BISMILLOH, Bismillohir Rahmonir Rahim (arab. - "Mehribon va rahmli Alloh nomi
bilan") - islomda ko‘p tilga olinadigan, har bir niyat, ibodat va amaliy harakat oldidan
aytiladigan oyat. B. Qur’onda 114 suradan 113 tasining boshlanishida ishlatilgan (faqat
9-surada yo‘q). Bu oyat xudo bandalariga rahmli (rahim), mehribon (rahmon),
musulmonning har bir harakati Alloh nomi bilan boshlanishi lozimligini bildiradi.
Payg‘ambar (sav) o‘z hadislaridan birida: "E’tiborli har bir ish "Bismilloh" bilan
boshlanmas ekan, uning oxiri kesikdir" deganlar. Ya’ni uning barakasi bo‘lmaydi, oxiriga
yetmaydi, deganidir. Qur’on tilovatida B. oldidan "A’uzu billohi minashshaytonir rajim"
("Shaytonning yomonligidan Allohdan panoh tilayman") ham qo‘shib aytiladi. Buni har
qanday ish va xatti-harakat oldidan shaytonni haydash va uning vasvasasidan xoli
bo‘lish mazmunida ham talqin etadilar. B. maktublar, rasmiy hujjatlar, diniy asarlar
boshida ham yoziladi. Diniy manbalarda "basmala" nomi bilan ham yuritiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |