta’riflanayotgan tarixiy shaxsning
xarakterini ochib berishga kirishadi.
Bu yerga yetmagay qushlar yallasi,
Koʻklam adirlarga sachratgan boʻyoq,
Koʻkda erkin suzgan bulut galasi
Bu yerdan koʻrinmas, bu yerdan yiroq.
Faqat soʻzlar kelar, xudoday tanho,
Faqat soʻzlar kelar payg‘ambarday pok.
U bilar: Shu soʻzlar haqqi yashar u,
Shu soʻzlar bir kuni etishar halok.
Bunda shaxs xarakterining ochib berilishi kontrast usulda amalga
oshiriladi, ya’ni “qushlar yallasi”, “erkin suzgan bulut galasi”, “koʻklamgi
adirlar”, barchasining “bu yerdan koʻrinmas”ligi, tasvirlanayotgan shaxsning
aslida shularni sevishiga ishora qiladi. Demak badiiy qahramon erkinlikni xush
koʻradi. Soʻnggi baytda esa ta’riflanayotgan tarixiy shaxsning nima sababdan bu
ahvoldaligi, uning “gunohi” nimaligi chizib beriladi. Uning aytajak soʻzlari,
bajarajak amallari “payg‘ambarday pok”ligi va mana shu amallar va soʻzlardan
qaytmasa, umri yakun topishi haqida bilsa-da adolat tomonidan siljimasligi bu
shaxsga nisbatan ixlosni yanada kuchaytiradi. Oʻquvchi esa bu shaxsning
tarixda huddi ana shunday yoʻl tutgani haqida bilib olishi hamda badiiyatga bu
faktlar qay darajada mohirlik bilan olib kirilganiga guvoh boʻlishi mumkin.
Xurshid Davronning tarixiy shaxslar tilidan aytiladigan she’rlari kishida
joʻshqinlik, vatanparvarlik tuyg‘ularini jumbushga keltiradi. Muallif bunda
aynan faktlarning barchasini keltirmasada, ba’zi bir signal ma’lumotlar orqali
uni anglab olinishiga yordam beradi. Masalan Xurshid Davronning “Bobon
botirning oʻlimi oldidan aytganlari. 1869- yil” deb nomlangan she’ri badiiy
estetik tomondan kishida emotsionallik, zavqlilik uyg‘otadi. She’r shunday
misralar bilan boshlanadi:
Demak hali kun kun emas,
Quyosh esa quyoshmas.
Koʻzlarimiz qurib bitdi,
Koʻzdan oqqan koʻzyoshmas.
Demak hali xalq ham xalqmas,
379
Erk uchun shaylanmasa.
Demak hali sut ham haqmas,
Gar qonga aylanmasa.
She’rning qimmati shundaki, u sof tarixiy faktga asoslanadi. Tarixga
nazar tashlasak, “1868-yilda Rusiya general-gubernatori K. fon Kaufman
Samarqand shahrini bosib olishga kirishdi. Choʻponota va Zirabuloq
tepaligidagi janglardan soʻng Buxoro amirligi mustamlakaga aylanadi” [3].
Biroq she’rda aks etayotgan qahramonning katta sahnaga chiqishi keyinroq
yuz beradi. “Rossiya imperiyasining harbiy yurishlariga qarshi Samarqandda
Kitob hokimi Bobobek va Shahrisabz hokimi Joʻrabek boshchiligida ozodlik
kurashi olib borildi. Bu ikki xalq harakati rahbarlari oʻz qoʻshinlari bilan 1868-
yil 2-iyunda samarqandlik qoʻzg‘olonchilar bilan birga Rossiya imperiyasi
qoʻshinlari garnizoni joylashgan shahar qal’asiga hujum qilishdi” [3]. Bizning
fikrimizcha, Samarqandning solih farzandi Xurshid Davron aytmoqchi,
yoritmoqchi boʻlgan Bobon botir – bu aynan Samarqandning Kitob shahri
hokimi Bobobek. Muallifning bu ozodlik harakati tashabbuskorining ismini
Bobon botir nomi bilan talqin qilishiga esa oʻziga xos sabablar bor deb
oʻylaymiz.
E’tibor berilsa, she’rning har bir bayti “Demak” deya boshlanadi. Bu bilan
ozodlik tarafdorining soʻnggi nafasini olayotgan onda aytayotgan soʻzlari
ekanini anglash mumkin. Bularga yondosh ravishda ijodkor oʻsha davr muhiti
hamda sharoitiga nisbatan oʻz fikrlarini va cheksiz naftarini ham badiiy
ravishda qoʻshib misralarga joylaydi. Bu esa she’rning keskirligi, ijtimoiy ruhi
va ozodlik ufurib turgan nafasini yanada kuchaytiradi. Bundan tashqari she’rda
Demak hali musavvir koʻr,
Olim soqov, shoir kar.
Bobo qoʻrqoq, ota sotqin,
Ona zolim, aka g‘ar.
Demak hali soʻz – fohisha,
Imon yoʻqdir, dil vayron.
Koʻz – yog‘dusi oʻchgan shisha,
Aldoqlardan el hayron.
kabi oʻta oshkora va shafqatsiz tanqidiy soʻzlar ham oʻrin olgan.
She’rda aks etayotgan qahramon – Bobon botirning oʻy-xayollari, orzu-
intilishlari, fikrati faqatgina el-yurtning ahvoliga achinish, mustabid tuzum
tomonidan xalqqa oʻtkazilayotgan jabr-zulmni daf qilish, unda barham berish
yoʻlida kechadi.
Demak hali toʻlqinlari
Guvlab yotgan soylarmas.
380
Qurib bitar bu oʻlkada
Har bir giyoh, har bir xas.
misralarida tasvirlanayotgan “toʻlqinlari guvlab yotgan soy”, “giyoh” kabi
detallar yurtning bosqinchilar bostirib kelgungacha boʻlgan vaqtda xalqning
holatini va agar shu koʻyi davom etsa, keyingi, kelajakdagi ahvoli qay holga
kelishi haqida ma’lumot beradi.
She’rda bundan tashqari yurt ertasidan qayg‘uruvchi vatanparvar shaxs
ruhiyatidagi sodir boʻlayotgan voqealar birma-bir tasvirlab beriladi. Dengizlar
qurishi, xalqning xor-zor boʻlishi, tuprog‘i oltinga teng yurtda odamlar gadodek
yashashga mahkum boʻlishlari bashoratomuz tasvir bilan she’r qahramoni
tilidan aytiladi. Bunday koʻrguliklarga tushmaslik uchun esa xalq koʻtarilmog‘i,
dushmangga qarshi isyon qilmog‘i lozimligi da’vat shaklida uqtiriladi.
Demak hali…
Demak hali…
Demak hali kech emas,
Qonimizni toʻksak, yashnar
Quriyotgan har bir xas.
Demak hali jangler bordir,
Xudo shohid, soʻzim haq:
Dengiz, bog‘lar koʻtarilmas,
Koʻtarilmas ekan xalq…
Milliy uyg‘onish davri adabiyotining yirik vakili, jadid ma’rifatparlari
orasida eng qalbi qaynoq hamda yosh porlagan iste’dod sohibi Usmon Nosir
hayoti va faoliyati ham Xurshid Davron nazaridan chetda qolmadi. “Usmon
Nosir” [4, 158-bet] nomli she’ri bu ma’rifatparvar shoirga bag‘ishlanga salmoqli
she’rlar sirasiga kiradi. Ijodkorning badiiy tafakkuri she’rda oʻz aksini topadi.
Yuzga kiraman deb aytgan edi u,
Biroq yigitlikda ketdi dunyodan.
Goʻyo chanqoq yulduz paydo boʻldi-yu,
Fikrday yilt etib kechdi samodan.
Oddiy yigit edi, oʻzbekdan chiqqan,
Jangari, toʻpori, dermishlar, lekin
Nima qilsin edi, u kurash yoqqan
Olovlardan uzib olgan yuragin.
Oʻzbekiston xalq shoiri, Oʻzbekiston Qahramoni Abdulla Oripov oʻz
xotirotlarida Usmon Nosir haqida fikr bildirib, «Usmon Nosir deganda biz
kimni tushunamiz? U shunday iste’dod egasiki, bamisoli tekkan joyini
kuydirguvchi olovdir. Usmon Nosir ulug‘ va abadiy she’riyatning diydasidan
381
oqib ulgurmagan shabnamdir, u hali qahqahaga aylanmay, lablarimizda
manguga qotib qolgan nim tabassumdir. Uning she’rlari koʻz kabi tirik, jonli,
tutqich bermas hayot poralaridir. Biz Usmon Nosirni qadrlaymiz. Chunki u
she’riyatning tabarruk, muqaddas dargohida anvoyi bir chamandir, sira xazon
boʻlmaydigan moʻjiza bog‘ yaratib ketdi» [5] deya aytib oʻtadi. Bu fikrlar
Xurshid Davronning she’rida ham tasdiq topadi. Ya’ni Usmon Nosirning yuragi
olovday yoniq ekani, “oddiy, oʻzbekdan chiqqan, jangari yigit” boʻlgani
ta’riflanadi. Doimo olov qalbi bilan yashagani ta’kidlanadi.
Tunlari she’r uzra egilar ekan,
Kekirdakka tig‘dek qadalarkan jon,
Oʻzi qoʻrqib ketar edi oʻzidan –
Anglardi: har lahza yashashga imkon.
...Tunlari she’r uzra egilar ekan,
Koʻksin toʻldirarkan yoniq bir ovoz,
Qog‘ozga tutardi qalbin qoʻrqmasdan,
Poroxday lov etib yonardi qog‘oz.
misralarida ana shu olovlikdan ba’zida oʻzi-da qoʻrqib ketishi, shu olov
bir kuni uning oʻzini ham mahv etishini bilganligi anglashinib turadi.
Shu oʻrinda bir jihatga ahamiyat berish kerak, shoir aynan tunlari she’r
yozish uchun kirishayotgani ajablanarli emasmi? Balki bu siyosiy tuzumning
tazyiqlariga ishoradir, balki turmushning qiyinchiligidan faqatgina tunlari
ortishiga ishoradir. Nima boʻlganda ham bularning barchasi shoirning
kechinmalari va hayotiga tortilgan chizgilar sifatida talqin qilinishi mumkin.
Soʻnggi baytda
Soʻnggi dam changalin choʻzarkan qoʻrqmay,
Zulmatga burgancha umr yoʻlini,
Kuydirib yubordi shoir yuragi
Ajalning burishgan, sovuq qoʻlini.
deya she’r yakunlanadi. E’tibor qaratsak, she’r, asosan, olov va issiqlik
elementlariga qurilgan. Bu esa bir tomondan isyonkorlik, ikkinchi tomondan
sobiq Shoʻrolar hukumatining sovuq va izg‘irin kunlariga zidlik unga qarshi
chiqqanlikni anglatadi. Usmon Nosirning oʻzi ham
“Olovdek lovillab dil yonur,
Baxtliman janglarga yarasam!”
deya xitob qiladi. Bu esa ham Xurshid Davronning qahramon ruhiy
olamini nechog‘lik yaxshi anglay bilganini, ham she’rlarida bu haqiqatni qay
darajadi aks ettira olganligidan dalolat beradi.
Yaqin oʻtmishda yashab oʻtgan shaxslar hayoti, xarakter va
kechinmalarini yoritib berishda Xurshid Davron, asosan, shu shaxslarning
382
jamiyatdagi oʻrni uning oʻziga xos sifatlariga e’tibor beradi. XIX asrning atoqli
shoiri, mehribon hamda shogirdparvar ustoz Mirtemir Tursunov xotirasiga
bag‘ishlab yozgan “Mirtemir xotirasiga” [2, 14-bet] she’rida ham nihoyat
Do'stlaringiz bilan baham: |