94
Eski o‘zbek adabiy tilida esa singarmonizm qonuni ancha izchil va ayrim hollarda
to‘lig‘icha amal qilgan.
O‘zbek adabiy tilida ham ba’zan bir bo‘g‘inli so‘zlarning struktur elementlari –
unli va undosh tovushlar o‘rtasida tovush qatorlari bo‘yicha o‘zaro xoslanish hollari
ko‘zga tashlanadi. Xususan, GS, SGS strukturali so‘zlarda tovushlar palatal
garmoniyaga muvofiq birikadi:
qil, xil, g‘ish, bil, siz, jil va boshqalar. Ba’zan old va
orqa qator variantlari ma’no farqlash funktsiyasini ham bajarishi mumkin. Masalan,
tiq-tik.
N.S.Trubetskoy ham turkiy tillardagi unlilar garmoniyasini e’tiborga olgan
holda, yuqoridagi sakkizta fonologik qimmatga ega bo‘lgan unlilar sistemasi
mavjudligini va ular faqat birinchi bo‘g‘in uchungina xos ekanligini, keyingi
bo‘g‘inlar unlisining tembr belgisi o‘zidan oldingi bo‘g‘in unlilar ostida ularga
muvofiqlashuvini, demakki, tebr oppozitsiyasi neytrallashuvini ta’kidlaydi.
O‘zbek tili uchun singarmonizm o‘tkinchi hodisa bo‘lganligi uchun, bu tilda
anglash (pertseptiv) va ajratish (delimitativ) funksiyani leksik urg‘u bajaradi.
Singarmonizm elementlari esa qadimda amalda bo‘lgan hodisaning qoldig‘i sifatida
namoyon bo‘ladi. O‘zbek tilida ayrim affiksal morfemalarning bir necha palatal va
akustik allomorflari mavjud. Bu allomorflar o‘zak morfemaning fonetik xususiyatiga
mos holda qo‘llaniladi. Demak, bu hodisa morfonologiyaning o‘rganish ob’ektidir.
Masalan, jo‘nalish kelishigining
–ga, -ka, -qa, -g‘a, -a variantlari mavjud. Ularning
har qaysisining qo‘llaniladigan shart-sharoitlari mavjud. Shuningdek, chiqish
kelishigi akustik variantga:
-dan, -tan. Ammo bunday xususiyat barcha affikslar
uchun xos emas. Xususan, jo‘nalish kelishigidan boshqa kelishik formalari palatal
allomorflarga ega emas. Egalik, ko‘plik affikslari ham old va orqa qator variantlariga
ega emas.
Bir qator yasovchi affikslarda ham palatal variantlilik kuzatilishi mumkin.
Masalan,
kichik, qiliq, tepki, suzgich, elak kabi. Ayrim ikki bo‘g‘inli so‘zlar tarkibida
labial garmoniyaning ham qoldig‘i uchraydi:
ulug‘, buyuk, ulush, kunduz, uchqun,
turg‘un, yugur va boshqalar. Biroq singarmonizmning bu ikki ko‘rinishi ham hozirgi
o‘zbek tili uchun qadimgi qonuniyatning izidir.
Bilib oling! O‘zbek tilining ayrim shevalarida, xususan Namangan shevasida
singarmonizmning boshqa ko‘rinishi – affikslarning o‘zak fonetik xususiyatiga
moslashish emas, balki o‘zak unlilarining affiks unlilari xarakteriga moslashishi
kuzatiladi. Bunday moslik
umlaut hisoblanadi. Umlaut uyg‘ur tili va hozirgi o‘zbek
tilining namangan va paxtaobob shevasiga xosdir. Umlautning uch ko‘rinishi –
palatal, labial va lingvial turlari mavjud. Birinchi turda birinchi bo‘g‘inning orqa
qator keng unilisi keyingi bo‘g‘inning tor lablanmagan unlisi ta’siriga berilib, old
qator unliga aylanadi. Masalan, namangan shevasida
toshi-teshi. Ikkinchi turda
birinchi bo‘g‘inning keng lablanmagan unlisi keyingi bo‘g‘inning lablanmagan
unlilari ta’sirida lablashadi. Masalan, paxtaobod shevasida
temir-to‘mir. Uchinchi
turda og‘izning ochilish darajasi o‘zgaradi. Keyingi bo‘g‘inning tor i unlisi ta’sirida
birinchi bo‘g‘inning old qator keng unlisi o‘rta keng unliga aylanadi. Masalan, uyg‘ur
tilida
kesish-kasish.
Do'stlaringiz bilan baham: