Islom
Ensiklopediyasi
www.ziyouz.com kutubxonasi
78
- F -
FADAK - Shim. Hijozdagi dehqonchilik vohasi; Madinadan 2-3 kunlik yo‘lda, Xaybar
yaqinida joylashgan. Hozirda mavjud emas. F. aholisini
yahudiylar tashkil etib, ular
g‘alla va xurmo yetishtirish bilan shug‘ullanganlar. Islomning ilk davrida voha taslim
bo‘lish haqida musulmonlar bilan tuzilgan bitimga ko‘ra shuhrat qozongan. Bitimda
Muhammad (sav) F. yerlaridan olinadigan daromad haqidagi masalani yechib berganlar.
627 y. Muhammad (sav) F. aholisi Xaybarga harbiy yordam
berishini taklif etganidan
xabar topib, u yerga Ali (kv) boshchiligida kichik qo‘shin yuborganlar. Bu yurish oddiy
chopqun tusida bo‘lgan. Kelasi yili, musulmonlar Xaybarni
egallagach, F. yahudiylari
Muhammad (sav) elchilari Muxayyisha ibn Mas’ud al-Ansoriy bilan muzokara olib
borishgan, butun mol-mulklari evaziga vohani tashlab ketishga ruhsat so‘rashgan.
Lekin
Muhammad (sav) bilan tuzilgan sulh bitimiga ko‘ra, ular F.da qolishgan, vohadaga
yerlarining yarmi ularning xususiy mulki ekanligi e’tirof etilgan,
qolgan yarmidan
keladigan daromad Muhammad (sav) va u zotning xonadoniga topshiriladigan bo‘lgan.
Rasululloh (sav) bu daromadlarni jamoat ehtiyojlari uchun (etim-esirlar, sayyohlar,
kambag‘allar, jumladan hoshimiylar urug‘ining eng kambag‘al qatlamini ta’minlashga)
sarflashga buyruq berdilar, shu bilan birga zaruriyat tug‘ilsa ularni o‘zlariga,
oilalariga va
qarindosh-urug‘lariga sarflayajaklarini bildirdilar.
Muhammad (sav) vafotlaridan so‘ng qizlari Fotima F.dan (shu bilan birga Xaybar
vohasidan) olinadigan daromadga ega merosxo‘r sifatida chiqqan. Xalifa Abu Bakr (ra)
unga Rasululloh (sav)ning "Mening merosxo‘rlarim yo‘q va mendan keyin qoladigan
barcha narsalar zakot kabi xayrli maqsadlarga mo‘ljallangan jamoa mulki (sadaqa) bo‘lib
qoladi" degan hadislarini aytib e’tiroz bildirgan.
Garchi Fotima da’vosi rad etilgan bo‘lsa-da, F. maqomi haqidagi
janjal ikki yuz yildan
oshiq davom etgan. Shialar fikricha, F. yerlari Rasululloh (sav) xonadonining merosiy
xususiy mulkidir. Siyosiy vaziyatdan kelib chiqib Alaviylarning da’vosi goh e’tirof
qilingan, goh oliy hokimiyat tomonidan rad etilgan.
F. uchun uzoq davom etgan kurash
shundan dalolat beradiki, ilk islom davrida mulkning
ikki xil shakli - xususiy va jamoa mulklari o‘rtasida aniq farq bo‘lgan, mulkdorlar tegashli
huquq va majburiyatlarga ega edilar.
Do'stlaringiz bilan baham: