Masalan, ilm-fanga, hunar o’rganishga intilish, kattalarga hurmat singari ko’plab an’analar ma’naviyat rivojiga xizmat
qiladi. Ayni paytda, ortiqcha isrofgarchiliklar, dabdaba bilan o’tkaziladigan marosimlar millat ma’naviyatiga putur
etkazish bilan birga iqtisodga ham salbiy ta’sir ko’rsatadi.
Bir paytlar xalqning iqtisodiy va ma’naviy darajasiga mos bo’lgan marosimlarning ba’zilari vaqt o’tishi,
iqtisodiy va ma’naviy taraqqiyot tufayli shu xalq rivojiga to’siq bo’lib qolishi mumkin.
Ma’naviyat tarkibidagi muhim hodisalardan biri e’tiqoddir. E’tiqod muayyan g’oyaga, ta’limotga bo’lgan qat’iy
ishonchni anglatadi. Demak, e’tiqod bo’lishi uchun avvalo, o’sha g’oya, ta’limotning o’zi bo’lishi lozim. G’oya va
ta’limotlarda odamlarning, ijtimoiy guruhlarning manfaatlari aks etadi. Lekin g’oya va ta’limotlarning vujudga kelishi
uchun manfaatlarning mavjudligi kifoya emas.
Milliy yoki ijtimoiy g’oya vujudga kelishi uchun odamlar o’sha mavjud manfaatlarni anglashlari ham kerak.
Manfaatlarni anglash darajasi ham turlicha bo’lishi mumkin. Odamlar va ijtimoiy guruhlar o’z manfaatlarini chuqur
anglab etgach, bu manfaatlarni ro’yobga chiqarish yo’llari to’g’risida ham puxta tasavvur hosil qilganlaridan keyingina,
milliy yoki ijtimoiy g’oyani yaratish imkoni tug’iladi.
Ijtimoiy guruhlar mavjud manfaatlarni to’la anglamagan va ularni ro’yobga chiqarish yo’llari to’g’risida etarli
bilimga ega bo’lmagan sharoitda ijtimoiy g’oya yaratilsa, u ko’pchilikning ongiga chuqur kirib bormaydi. Manfaatlarni
anglash, ularni ro’yobga chiqarish yo’llari va usullari haqida etarli bilimlar asosida vujudga kelgan ijtimoiy g’oya shu
ijtimoiy guruhning har bir a’zosi ongiga qanchalik chuqur singib borsa, shunchalik mustahkam e’tiqod paydo bo’ladi.
E’tiqodga tayanmagan va e’tiqodga aylanmagan g’oya quruq safsata bo’lib qoladi.
E’tiqod alohida bir fikr yoki xulosaga nisbatan emas, balki odatda, fikrlar va xulosalar tizimi negizida paydo
bo’lgan g’oya yoki ta’limotga nisbatan shakllanadi. Siyosiy, diniy, axloqiy e’tiqodlar xuddi shu yo’sinda maydonga
keladi. E’tiqod ma’naviyat ustunlaridan biridir. E’tiqodsiz ma’naviyat yuksaklikka ko’tarila olmaydi. Uni yuksaklikka
qat’iy ishonch, mustahkam e’tiqodgina eltishi mumkin.
E’tiqod muayyan g’oya va mafkuraga oddiy, jo’n ishonish emas, balki u qat’iy, kuchli ishonch natijasida
shakllanadi. Kuchli ishonch kuchli his-tuyg’ular ta’sirida voyaga etadi. Insondagi eng kuchli va yuksak tuyg’ulardan
biri esa muhabbatdir. Elga, diyorga, xalqqa muhabbat shuning uchun ham e’tiqod tarkibidagi eng muhim qismlardan
hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: