www.ziyouz.com kutubxonasi
152
bosolmay yig‘lab yubordi: "Xudoning nomi bilan qasam ichib aytamanki, senga Ollohning
rahmati bo‘lsin. Ey rasululloh, ota-onam senga qurbon bo‘lsin, sen hayot chog‘ingda
ham, o‘lganingda ham naqadar yoqimli, muattar bo‘ylisan. Olloh senga ikkinchi qayta
o‘lim bermaydi, dedi. Shundan keyin tashqariga chiqib, Olloh taologa hamdu sano aytdi
va yig‘ilganlarga yuzlanib: "Kimki Muhammadga ibodat qilmoqchi bo‘lsa, Muhammad
o‘ldi. Kimki Ollohga ibodat qilmoqchi bo‘lsa, Olloh tirikdir, u hech qachon o‘lim
topmaydi", dedi va Zumar surasining 30-oyatini o‘qidi: "Sen ham (rasululloh ko‘zda
tutilyapti) albatta o‘lasan, ular ham o‘lajak", shundan so‘ng Oli Imron surasining 143-
oyatini tilovat qildi: "Muhammad esa bir payg‘ambar, undan ilgari ham ko‘pgina
payg‘ambarlar kelib ketishdi. Agar u o‘lsa, yoki o‘ldirilsa, orqaga qaytasizlarmi? Orqaga
qaytuvchilardan Olloh sira zarar ko‘rmadi, shukr qiluvchilarni esa Olloh mukofotlaydi".
Hayajonlangan Umar: "Bu oyat ilgari qulog‘imga chalinmay Abu Bakrdan birinchi
marta eshitayotgandek bo‘ldim", dedi.
To musulmonlar uch kungacha kengashib, o‘zlariga xalifa saylashmaguncha
payg‘ambar alayhis-salom dafn etilmadilar. Payshanba kuni ertalab dafn etishga qaror
qilishdi. Ali ibn Abu Tolib payg‘ambar alayhis-salomni yuvdi, unga Abbos, Abbosning ikki
o‘g‘li Fazl bilan Qusam hamda Usoma ibn Zayid, rasulullohning ozodgardasi Shuqron
yordamlashishdi. Sarvari olam uch qavat libos bilan kafanlandilar, kafanliklar orasida
ko‘ylak bilan salla yo‘q edi. Shundan so‘ng rasululloh uy ichidagi so‘riga (karavotga)
yotqizildilar. Odamlar ketma-ket kirib janoza namozini o‘qidilar, ularga hech kim imom
bo‘lgani yo‘q. Hazrati Oishaning hujrasidagi rasulullohning jonlari uzilgan joyda go‘r
kovlandi. Ali, Abbos va u kishining o‘g‘illari Fazl bilan Qusam payg‘ambar alayhis-
salomni lahadga qo‘yishdi. Yerdan bir qarich ko‘tarilgan qabrga xasti Bilol suv sepdi.
Payg‘ambar alayhis-salom vafot etdilar, lekin u zoti muborak musulmonlarga dono va
tadbirkor Olloh tomonidan nozil bo‘lgan, mahkam tutilsa hech narsa zarar
yetkazolmaydigan, yolg‘onu tuhmatlar sira ta’sir o‘tkazolmaydigan muqaddas Qur’oni
Karimni qoldirib ketdilar. Olloh Islom dinini kamolotga yetkazib, va’dasini ro‘yobga
chiqarguncha din ahkomlarini yechib beradigan, mamlakat-larni fath etishni
davomlashtiradigan va Islom dinining quyosh nuridek ziyosidan hammani bahramand
qiladigan sohibi karam sahobalarni qoldirib ketdilar. Olloh Taolo va’dasining ustidan
chiqib, olamni imon nuri bilan munavvar etdi. Ollohdan o‘zining bu ulug‘ marhamati va
beadad ne’matining shukronasini ado etishga muvaffaq qilishini tilaymiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |