2-bob Ilmni yozib borish haqida Faqih Abu Lays (rahmatullohu alayh) aytadilar: Ba'zi insonlar ilmni kitobat qilishni
makruh sanashadi. Ammo ilm ahlining ko'pchiligi muboh deyishgan. Makruh degan
kishilarning hujjati Hasan Basriy rivoyat qilgan ushbu hadisdir: "Umar ibn Xattob
(roziyallohu taolo anhu): "Ey Rasululloh, yahudiy va nasorolar ba'zi rivoyatlari aytishadi.
Ularning ayrimlarini yozib olaylikmi?" deb so'radilar. Shunda Rasululloh u zotga
qaradilar, yuzlarida g'azab bilinib turardi, so'ng: "Yahudiy va nasroniylar boshi berk
ko'chaga kirib qolganidek, sizlar ham qiyin ahvolga tushmoqchimisizlar? Men sizlarga
oppoq pok yo'lni keltirdim. Agar Muso tirik bo'lganida, albatta, menga ergashgan
bo'lardi", dedilar.
Ato ibn Yasor Abu Said Xudriydan rivoyat qiladi: U kishi Nabiydan (sollallohu alayhi
vasallam) ilmni yozish haqida izn so'raganlarida, Rasululloh izn bermaganlar.
Ibn Muslim aytadi: "Ibn Abbos yozishdan qaytarib: "Sizlardan oldingi qavmlar kitobat
sababli adashdilar", deb aytardilar.