www.ziyouz.com kutubxonasi
154
oldilaridagidek aniq-tiniq ko‘rardilar. Olloh taoloning Shuaro surasidagi: "Olloh namozga
turgan paytingizdagi harakatlaringizni ham ko‘rib turadi", degan 219-oyati bevosita
yuqoridagi fikrlarning tasdig‘idir. Hazrat Oisha raziyallohu anho: "Payg‘ambar alayhis-
salom qorong‘ida ham xuddi yorug‘ paytdagidek ko‘raverar, Xulkardagi o‘n bir yulduzni
bemalol sanay olardi", deydi. Rivoyatlarda aytilishicha, rasululloh zamonasining
pahlavoni Rakonani kurashda yengib, Islom diniga da’vat etgan ekanlar. Abu Hurayra:
"Men payg‘ambar alayhis-salomdan ko‘ra tez yuradigan odamni uchratmaganman. U
kishi yo‘lga chiqqanida yer xuddi qatlamadek qatlanib, qisqarayotgandek tuyular, biz
qiynalib yursak u kishi aksincha yayrab odimlar, xuddi tepalikdan pastga
tushayotgandek bemalol qadam tashlardi. Kulganida ovozini balandlatmay tabassum
qilar edi", deydi.
Payg‘ambar alayhis-salomning tili benihoya fasohatli va chuqur ma’noli edi. Gaplari
sun’iylikdan xoli, ravon, jumlalari lo‘nda, qisqa, tushunarli, fikri aniq, mazmunli,
takallufsiz va chuqur ma’noli edi. U kishi arab tilining lahjalarini, hikmatli so‘zlarini ko‘p
bilardilar. Har bir xalqqa ularning o‘z tili, shevasi va uslubida fasohatiga yarasha gapirar
edilar. Ko‘pgina sahobalar so‘zlarning ma’nosini aytib berishni payg‘ambar alayhis-
salomdan iltimos qilishardi. Rasulullohning hadislari va tarixlari bilan tanishgan odam bu
narsani ayniqsa yaxshi his etadi. Payg‘ambar alayhis-salomning quraysh xalqiga, hazri
Mavj va Yaman podsholariga hamda najidning oqsoqollariga aytgan gaplari bir-biridan
keskin farq qiladi. U kishi biron qabila bilan gaplashganlarida ular yoqtiradigan iboralarni
ishlatar, yerlik odamlarga xush keladilan uslubda so‘zlashar edilar. Sarvari olam mana
shu tarzda Islom dinining ta’limotlarini odamlarga yetkazar, Qur’on oyatlarini, shariat
ahkomlarini har bir kishining didi, saviyasiga moslab tushuntirar edilar.
Payg‘ambar alayhis-salomning fasohat bilan aytilgan chuqur ma’noli, lo‘nda so‘zlarini
sharhlab, muzmunini chaqishga urinib, uslublarini tadqiq etib kitoblar yozilgan. Quyidagi
hikmatdan iborat so‘z-iboralar rasulullohning ahli donish va fasohat bobida chinakam
kamolotga yetganliklarining tasdig‘idir:
Hamma musulmonlarning joni barobardur. Ularning eng tubani ham birovlarni asrash
ko‘yida yuradi, dushmanga qarshi (turishda) uyushqoq bo‘lishadi.
Insonlarning hammasi taroqning tishlaridek barobardur.
Kishi suygan odami bilan birga (bo‘ladi).
Sen birovga ravo ko‘rganni u senga ravo ko‘rmasa bunday suhbatdoshlikda xosiyat
yo‘q.
Insonlar ma’dan konlariga o‘xshashadi.
O’z qadr-qimmatini bilgan odam halok bo‘lmaydi.
Maslahatga chaqirilgan odam ishonchli odam.
Gapirib yaxshilikka erishgan yoki sukut saqlab omon qolgan bandaga Olloh rahmat
qilsin.
Musulmon bo‘lsang salomat bo‘lasan, musulmon bo‘lsang, Olloh ikki hissa ajr beradi.
Sizlarning xushaxloq, kamtar, do‘stlashtirguvchi va do‘stlikka intilganinglar qiyomat kuni
menga eng ardoqli va eng yaqin bo‘ladiganinglardir.
U (ya’ni musulmon) behuda gapiradigan yoki arzimas narsalarga baxillik qiladigan
bo‘lishi mumkin.
Ikkiyuzlamachi odam Ollohning dargohida maqbul emas.
Bundan tashqari payg‘ambar alayhis-salom behuda bahs-munozarani, ko‘p savol
so‘rashni, molni isrof qilishni, onalarni ranjitishni, qiz bolalarni tiriklay ko‘mishni man
qilib, aytgan gaplari ham ayni donolikning nishonasidur.
Har qanday sharoitda Ollohga taqvodor bo‘l. Yomonlik qilsang, uni yaxshilik bilan yuv.
Odamlarga xushmuomala bo‘l. Ishning yaxshisi o‘rtachasidir.
Nurul yaqin. Muhammad Xuzariy
Do'stlaringiz bilan baham: |