www.ziyouz.com kutubxonasi
89
xursand bo‘lgani uchun zahmatni ham sezmaydi.
Yana bir ayyor, fojir kishining kaltaklanishga va yaradorlikka yo‘liqqaniga, qamchilarga
va dorga osilishga ketayotganiga sabr qilish bilan faxrlanayotganini ko‘ramiz. U mana
shunday azoblar bilan ham o‘zidan va azoblarga sabr qilishdagi matonatidan faxrlanib
xursand bo‘ladi. Hatto shuni o‘z nafsi uchun obro‘ deb biladi. Qo‘lga olganlar uni
boshqalardan olgan narsasiga iqror qilish uchun a’zolarini mayda-mayda qilib kesib
chiqishadi. U esa tan olmaslikni yetuklik, shijoat va mardlik deb e’tiqod qilgani uchun
qilmishlarini inkor qilib turaveradi. Shunchalik azoblarga yo‘liqsa-da, uning holati
ko‘zining quvonchi va faxr sababiga aylanadi.
Xunasa kishining qoshini terib, yuzini bo‘yab, ayollar bilan birga yurib, o‘zini xotinlarga
o‘xshatishdagi holatidan ko‘ra pastkashroq va xunukroq holat yo‘q. Bunday holatidan,
xunasalikda mukammalligidan quvonib, hatto boshqa xunasalar ichida ana shu ishlari
bilan faxrlanayotganini ko‘rasiz. Bunday faxrlanish, bir-biriga maqtanishlar podshoh va
ulamolar o‘rtasida bo‘lganidek, sartarosh va farroshlar o‘rtasida ham bo‘ladi. Bularning
barchasi odatlanish, shu ishlarda uzoq vaqt bir xil tarzda ishtirok etish natijasidir.
Demak, agar nafs odatlanish bilan botil narsadan lazzatlanib, unga va boshqa
yomonliklarga moyil bo‘lar ekan, u uzoq vaqt Haqqa qaytib, Uni qattiq lozim tutsa,
qanday qilib Haqdan lazzatlanmasin. Nafsning qabih ishlarga moyil bo‘lishi inson
tabiatidan tashqaridagi narsadir, u go‘yo insonning loy yeyishiga o‘xshaydi. Goho mana
shu narsa ham ba’zi insonlarga odat bo‘lib qoladi. Ammo insonning hikmatga, Alloh
taoloning muhabbatiga, ma’rifatiga va ibodatiga moyil bo‘lishi esa go‘yo uning taom va
ichimlikka moyil bo‘lishiga o‘xshaydi. Darhaqiqat, ibodat va ma’rifatlar qalb tabiatining
taqozo qilgan narsasidir. Chunki u robboniy buyruqdir.
Uning shahvat taqozo qilgan narsalarga moyilligi qalb tabiatidan o‘zga bir narsa sifatida
tabiatiga ziddir. Albatta qalbning ozuqasi hikmat, ma’rifat hamda Alloh azza va jallaning
muhabbatidir. Lekin u o‘ziga tushgan bir kasallik tufayli tabiati taqozo qilgan narsalardan
burilib ketadi, go‘yo bu ba’zida oshqozonga bir kasallik tushgani tufayli u yeyish-ichishni
xohlamay qolganiga o‘xshaydi, vaholanki yeyish-ichish uning hayoti uchun sabab edi.
Alloh taolodan boshqa biror narsaning muhabbatiga moyil har bir qalb ana shu moyilligi
miqdoricha kasal bo‘lishdan xoli emas. Faqatgina o‘sha narsa unga Alloh va Uning dinini
yaxshi ko‘rishga yordam beruvchi bo‘lgani uchun uni yaxshi ko‘rsa, bu qalbning
kasalligiga dalolat qilmaydi.
Shunday qilib, chiroyli xulqlarni riyozat bilan egallash mumkin ekanligini qat’iy bildingiz.
Riyozat - bu husni xulqdan dastlabki sodir ishlar keyinchalik o‘z tabiatiga aylanib qolishi
uchun uning mashaqqatini o‘z ustiga olmoqdir. Bu qalb bilan a’zolar, ya’ni nafs va badan
o‘rtasidagi aloqaning g‘aroyibidir. Chunki qalbda zohir bo‘lgan har bir sifatning asari
a’zolarda ko‘rinadi va a’zolar hech bir ilojsiz shu sifatlarga ko‘ra harakatlanadi.
A’zolarda joriy bo‘ladigan har bir ishning ta’siri qalbga yetib boradi. Ish ikkalasi o‘rtasida
aylanadi. Buni bir misol bilan bilsa bo‘ladi. Ya’ni, qaysi bir kishi yozishda mohir bo‘lishni
xohlasa, tabiatan kotibga aylanguncha unda ruhiy holat bo‘ladi. Uning uchun mohir kotib
shug‘ullangan narsa bilan mashg‘ul bo‘lish va uzoq vaqt chiroyli yozuvga o‘xshatish
uchun harakat qilishdan boshqa yo‘l yo‘q, chunki kotibning ishi chiroyli yozishdir.
Majburan o‘zini kotibga o‘xshatadi, so‘ng shu kotiblik sifati uning nafsida mustahkam bir
sifatga aylanguncha harakatda davom etadi. Natijada chiroyli yozish avvalda majburan
Ihyou ulumid-din (Qalb kitobi). Abu Homid G’azzoliy
Do'stlaringiz bilan baham: |