BISTOMIY, Boyazid Tayfur ibn Iso Bistomiy (? - 875) - fors tasavvuf oqimining
asoschilaridan biri. Tayfuriya so’fiylik tariqatining piri. Uning bobosi islomni qabul qilgan
zardushtiylardan bo‘lgan, butun umrini, asosan, Bistomda o‘tkazgan. Vafotidan keyin uni
"Sulton al-orifin" laqabi bilan atay boshladilar. B. ta’limotiga ko‘ra, inson zikr holatida
o‘zligini unutadi (g‘alaba) va xudo ishqidan mast bo‘lib (sukr) butun vujudini his-tuyg‘u
qamrab oladi, pirovardida u xudoga singib ketadi. Bunday holatni u fano (mavjudlikni
yo‘qotish) deb atadi va musulmon tarki dunyochiligining muhim ahamiyatli holati bo‘lgan
"sen mendirsan, men esa sendirman" iborasining ta’rifini berdi. Buning ma’nosi shuki,
go‘yo shaxs o‘zligini tark etib, ilohiylikka singib ketadi va uning sifatlarini qabul qiladi.
Bunday xulosa an’anaviy islom tarafdorlarining ashaddiy qarshiligiga uchradi va B.ni
"xulul" (xudolik da’vosini qilish)da aybladilar. B. tasavvufning ayrim tushunchalarini
ishlab chiqqan bo‘lsa ham, o‘zining bir butun ilohiy tizimdagi ta’limotini yaratmadi. U
nazariyada ilohiy (lohut) va insoniy (nosut) ruhni bir-biriga biriktirishga harakat qildi,
ya’ni ma’naviy va moddiy ibtidoni bir-biriga qo‘shishga intildi. B. o‘zidan asar
qoldirmagan. Uning ibratli gaplari, nasihatlarini mulozimlari yozib olishgan. Ayrim
tasavvuf kishilari B. obro‘yidan foydalanib o‘zlarining shariatga unchalik to‘g‘ri
kelmaydigan fikrlarini ham B. fikri deb ko‘rsatishga uringan. BOB (taxallusi; asl ismi
Sayid Ali Muhammad Sheroziy) (1819 - 1850) - bobiylik asoschisi, bobiylar qo‘zg‘oloni
rahbari. Sayid Ali Muhammad 1844 y.da o‘zini B. (arab tilidagi "eshik", "darvoza"
so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, "haqiqat va adolat yo‘liga olib boruvchi eshik" degan
ma’noda talqin qilingan) deb atadi. Mahdiyning xohish-irodasi, yo‘l-yo‘riqlari xalqqa
"men orqali boradi", deb e’lon qildi. U xaloskor -Mahdiyning kelishi yaqinlashganligi
g‘oyasini targ‘ib qildi. B. "Bayon" kitobida o‘zini Muhammad (sav) o‘rniga kelgan
payg‘ambar, o‘z kitobini esa, Qur’on va shariat asosining o‘rnini olishi kerak, deb e’lon
qilgan. B. 1847 y.da qamoqqa olindi, u yerda "Bayon" (arabcha - tushuntirish, yoritib
berish, ta’riflash) asarini yozdi. "Bayon"da bobiylar harakatining asoslari yoritilgan. B.
bobiylar qo‘zg‘oloni vaqtida Eron shohi farmoni bilan qatl etilgan.
Islom Ensiklopediyasi
Do'stlaringiz bilan baham: |