Narx strategiyalari
Narx strategiyasi deganda narxlashtirish sohasidagi qarorlar va tadbirlarning kompleksi
tushuniladi. Ma’lumki, bozor sharoitida ishlaydigan har bir korxona, dastavval, narxlarni
aniqlashning strategiyasi va tamoyillarini ishlab chiqish talab etiladi. Ana shularga amal qilsagina
korxona o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni muvaffaqiyatli hal etishi mumkin bo‘ladi. Quyidagi narx
belgilash sohasida qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan strategiyalarning ba’zi birlari bilan tanishamiz.
Bozorda barqaror vaziyatni saqlash strategiyasi. Bu strategiyani korxona faoliyatining
rentabelligi va boshqa iqtisodiy ko‘rsatkichlari barqaror bo‘lgan hollardagina qo‘llash mumkin
bo‘ladi. Ko‘pchilik holllarda rentabellik (fondlarga nisbatan) 10-15 foizni tashkil etsa, bu korxona
qoniqarli faoliyat ko‘rsatayotgan korxona deb hisoblanadi.
Foydani maksimallashtirish, rentabellik darajasini oshirish strategiyasi. Narx belgilashning bu
strategiyasidan maqsad daromadlarni oshirish va korxonaning takror ishlab chiqarish, shuningdek,
investitsion imkoniyatlarini ham kengaytirishdan iboratdir.
Yetakchi orqasidan yurish strategiyasi. Narxlarning bozor darajasi bozorda harakat qilayotgan
yirik korxonalarning soni va ularning narx strategiyasiga ham bog‘liq bo‘ladi. Bunday sharoitda
kichik korxonalar narx jihatidan yetakchi bo‘lgan korxonalarning ta’sirida bo‘ladi. Demak, bu yerda
korxona narxlashtirishning yetakchi orqasidan yurish strategiyasini qo‘llashi foydadan holi emas.
Albatta, yetakchi vaziyatni egallab turgan korxona maqsadga muvofiq narx belgilashga harakat
qiladi.
«Qaymog‘ini olish» strategiyasi. Agar korxona marketing imkoniyatlaridan samarali
foydalanib, yangi tovarining noyob, yagona xususiyatlarga ega ekanligini ajratib ko‘rsata olsa,
shuningdek, tovar sotishning va ishlatishning yaxshirok seriyasini ta’minlasa, unda bu korxona
raqobatchilarga nisbatan narx belgilashda ma’lum erkinliklarga ega bo‘ladi. Natijada, korxona o‘z
tovarlariga yuqori darajadagi narxni belgilaydi. Bu strategiya, ko‘pchilik holda, korxona yangi tovar
ishlab chiqarish va bu tovarni bozorga kiritish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarini iloji boricha tezroq
qoplash zarur bo‘lgan hollarda qo‘llaniladi.
«Yorib o‘tish» strategiyasi. Bu strategiya ko‘pincha ishlab chiqarish texnologiyasi juda oddiy
va ommabop iste’molga mo‘ljallangan yangi mahsulotni bozorga kiritishda qo‘llaniladi. Bunda tovar
bozorga juda past narxda chiqariladi, bozorni egallashi bilan normal darajaga qaytadi. Ayniqsa, bu
strategiyani korxona raqobatchilarga nisbatan katta hajmdagi mahsulotni bozorga kiritishi mumkin
bo‘lgan hollarda qo‘llash maqsadga muvofiq hisoblanadi.
«Kirib borish» strategiyasi. Bu strategiya past narxlar orqali yangi bozorga tez kirib borish
uchun ishlatiladi. Mazkur strategiya talabning yuqori elastikligi vaziyatida yuqori samara beradi.
«Batamom foydalanish» strategiyasi. Bu strategiyaning asl mohiyati, yangi tovarlarni bozorga
kiritish bosqichida, sotiladigan tovarlarning hajmi kam bo‘lganda ularga juda yuqori narx
belgilashdan iboratdir. So‘ngra bu narx bozorning va raqobatchilarning o‘sishi bilan kamayib boradi.
«Korxonaning eksport imkoniyatlarini kengaytirishga yo‘naltirilgan narx» strategiyasi.
Korxona narxlashtirishda bu strategiyani qo‘llash uchun mamlakatning ichki va tashqi bozorida
narxlashtirishning xususiyatlarini hisobga olishi kerak. Shularni o‘rganib aniq bozor sharoitlariga
bog‘liq holda o‘ziga xos narx siyosatini tanlashi mumkin bo‘ladi.
Umuman olganda, korxona o‘z imkoniyatlaridan va maqsadlaridan kelib chiqib yuqorida
keltirilgan narx strategiyalaridan foydalanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |