www.ziyouz.com kutubxonasi
2
1-bob
Ilm talab qilish haqida
Faqih Abu Lays Samarqandiy (rahimahulloh) aytadilar: Bilgilki, har bir muslim va
muslimaga din ishlarida muhtoj bo'ladigan tahorat, namoz va shariatning boshqa
hukmlari hamda hayotiy ishlarida zarur bo'lgan narsalarni biladigan miqdorda ilm
o'rganish farzdir. Bundan oshiqchasi farzi ayn (har bir kishi o'rganishi shart) emas, balki
fazilatdir, uni tark qilsa ham, ziyoni yo'q. Xullas, kishi o'zi muhtoj bo'ladigan
narsalarning ilmini tahsil qilishi farz. Chunki Alloh taolo:
"Agar bilmaydigan bo'lsanglar, ahli ilmlardan so'ranglar" (Nahl, 43), deydi. Yana boshqa
oyatda:
"Ular yana: "Agar tinglab, aql yurgizuvchi bo'lganimizda, do'zax egalari qatorida bo'lmas
edik", derlar" (Mulk, 10), deb aytgan. Alloh taolo ularning bilmaganliklari sababli do'zax
ahlidan bo'lganini xabar qildi.
Makhul Ali ibn Abu Tolibdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilishicha, Nabiy (alayhissolatu
vassalom): "Ilm talab qilish har bir muslim va muslimaga farz", deganlar. Boshqa bir
hadisda: "Ilmni, garchi Chinda bo'lsa ham, talab qilinglar", deyiladi.
Abdulloh ibn Mas'ud (roriyallohu anhu) aytadilar: "Ilm yo'qolishidan oldin uni mahkam
tutinglar, ilmning yo'qolishi ilm sohiblarini ketishidir. Ilmni mahkam tutinglar, chunki
hech kim qachon unga muhtoj bo'lishini bilmaydi", dedilar. So'ng odamlar keragidan
ziyoda ilm olish haqida gaplashishdi. Ba'zilar: "Agar kishi o'zi muhtoj bo'ladigan
miqdorda ilm olsa, unga amal qilish bilan mashg'ul bo'lishi va ilm olishni tark qilishi
lozim", dedi. Boshqalar esa: "Kishining ortiqcha ilm bilan mashg'ul bo'lishi uning farz
amallariga nuqson kirmasa afzaldir", deyishdi. Shu so'z to'g'ri so'z. Avvalgi toifaning
hujjati Ja'far ibn Burhon Maymun ibn Mihrondan, u esa Abu Dardodan qilgan rivoyatdir.
U zot aytganlarki: "Bilmaydigan kishiga bir marta vayl bo'lsin, bilib turib amal
qilmaganga yetti marta vayl bo'lsin".
Fuzayl ibn Iyoz aytadilar: "Kim bilgan narsasiga amal qilsa, Alloh unga bilmaydigan
narsalarini ham o'rgatib qo'yadi, chunki amal o'zi uchun, ilmining ortiqchasini talab qilish
boshqalar uchundir, nafsining ishlari bilan mashg'ul bo'lish muhimroqdir, chunki bu
uning bo'ynidagi vazifadir".
Alloh taolo bu haqda boshqa bir oyatda shunday deydi:
"Ayting: "Biladigan zotlar bilan bilmaydigan kimsalar barobar bo'lurmi?!" (Zumar, 9).
Mufassirlar bu oyatni "ulamolarning fuqaholari bo'lingiz", deb tafsir qilishadi. Subon
Payg'ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qiladi: "Ilmning fazli amaldan
yaxshiroqdir. Sizlarning diningizning egasi taqvodir".
Hasan Basriy (rahimahulloh): "Bir kishi ilm o'rganib, so'ng uni boshqalarga o'rgatishi
ham amal hisoblanadi", deb aytganlar.
Abdulloh ibn Abbosning (roziyallohu anhu): "Kechasi bir soat ilm o'qish kechasi ibodat
qilib chiqishdan ko'ra Allohga suyukliroq", deganlari rivoyat qilingan.
Bo’stonul orifiyn. Abu Lays Samarqandiy
Do'stlaringiz bilan baham: |