www.ziyouz.com kutubxonasi
155
Do‘stingga haddan tashqari yaqin bo‘lma, bir kuni u sening dushmaningga aylanib
qolishi mumkin.
Zulm qiluvchilarning zulmi qiyomat kuni o‘zlariga qorong‘u zulmat bo‘ladi.
Payg‘ambar alayhis-salomning quyidagi duolari ham u kishining yuksak fasohati va
zakovatidan dalolat beradi:
"Ey Olloh, sendan tilagim shuki, rahmating bilan qalbimni hidoyat qilgaysan,
ishlarimni parokanda etmagaysan, tarqoq ishlarimni jamlagaysan, umid bog‘lagan
ishlarimni ro‘yobga chiqargaysan, amalimni pok qilg‘aysan, ishlarimni to‘g‘ri yo‘lga
solgaysan, do‘stligimni qaytargaysan, meni barcha yomonliklardan asragaysan. Ey
Olloh, oson o‘limni, shahidlarcha qazoni, baxtiyor hayotni, dushmanlar ustidan g‘alaba
qozonishni tilayman".
Bundan tashqari payg‘ambar alayhis-salomning ko‘pgina kishilar tomonidan zikr
etilgan so‘zlari, nutqlari, xutbalari, duolari, sulhnomalari hayratomuz fasohat va
hikmatga to‘ladir. Sahobalar rasulullohga: "Sendan ko‘ra fasohatliroq gap gapiradigan
kishini ko‘rmadik", deyishganda u zoti muborak: "Qur’on mening tilimda, ya’ni ravshan
arabiy tilda nozil etilgan ekan, boshqacha bo‘lishi ham mumkinmi?" deya javob
qaytarganlar. Rasululloh: "Men quraysh qabilasida dunyoga kelib, banu Sa’d aymog‘ida
voyaga yetdim", deganlar. Payg‘ambar alayhis-salomning gap-so‘zlarida sahro
odamlariga xos qudrat va bosiqlik, shaharliklarga xos nafislik bilan nazokat jam bo‘lgan.
Bundan tashqari sarvari olam boshqa odamlarga nasib etmaydigan vahiy orqali
Ollohning madadi va qo‘llab-quvvatlashiga erishganlar.
Payg‘ambar alayhis-salom nasablarining asilligi, yurtlarining ulug‘ligi hammaga ayon.
Rasululloh quraysh qabilasi Hoshim jamoasining ko‘rar ko‘zi, arablarning eng asili, ota-
ona tomonidan hurmatga sazovor, Olloh uchun ham, payg‘ambar alayhis-salom uchun
ham aziz maskan hisoblanmish Makkadan edilar. Bu haqda kitobning bosh qismida
batafsil gapirilgani uchun ortiqcha to‘xtalib o‘tirmaymiz.
Inson hayotiga zarur hisoblangan ayrim narsalarning oz bo‘lishi fazilatdir. Masalan:
ovqat bilan uyquning kami shu jumlaga kiradi. Odamlar azalu azaldan me’yorida
ovqatlanish bilan kam uxlashni maqtab, ko‘p yeyish bilan ko‘p uxlashni ayblashgan. Ko‘p
yeyish, ko‘p ichish ochko‘zlik, harislik, shahvatparastlik nishonasidir. Ko‘p yeyish va ko‘p
uxlash bu dunyoda ham, u dunyoda ham zarar, koni ziyon, turli kasalliklarni keltirib
chiqaradi, aqlni zaiflashtirib, xomush qilib qo‘yadi; oz yeyish esa qanoatning, nafsni
jilovlay bilishning, shahvatni o‘ldirishning nishonasidir, badanni sog‘lomlashtirib, zehnni
o‘tkirlashtiradi; ko‘p uxlash kishini lanj, zaif, xomush, yalqov qilib qo‘yadi, inson umrini
zoe ketgizadi, diydasini qotiradi, g‘aflatda qoldirib, dilini o‘ldiradi. Payg‘ambar alayhis-
salom oz yeb, kam uxlaganlar. Shu bois u kishi doim oz yeyishni targ‘ib etganlar: "Odam
bolasi qorin degan rasvo idishni to‘ldirolgani yo‘q. To‘yish uchun bir necha luqma kifoya,
Yeyish zarur bo‘lganda u oshqozonning uchdan birini ovqat uchun, uchdan birini suv
uchun, uchdan birini nafsi uchun ajratib qo‘ysin", deganlar. Ko‘p yeyish bilan ko‘p ichish
ko‘p uxlashga sabab bo‘ladi. Oisha raziyallohu anho: "Payg‘ambar alayhis-salomning
qorni yolchib ovqatga to‘ygan emas. U kishi oilasidagilardan bo‘lakcha ovqat so‘ramas,
berganni yeb, berganni ichardi", deydi. Payg‘ambar alayhis-salom: "Men suyanib o‘tirib
ovqat yemayman", deganlar. Tabiiyki, kishi chordona qurib, bemalol suyanib o‘tirsa,
ko‘proq ovqat yegisi kelishi turgan gap. Rasululloh esa qovushmasdan cho‘nqayib
o‘tirganlaricha naridan-beri ovqatlanganlar. "Men bir qulman, ovqatni quldek o‘tirib
yeyman", deganlar u zoti muborak. Rasululloh juda kam uxlaganlar, shunda ham: "Ikki
ko‘zim uxlagani bilan qalbim sira uxlamaydi", deganlar.
Nurul yaqin. Muhammad Xuzariy
Do'stlaringiz bilan baham: |