A’LAM (arab. - bilag‘on, eng olim) - diniy-huquqiy masalalar yuzasidan fikr beruvchi
diniy amaldor. Odatda, muftilar tuzgan fatvo A. muhr bosgach, kuchga kirgan va qozilar
o‘sha hujjat asosida hukm chiqargan. Buxoro xonligi davrida har bir qozi yonida A.
mansabi bo‘lgan.
A’ROF (arab. to‘siqlar) - islom manbalarida, xususan, Qur’onda ta’riflangan jannat bilan
do‘zax o‘rtasidagi balandlik joy - devorto‘siq. O’zbek tilida A. o‘rnida odatda Arasot
istilohi ishlatiladi. Islom aqidasiga ko‘ra, qiyomat kuni jannatga ham, do‘zaxga ham
tushmay o‘rtada qoladigan odamlar A.da turadilar. Ular jannatda rohat qilayotganlarni
ham, do‘zahda azob tortayotganlarni ham ko‘rib turadilar, ularni tanib, ular bilan
suhbatlashadilar. Ba’zi rivoyatlarda A. ustidan bog‘lar unib, anhorlar oqib turadi,
deyiladi. Demak, uning qalinligi ham hiylagina bo‘lgan. A.dagi odamlar kimlar ekanligi
haqida ulamolar o‘rtasida ikki xil fikr mavjud. Birinchisi: ular yaxshilik va yomonliklari
teng kelib, na jannatga, na do‘zaxga hukm bo‘lmay qolgan kishilar. Ikkinchisi, o‘z
qavmiga payg‘ambarlarning haq da’vatlarini yetkazib, ularni yaxshilikka boshlagan
da’vatchilar, ulamolar va shuhadolardir. Ma’lum muddatdan so‘ng Alloh taolo A. ahliga
jannatga kirishlikni amr etadi va ular bihishtdan o‘z maqomlariga yarasha joy oladilar.
Qur’onning 7-surasi A. deb nomlangan.
AQD (sinonimlari ijob, qabul, qubul, sig‘a) - bitim, shartnoma. Islomdagi A. me’yorlari
johiliyat va Rim-Vizantiya huquqiy tasavvurlariga borib taqaladi. Qur’oni karimda A. -
qasam bilan mustahkamlangan bitim. Fiqhda A. - o‘zaro majburiyatlar haqidagi ikki yoki
ko‘p tomonlama shartnoma bo‘lib, shartnomaning mavzui faqat mavjud buyum va
munosabatlar bo‘lishi, unga kelishuvchi tomonlarning huquqi qo‘llanilishi lozim. Islomda
bitimga doir munosabatlarning yagona nazariyasi ishlab chiqilmagan, shu tufayli bitim
turlari va shakllari hamda ularning kafolatlari turli guruhga mansub fiqhshunoslar va
ayrim faqihlar ta’biri bo‘yicha bir-biriga mos kelmaydi. Biroq ularning aksariyati A.ni to‘rt
katta guruhga jamlaydi: hokimiyat, vasiylik, himoyalash, rahnamolik A.i va b.; biror
narsani sotish, hadya etish, meros qoldirish, yon bosish va b. yo‘l bilan mulkka bo‘lgan
huquqni to‘liq topshirganlik haqidagi A.; ijara, topshirish, vakolat berish, saqlash,
garovga berish va b. yo‘l bilan u yoki bu narsaga vaqtinchalik egalik qilish huquqini
topshirish haqidagi A.; hamkorlik, ish yuzasidan topshiriq berish, ish yuzasidan sheriklik
va b. haqidagi A. Har qanday aqli raso inson ijtimoiy mavqeidan va qaysi dinga
mansubligidan qat’i nazar A. tuzish huquqiga ega. Lekin, ko‘pchilik faqihlarning fikricha
o‘zaro qasam ichib kafolat beriladigan holatlarda musulmonlar bilan g‘ayridinlar o‘rtasida
A. mumkin emas. Boshqa bir faqihlar buni mumkin deb hisoblaydilar, lekin bunda A.
tuzish tartibi alohida bo‘lishi lozim. Balog‘at yoshiga yetmaganlar va aqli norasolar
cheklangan, ma’lum hollardagina A. huquqiga ega (mas., xayriya maqsadida hadya
qilish). A. tuzish vaqtida tomonlar uning shartlari va bu shartlar buzilgan holda
beriladigan kafolatlar haqida to‘liq xabardor qilinishlari lozim. A.ni rasmiylashtirish tartibi
mahalliy urf-odatlar va tayin sharoitlarga bog‘liq. Agarda qaysi bir shaxs xuddi A.
tuzilgandek harakat qilsa va unga e’tiroz bo‘lmasa (vasiylik berish, ijara va b.) A. o‘tgan
Islom Ensiklopediyasi
Do'stlaringiz bilan baham: |