www.ziyouz.com kutubxonasi
37
AUZA’IY, Abu Amr Abdurrahmon ibn Amr (707-774) - ilohiyotshunos, faqih, auza’iylik
mazhabi asoschisi. Baalbak sh.da tug‘ilgan, Makkada-Ato ibn Abi Rabaldan, Madinada -
Muhammad az-Zuhriydan, Basrada - Vosil as-Salamoniydan saboq olgan. Suriyaga
qaytib, Damashqda yashagan, davlat xizmatida bo‘lgan, so‘ngra Qur’on ilmlaridan dars
bergan. 750 y. Suriyani zabt etgan abbosiylar qo‘shini qo‘mondoni Abdulloh ibn Ali bilan
janjallashib qolgan A. uning ta’qib etishidan qochib Basraga, ustozi Vosil as-Salamoniy
huzuriga ketishga majbur bo‘lgan. Yangi sulola bilan yarashgach, A. Suriyaga qaytib,
Bayrutda joylashgan va umrining oxirigacha shu yerni tark etmagan. Uning qabri
hozirgacha ziyoratgoh hisoblanadi. A. Suriyaning imomi deb tan olingan, bu yerda uning
izdoshlaridan alohida mazhab shakllangan. Uning tarafdorlari fikricha, huquq (fiqh)
manbai faqat Qur’on va sunna bo‘lib, ulardagi ko‘rsatmalar hech qanday talqinsiz,
o‘zgarishsiz aynan qabul qilinishi lozim bo‘lgan. Bu mazhab 9-a.gacha Suriya va
Andalusiyada tarqalgandi. Suriyada uni shofi’iylik mazhabi, Andalusiyada esa -molikiylik
mazhabi siqib chiqargan. Lekin A.ning qarashlari tizimi izsiz yo‘qolmagan, zero uning
shogirdlari orasida Sufyon as-Savriy (777-778 y. v.e.) va Molik ibn Anas (795 y.v.e.) -
ikki mazhab asoschilari bo‘lgan. Molik ibn Anas orqali A.ning qarashlari ash-Shofi’iyga
ta’sir o‘tkazgan, u esa o‘z navbatida Ahmad ibn Hanbal qarashlarining shakllanishiga
ta’sir qilgan.
AFG’ONIY, Muhammad ibn Safdor Jamoliddin (1839-1897) - diniy-siyosiy arbob.
Kobulda diniy, Hindistonda dunyoviy bilim olgan. Hayotining ko‘p qismi muhojirlikda
kechgan. Islom dinini isloh qilish va musulmon olamini islom bayrog‘i ostida birlashishga
qilgan da’vatlari bilan tanilgan. 1871-79 ylarda Misr ijtimoiy-siyosiy hayotida faol
qatnashgan. Istibdodni tanqid qilib, konstitutsiyaviy tuzum o‘rnatish uchun kurashgan.
Islom dinining ma’naviy-axloqiy aqidalariga asoslangan ijtimoiy tenglik va adolat
g‘oyalarini targ‘ib qilgan. Isyon ko‘tarishga undagani uchun hibsga olinib, Misrdan
chiqarib yuborilgan. Politsiya nazoratida Kalkutta va Haydarobod (Hindiston)da
yashagan. 1883 y.dan Yevropa (London, Parij)da istiqomat qilgan. Abdu Muhammad
bilan birga gazeta nashr etgan. Ko‘p o‘tmay mustamlakachi davlatlarga nisbatan
kelishuvchilik mavqeini egallagani uchun u bilan aloqasini uzgan. Eron, Rossiya, Iroqda
bo‘lgan. Inqilobiy millatparvar doiralar bilan hamkorlik qilgan. 1892 y.da Turkiyaga
qaytgan va shu yer (Istanbul)da vafot etgan. 1944 y.da hoki Kobulga olib kelingan. Dafn
etilgan joyiga dahma qurilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |