anjuman, deputat, kengash, hukumat rahbarlari, davlat kabi ijtimoiy-siyosiy
so„zlar ko„p qo„llaniladi.Gap bo„laklari, ko„pincha, odatdagi tartibda bo„ladi, gap
kesimlari buyruq va xabar maylidagi fe‟llar bilan ifodalanadi.
So„zlashuv uslubi uchun hos bo„lgan eng asosiy xususiyat bu uslubda adabiy
til me‟yorlariga rioya qilinishi va nutqning dialogik xarakterda ekanligidir. Bu
uslub uchun xos bo„lgan xususiyatlar quyidagilar:
1) uslubiy bo„yoqdor so„zlardan foydalaniladi: do„ndiq, vaysamoq, bashara
kabi;
2) nutq jarayonida tovushlarning tushib qolishi, orttirilishi kuzatiladi:
matbachi ( matbaachi) mazza (maza), haqqi (haqi) kabi;
3) izohlovchilardan ko„proq foydalaniladi: Salima opa, Toshpo„lat do„xtir
kabi;
4) iboralar, maqol, matal, hikmatli so„zlar ko„p uchraydi: jonim chiqdi, boshi
ochiq,... kabi;
5) so„zlar tarkibidagi unli, undoshlarni cho„zish: ka-a-atta, huv-v-v kabi;
6) gap bo„laklarining tartibi erkin bo„ladi, to„liqsiz gaplardan, undalmali
gaplardan foydalaniladi.
Nasriy, nazmiy va sahna uchun mo„ljallangan dramatik asarlar badiiy
uslubda bo„ladi. Badiiy asarlar kishiga ma‟lumot berishi bilan birga obrazlar
vositasida estetik ta‟sir ham ko„rsatadi. Badiiy uslub aralash uslub hisoblanadi,
chunki bu uslubda yozuvchi tilda mavjud bo„lgan vositalarning hammasidan
foydalana oladi. Hatto tasvirlanatgan davrning ruhini yoki nutq momentida asar
qahramonining holatini tasvirlash uchun eskirgan so„zlar, vulgarizmlar, shevaga
xos so„zlardan ham foydalanishi mumkin.
Barcha nutq uslublari o„zaro aloqador bo„lib, bir uslubda boshqa nutq
uslublarining ko„rsatkichlari ham uchraydi. Ayni zamonda har bir uslub o„ziga xos
fonetik, leksik, morfologik va sintaktik vositalarga ega.
So„zlashuv uslubida hamda badiiy uslubda fonetik vositalardan ko„proq
foydalaniladi. Fonetik vositalar deganda ba‟zi nutq tovushlari, urg„u, ohang va
ularning nutqiy ta‟sirchanligi tushuniladi.
So„zdagi unlilarning cho„zib talaffuz qilinishi ajablanish, ta‟kid,
kuchaytirish, hayajon,olqish, erkalash, yalinish kabi konnotativ ma‟nolarni
ifodalaydi. Chunonchi, Qorako„z opaaa, sizga xaaat! Katta konvertda xaaat!!!
(N.Qobul) Undoshlarni ikkilantirish kuchli hayajonni, qo„rquv yoki nutqiy
kamchilikni ifodalashga xizmat qiladi. Masalan, Bbbo„la qoling, ssovqotib ketdim-
ku! (M.Ismoiliy)
Leksik uslubiyat deganda denotativ va konnotativ ma‟noli so„zlardan,
ko„chma ma‟noli so„zlardan, so„zlarning shakl va ma‟no munosabatiga ko„ra
turlari (omonim, sinonim, antonim, paronim, giponim, partonim...)dan,
chegaralangan qatlamdagi so„zlar (eskirgan so„zlar, jargon, argo, dialektizmlar,
vulgarizmlar...)dan, evfemizmlardan, iboralardan nutq sharoitiga mos ravishda
to„g„ri foydalana olish usullari tushuniladi.
Funktsional – uslubiy bo„yoqqa ham, hissiy-ta‟sirchan bo„yoqqa ham ega
bo„lgan grammatik shakllarning barchasi morfologik uslubiyatning o„rganish
obyektini tashkil etadi.
Sintaksisning ham o„ziga xos uslubiy imkoniyatlari mavjud. Nutq
uslublariga xos turli sintaktik vositalar, so„z birikmalari va gaplardagi sinonimiya,
polisemiya, omonimiya hodisasi, so„z tartibi, ifoda maqsadiga va tuzilishiga ko„ra
gap turlarining nutqda ishlatilishi, ko„chirma va o„zlashtirma gaplarning uslubiy
xususiyatlari va boshqalar sintaktik uslubiyatning asosini tashkil etadi. Sintaktik
konstruksiyalarning uslubiy bo„yog„i shu konstruksiyalarda ifodalangan so„zlar,
shaxs-son, kelishik, modallik va so„z tartibi kabi grammatik ma‟nolar bilan
bevosita bog„lanadi. Chunki tovushlar va qo„shimchalar, lug„atning hamma
qatlami faqat jumlada ma‟lum bir mazmun ifodalaydi. Har bir so„z va grammatik
shaklning mazmuni hamda ijtimoiy qimmati gap ichida ravshanlashadi.
Chunonchi,
Navdalarni bezab g„unchalar,
Tongda aytdi hayot otini
Va shabboda qurg„ur ilk sahar,
Olib ketdi gulning totini... (H.Olimjon.)
Ushbu she‟riy misralardagi hamma so„zlar badiiylikka, go„zallikka, zavq-
shavqqa xizmat qilgan. Deyarli barcha so„zlar ma‟no jihatidan ko„chgan. Ayniqsa,
salbiy bo„yoqli qurg„ur so„ziga ijobiy tus berilgan.
Dunyo tillarining deyarli barchasida so„zlashuv, badiiy, rasmiy-idoraviy,
publitsistik, ilmiy uslub mavjud bo„lib, ular ijtimoiy hayotda, o„zaro
munosabatlarda, nutqning og„zaki va yozma ko„rinishlarida til imkoniyatlaridan
me‟yoriy foydalanishni ta‟minlaydi.
Biroq til imkoniyatlari har bir tilda o„sha tilning tabiati, qonun-qoidalariga
bo„ysungan holda turlicha bo„lib, ular o„ziga xos uslubiy vazifalarni bajaradi. Har
bir tilning o„ziga xos bo„lgan fonetik, leksik, morfologik, sintaktik vositalarini
bilish, ularning har qaysisidan o„z o„rnida ustalik bilan foydalana olish muhimdir.
Ma‟lum bir nutq uslubiga mansub bo„lgan jihatlarni boshqa uslubda asossiz
(noto„g„ri) qo„llash nutqiy g„alizlikni keltirib chiqaradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |